Bugungi globallashuv va axborot oqimining keskin ortishi sharoitida har bir davlatning taraqqiyoti, iqtisodiy barqarorligi va ijtimoiy hayotning sifat darajasi, avvalo, huquqiy tizimning qay darajada samarali ishlashiga bog‘liqdir.Huquq ustuvorligi tamoyili — demokratik davlatning ajralmas qismi bo‘lib, u jamiyatda adolat, tenglik va qonuniylikning ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Aholining huquqiy savodxonligini oshirish uchun ta’lim muassasalarida huquqiy fanlarning sifatli o‘qitilishi, OAV orqali huquqiy targ‘ibot olib borilishi, davlat xizmatlarida ochiqlik va shaffoflikning kuchaytirilishi lozim. Shuningdek, fuqarolarning amaliy huquqiy yordam olish imkoniyatlarining kengaytirilishi ham nihoyatda muhimdir.
So‘nggi yillarda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida katta yutuqlarga erishilmoqda. Jumladan, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi ta’minlanmoqda. Jinoyat qonunchiligi liberallashtirilmoqda. Sud majlislarida ochiqlik, videokonferensaloqa orqali ishtirok etish imkoniyatlari kengaymoqda. Qamoqqa olish eng so‘nggi chora sifatida qo‘llanilmoqda. Advokatlarning protsessual huquqlari sezilarli kengaytirildi. Bu islohotlar jamiyatda adolat qaror topishiga, har bir fuqaro sud orqali o‘z huquqini erkin himoya qila olishiga xizmat qilayotir.
Huquq ustuvorligini ta’minlash — bu bir kunlik jarayon emas. Bu doimiy islohotlar, tizimiy yondashuv, davlat va jamiyatning hamkorlikdagi sa’y harakati natijasida yuzaga keladigan murakkab, ammo eng muhim jarayondir. Adolat qaror topgan davlatda rivojlanish bo‘ladi, ishonch bo‘ladi, fuqarolarning ertangi kunga bo‘lgan umidi mustahkam bo‘ladi.
Shu boisdan huquqiy islohotlarni izchil davom ettirish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish va sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish O‘zbekistonning kelajak taraqqiyotining eng asosiy garovidir.
Firdavs Omonov,
advokat

