Donolarning: “Bu dunyoda ota-onani va Vatanni tanlab bo‘lmaydi”, degan hikmatli so‘zlarini ko‘p eshitganmiz, shunga iqror bo‘lganmiz ham. Taqdir inson hayotini qay zaminda va kimlar orasida kechirmog‘ini o‘zi tanlaydi-yu, ammo uni qanday ziynatlamoqni har kimning irodasiga havola etadi.Hayotga inson bo‘lib kelganimiz bir baxt bo‘lsa, shu toleni yanada go‘zal etadigan tuhfa bu, shubhasiz, mehribon ota-ona, kindik qonimiz to‘kilgan tuproq ekani ayon haqiqatdir.
O‘zbekiston qadimdan turli millat va elat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq yashab kelayotgan muqaddas zamindir. Bugun jonajon O‘zbekistonimizda istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari baxt sururini qalban his etib, minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashamoqdalar. Yurtimizda barcha millat vakillarining munosib hayot kechirishi, o‘z tili, tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlarini asrab-avaylab, rivojlantirishi uchun beqiyos imkoniyatlar yaratilganki, bu hukm surayotgan tinchlik, barqarorlik va o‘zaro hurmat-ehtirom muhitining yorqin ifodasidir. Har bir millat va elatning tili, madaniyati, urf-odati va an’analari davlatimiz tomonidan e’zozlanadi va qo‘llab-quvvatlanadi. Turli milliy madaniy markazlar faoliyati, do‘stlik jamiyatlari, bayram va festivallar xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlab kelmoqda. Bu esa biz tarbiyalayotgan yosh avlodni bag‘rikenglik, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston misli ko‘rilmagan darajada taraqqiy etib, barcha sohalarda ulkan o‘zgarishlarga yuz tutyapti. Yangi O‘zbekiston g‘oyasi barcha sohalarda o‘z ifodasini namoyon etayotir. Eng muhimi, bugunda ta’lim sohasidagi tub islohotlar millatidan qat’i nazar yosh avlodning bilim va salohiyatini oshirishga qaratilgan. Barpo etilayotgan zamonaviy maktablar, oliy ta’lim muassasalari, xorijiy universitetlar filiallari ochilishi yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bugungi kunda boshqa millatlar qatorida biz tojik millati vakillari uchun ham ko‘p imkoniyatlar mavjud. Jumladan, Sariosiyo, Uzun, Denov, Sho‘rchi, Oltinsoy, Muzrabot, Bandixon, Boysun tumanlaridagi tojik millatiga mansub aholi farzandlarining o‘z ona tilida tahsil olishi uchun tojik tilida ta’lim beradigan maktablar mavjud. Bundan tashqari, Termiz davlat universitetining tojik tili ta’lim yo‘nalishida yuzdan ziyod talabalarni o‘z ona tilida ta’lim olayotganligi barchamiz uchun quvonarli. Viloyatimizda bir qator gazeta, radio, teledasturlar orqali tojik tilida maqolalar, eshittirishlar olib borilayotganligi, milliylikni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, milliy qo‘shiqlar va raqslarning erkin ijrosi bunga misol bo‘la oladi.
Istagimiz esa O‘zbekiston deb atalmish umumiy uyimiz doimo tinch bo‘lib, xalqimiz farzandlarining buyuk kamolini ko‘rsin. Shu aziz Vatan ravnaqi yo‘lida doimo hamjihat va birdam bo‘laylik.
Maxfirat Qurbonaliyeva,
TerDU, Xorijiy filologiya fakulteti, Tojik filologiyasi va sharq tillari kafedrasi
mudiri, dotsent

