Ta’lim va ilm-fan rivoji — taraqqiyotning muhim omilidir!

Date:

So‘nggi yillarda dunyo ilm-fani shiddat bilan rivojlandi. Ayniqsa, insoniyat yuqori texnologiyalar sohasida olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bugun har bir davlatning rivojlanish darajasi ishlab chiqarish, sanoat, ijtimoiy-iqtisodiy sohadan tortib, mamlakat mudofa sektorigacha ta’lim, ilm-fan yutuqlari hamda yuqori texnologiyalarning qay darajada tatbiq etilganiga bog‘liq. Bu rivojlangan davlatlarning YAIMida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Albatta, bu jarayonda sohaga ajratilayotgan sarmoya va xodimlarning salohiyati asosiy va muhim ahamiyatga ega.
Keyingi yillarda yurtimizda ham Davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan ulkan chora-tadbirlar amalga oshirildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, ta’lim sohasi qamrovi kengaydi. Xususiy bog‘cha, maktab va oliy ta’limga katta e’tibor qaratilib, xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallari ochildi. Bu, o‘z navbatida, tizimda raqobat muhitini yaratdi. Raqobat esa sifat sari yo‘l demakdir.
Ta’kidlash joizki, bugungi globallashuv va mafkuraviy kurash sharoitida pedagog xodimlardan ham katta mas’uliyat va bilim talab etiladi.
Sohaga oid raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan 7 yilda ta’lim sohasini rivojlantirishga jami 216 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan, moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun budjetdan 19,5 trillion so‘m sarflanib, 6 mingta davlat maktabi, 3,5 mingta bog‘cha rekonstruksiya qilingan va yangidan qurilgan. Xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetgan, nodavlat bog‘chalar 250 tadan 30 mingtaga ko‘paygan.
Chunonchi, ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish borasida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi. Bunda birinchi bosqichda, Abdulla Avloniy nomidagi institut pedagoglarda kasb mahoratini oshirishga mas’ul bo‘lishi, institutning 12 ta hududiy markazini zamonaviy qiyofaga keltirish va jihozlash uchun yaqin 3 yilda budjetdan har yili 50 milliard so‘m ajratilishi, malaka oshirishda vazirlik — malaka oshirish markazi — maktab va bog‘chani bog‘laydigan vertikal tizim yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bog‘cha tanlab olinib, yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etilishi va buning uchun yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qo‘shilishi belgilangan. E’tiborlisi, belgilangan vazifalar orasida ta’lim sifati va zamonoviy texnologiyalarga ham ustuvorlik berilgan.
Xususan, to‘rtinchi yo‘nalishda ta’limda sifat va raqobatni ta’minlash uchun raqamlashtirish darajasi oshirilishi ko‘rsatilgan. Qayd etilishicha, o‘tgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinf xonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlangan. Kelgusi yil yana 2 mingta kompyuter sinflari yangilanishi belgilangan. Shu bilan birga, singapurlik 16 nafar ekspert matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchilarining kasb mahoratini oshirishi, pedagoglar sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida bilimlarini bir yil davomida muntazam sinovdan o‘tkazishi qayd etilgan. Shuningdek, hujjatda teatr va kino san’atidan foydalanish, yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, kitobxonlikni yanada kengaytirish ham belgilangan.
Yuqorida asosan Maktab va maktabgacha ta’lim sohasiga oid belgilangan vazifalar oliy ta’lim tizimiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Sababi, sohaga oid belgilangan maqsad va vazifalarning qay darajada bajarilishi oliy ta’lim tizimidan chiqayotgan kadrlar salohiyatiga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda aytish kerakki, bu borada biz faoliyat yuritayotgan Termiz davlat pedagogika instituti ham qator rejalar asosida harakat qilmoqda. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Termiz davlat pedagogika institute bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan 2-4 kurs talabalari uchun o‘quv jarayoni (amaliyotlari) 4+2 ta’lim tamoyili asosida tashkil etilib kelinmoqda. Shunga ko‘ra, talabalar amaliyotlarini 4+2 tartibida, ya’ni 4 kunni oliy ta’lim muassasasida, 2 kunni viloyat maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida olib bormoqdalar. Jarayonda asosiy e’tibor olingan nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlashga qaratilmoqda. Talabalar amaliyot davomida faoliyatidagi kamchiliklarni aniqlaydi va bo‘shliqlarni to‘ldirishga harakat qilishadi. Bunda ularga tajribali professor-o‘qituvchilar asosiy ko‘makchi bo‘ladi.
Surxondaryo viloyatida ta’lim sifati past bo‘lgan umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish reyting ko‘rsatkichi mezonlarini yuqori pog‘onaga ko‘tarish maqsadida oliy ta’lim mussasalarining ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilaridan mobil metodik guruhlar shakllantirilib, bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyatimizda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari Oltinsoy tumanidagi ta’lim sifati past bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablar bilan amaliy hamkorlik o‘rnatgan. Biz faoliyat olib borayotgan Termiz davlat pedagogika institutiga ham Oltinsoy tumanidagi 15 ta umumiy-o‘rta ta’lim maktablari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mana shu hamkorlik asosida bugungacha quyidagi amaliy ishlar amalga oshirildi.
Hozirgi kun talablariga javob beradigan va oliy ta’lim dasturlariga moslashtirilgan 17 ta fandan o‘quv dasturlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga joriy qilindi. O‘quvchilarning bilim darajasini rivojlantirish, oliy ta’limga kirish holatini oshirish maqsadida umumta’lim maktabdagi 17 ta fandan har oyda 2 ta oflayn va 2 ta onlayn tarzda institutning malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan dars mashg‘ulotlari, o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish maqsadida 4 ta seminar-trening, o‘quvchilarning bilim olish jarayonini samarali tashkil etish maqsadida 128 ta fan to‘garaklari tashkil etildi hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda kutubxonani zamonaviy o‘quv hamda badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida 200 dan ortiq kitoblar taqdim etildi.
Umuman olganda, mamlakatimizdagi ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlar ertangi kun uchun, yoshlar uchun, ularning kelajagi uchun qilinmoqda. Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan harakatlari ertaga, albatta, o‘z natijalarini ko‘rsatishiga ishonamiz.

Azizbek Xasanov,
Termiz davlat pedagogika instituti rektori, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati,
Akmal Avliyoqulov,
O‘zMTDP viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Mehnat Rohat” yangi loyihani amalga oshiradi

Surxondaryo viloyati hokim Ulug‘bek Qosimovning Muzrabot tumaniga tashrifi davomida...

Yo‘l bo‘ylari obodonlashtirilmoqda

Surxondaryo viloyati hkimi Ulug‘bek Qosimov Muzrabot tumanida bo‘lib, hududlarning...

Loyihalari tanqidiy o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligidagi ishchi guruh Jarqo‘rg‘on...

Navroʻz — “Yangi Oʻzbekiston”dan boshlanadi

Prezidentning 2026-yil 6-martdagi qaroriga muvofiq, 2026-yilgi Navroʻz bayramini munosib...
KunTun
KunTun