Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berayotgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi iqtisodiy o‘sish, aholi farovonligini oshirish va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish bilan birga, ekologik barqarorlikni ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratadi. Chunki bugungi kunda ekologiya masalasi nafaqat tabiatni asrash, balki millat salomatligi, oziq-ovqat xavfsizligi va kelajak avlodlar taqdiri bilan chambarchas bog‘liq global masalaga aylangan.
Ekologiya — sog‘lom jamiyat, barqaror iqtisodiyot va uzoq muddatli xavfsizlikning muhim poydevoridir. Har bir daraxtning kesilishi faqat bitta o‘simlikning yo‘qolishi emas, balki butun ekotizim — qushlar makoni, hasharotlar yashash muhiti va inson uchun zarur bo‘lgan kislorod manbayining kamayishidir. Shu bois tabiatga qilingan har bir ijobiy qadam, aslida insonning o‘z kelajagiga qilingan sarmoyadir.
Termiz tumanida ham ekologik barqarorlikni ta’minlash borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.
2026-yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumida
392 ming dona manzarali va mevali ko‘chat ekilib, reja 103 foizga bajarildi. Hudud iqlimiga mos tut, jiyda, gujum va katalpa kabi daraxt turlarining tanlab ekilishi bu jarayonning ilmiy asosda olib borilayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, chang bo‘ronlarining oldini olish maqsadida tumanning “Yangiobod” mahallasi chegaraoldi hududida 20 gektar maydonda, “Xalqobod” mahallasida esa
5 gektar maydonda 5700 tup manzarali daraxt ekildi.
Bugun ekilgan har bir nihol ertangi kunning toza havosi va sog‘lom muhitiga xizmat qiladi.
Bunga deputat sifatida biz ham mas’ulmiz. Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish, yashil hududlarni kengaytirish hamda suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Chunki ekologik muammolarni faqat davlat emas, balki jamiyatning har bir a’zosi hamkorlikda hal etishi lozim.
Komila Abdullayeva,
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi
deputati

