Viloyat Kasaba uyushmasi binosida Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining joriy yil davomida amalga oshirgan faoliyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat Kengashi raisi Abduraim Choriyev ishtirok etib, Kengash faoliyati, amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan batafsil axborot berdi.Brifingda ta’kidlan-ganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, fuqarolar uchun munosib va xavfsiz sharoitlar yaratish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda mahalliy Kengashlarning o‘rni va mas’uliyati sezilarli darajada oshib bormoqda. Xususan, joriy yilning 2-fevral va 23-iyun kunlari qabul qilingan Prezident farmonlari mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
— Bugungi kunda mahalliy Kengashlar faoliyatini kuchaytirish, deputatlarning mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish eng muhim vazifamizdir, — deydi Kengash raisi A.Choriyev. — Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar bizga yanada keng vakolat va mustahkam huquqiy asos yaratib bermoqda. Ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, joylarda aholini qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va hal etish, deputatlik nazoratini kuchaytirish hamda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarni amalda ta’minlash yo‘lida izchil ish olib boryapmiz. Oldimizga qo‘yilgan maqsad yo‘lida barchamiz birgalikda bor bilim va salohiyatimizni safarbar etishda davom etamiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi tomonidan o‘tgan davr mobaynida
12 ta sessiya o‘tkazilib, ularda 100 dan ortiq qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, 80 dan ortiq doimiy komissiyalar yig‘ilishlari tashkil etilib, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, aholini ijtimoiy himoya qilish, davlat dasturlari ijrosi masalalari yuzasidan mansabdor shaxslarning hisobotlari eshitildi. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan deputatlik nazorati kuchaytirilib, qator soha rahbarlarining hisobdorligi belgilandi.
Deputatlik so‘rovlari orqali joylarda aniq muammolar o‘z yechimini topayotgani ham brifingda qayd etildi. Jumladan, Oltinsoy tumanidagi ambulatoriya qayta ta’mirlanib ishga tushirilgani, Denov tumanidagi maktablar oldida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash choralari ko‘rilgani bunga yaqqol misoldir. Bundan tashqari, deputatlarning saylovchilar bilan 98 marotaba uchrashuvlari tashkil etilib, kelib tushgan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etildi.
Mazkur brifing mahalliy Kengashlar faoliyatining ochiqligi va samaradorligini ta’minlash, jamoatchilikni amalga oshirilayotgan ishlar bilan xabardor qilish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Aholini bevosita tashvishga solayotgan masalalarning deputatlik nazorati orqali hal etilayotgani xalq hokimiyatchiligi tamoyillarining amalda ro‘yobga chiqayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish va “inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Brifing yakunida xalq deputatlari viloyat kengashi doimiy komissiyalar raislari, deputatlar Prezidentimiz va xalq ishonchini oqlash, hududlarni rivojlantirish hamda har bir mahalla va xonadonda islohotlar samarasi sezilishini ta’minlash yo‘lida bor kuch va salohiyatlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.
12 ta sessiya o‘tkazildi
Date:

