Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab, poytaxtga yoki tibbiyot rivojlangan davlatlarga borishimizga to‘g‘ri keladi. Xolbuki, yurtimizda ham tibbiyot sohasi anchayin rivoj topib, mutaxassislarning bilim va malakasi oshirilayotgani ortiqcha sarsongarchiliklarning oldini olayotir. Bugun chekka-chekka hududlarda ham xuddi shahardagi, poytaxtdagi kabi shart-sharoit yaratilgan, malakali mutaxassislar, qo‘li yengil jarrohlar xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lib kelmoqda. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq Denov tumanida bo‘lib-da, buunga shaxsan o‘zi guvoh bo‘ldi.
Tumandagi “Yevro Med” xususiy klinikasi faoliyati bilan tanishdi. Klinikaga Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan, qiymati 1 million dollarlik murakkab yurak jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyatini beruvchi tibbiy asbob-uskuna va jihozlar keltirilgan. Bemorlarga murakkab tibbiy xizmatlar ko‘rsatish uchun viloyatimizda shunday sharoitlar yaratilayotgani fuqarolarimizning xorijiy davlatlarga sarson bo‘lishining oldini olishi qayd etildi.
Viloyat rahbari klinika yonida joylashgan 10-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi mavjud sharoitlar hamda oshxonada bolalar uchun ovqatlar tayyorlash jarayonlarini ham ko‘zdan kechirdi. Bog‘cha faoliyatida kamchiliklar mavjudligi, hudud obodonlashtirilmaganligi tanqid qilinib, mutasaddilarga kamchiliklarni bartaraf etish topshirig‘i berildi.
Keyingi manzillarda “Ibrohim Behruz” MChJning 600 ming dollarlik temir va qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda “Denov Baron” MChJning mebel mahsulotlari tayyorlash korxonalari faoliyati bilan tanishildi. Viloyat rahbari ikkala loyiha bilan tanishuv davomida tadbirkorlar bilan suhbatlashib, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalarini berdi hamda barcha zarur ko‘maklar ko‘rsatilishini ta’kidladi. Shuningdek, Qizilsuv daryosi bo‘yida tashkil etilayotgan Yoshlar va turizm saylgohi qurilishi bilan ham tanishildi.
Tashrif yakunida Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti majlislar zalida hudud tadbirkorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolar, ularning tashabbus va takliflari tinglandi. Tadbirkorlarning faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarini hal etish, loyihalarini amalga oshirishga, xususan, kredit, bino va yer maydonlarini olishda ko‘mak berish bo‘yicha mutasaddilarga vazifalar belgilab berildi.
Date: