Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda energiya xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-apreldagi “2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan. Mazkur hujjatga muvofiq, Surxondaryo viloyatida 2026-yil davomida 117,2 million kVt/soat elektr energiyasi va 28,8 million kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga qarshi tizimli nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 4 292 ta reyd o‘tkazilib, 4 232 ta qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Aniqlangan holatlar yuzasidan 34 ta jinoyat va 1 797 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Noqonuniy foydalanish oqibatida yetkazilgan 32,8 milliard so‘mlik zarar hisoblanib, uning 10,2 milliard so‘mi undirildi. Shuningdek, sudlarga 1,9 milliard so‘mlik 241 ta da’vo arizasi kiritildi.
Energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirish va debitor qarzdorlikni kamaytirish yo‘nalishida ham samarali ishlar olib borildi. Yil boshidan buyon 1 291 nafar qarzdor iste’molchi energiya tarmoqlaridan uzildi. Natijada elektr energiyasi bo‘yicha debitor qarzdorlik 246 milliard so‘mdan 208 milliard so‘mga, ya’ni 38 milliard so‘mga kamaydi.
Surxondaryo viloyatida energiya resurslarini tejash, noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish va zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Bu natijalar nafaqat energiya xavfsizligini mustahkamlash, balki iqtisodiy samaradorlikni oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va aholining farovon hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O.Abdusamatov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi

