O‘zbek azal-azaldan bolajon xalq. Qarindosh-urug‘i ko‘p. Bu yurtda bo‘ladigan har qanday tantana, to‘y va marosimlar uzoq-yaqin qarindosh, hamkasblar va qolaversa, ko‘z tanish bo‘lgan qishloqdoshlar ishtirokida o‘tadi. Bu kabi tadbirlarda tumonat odam yig‘iladi. Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, so‘nggi yillarda to‘y va ma’raka dasturxoni orasida tafovut yo‘qoldi, hisob. Dasturxonning tuzalishiga qarab, farqini ajratolmaysan, kishi. Tasavvur qiling, musibat bo‘lib turgan xonadonning tuzagan dasturxoni to‘ynikiga xos. Xonadon egalari zimmasida esa hali musibati arimasdan, apil-tapil topganini to‘plab, elga ma’raka oshi berish “majburiyat”i paydo bo‘ladi. O‘zingiz ayting, (osh berish uyoqda tursin) bunday pallada musibatzada xonadon ahlining ko‘ngliga qil sig‘adimi? Buyoqda esa elga xayriya oshi berish tashvishi, oldi-keti yo‘q xarajatlar…
To‘ylarni-ku, qo‘ya turaylik! El orasida yangidan yangi paydo bo‘layotgan har xil rasm-rusumlar, dabdababozlik, isrofgarchilikka sababchi to‘kin dasturxonga tortilgan noz-ne’matlarning sarf-xarajati har qanday o‘ziga to‘q odamni ham shoshirib qo‘yishi hech gap emas. Xonadon egalari yillar davomida yemay-ichmay to‘plagan mablag‘ini bir kunlik to‘y uchun sarflab yuborishi — aqlsizlikday tuyuladi. Bundan ham achinarlisi, shunday dabdabali to‘y qilgan ba’zi bir xonadon egalari, o‘rni kelsa, farzandlarining ta’lim-tarbiyasi uchun mablag‘larini ayashadi.
Mamlakatimizda rasm-rusum bo‘lib ketgan bu kabi “an’analar”ni cheklashning vaqti-soati yetmadimikin, siz nima deb o‘ylaysiz? Shu kabi savollarga javob izlab, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyat vakili, Hakim Termiziy jome’ masjidi imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayevni suhbatga chorladik.
— Mamlakatimizda 2026–2030-yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e’lon qilinishi munosabati bilan “Oqilona iste’mol” (Save Food) dasturi doirasida ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirilmoqda. Bu boradagi tartib-tamoyillar Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentyabrdagi 589-son qarorida belgilab berilgan.
Qaror mohiyat e’tiboriga ko‘ra, to‘y, oilaviy tantana hamda marosimlarni tartibga solish, ularni ortiqcha dabdabadan xoli, ixcham va xalqimiz qadriyatlariga mos holda o‘tkazishga qaratilgan. Mazkur chora-tadbir “Oqilona iste’mol” dasturi doirasida aholining iqtisodiy yukini yengillashtirish va isrofgarchilikning oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shunday emasmi?..
— Poklik va tinchlik dini bo‘lgan Islom dinida isrof har qanday ko‘rinishda ma’qullanmaydi. Qur’oni karimda: “…Isrof qilmanglar! Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni yoqtirmaydi” (A’rof, 31-oyat), deyilgan bo‘lsa, yana bir oyatda: “Isrof qiluvchilar shaytonlarning birodarlaridir” (Isro, 27-oyat), — deya isrofgarchilikning ma’naviy zarari haqida uqtiriladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ham nikoh va tantanalarning yengil, xalqchil va me’yorida bo‘lishini qat’iy tavsiya etganlar. Ul zotning “Nikohning barakali bo‘lgani — uning yengilrog‘i” degan hadislari bunga yaqqol dalolat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda qabul qilingan mazkur qaror diniy ta’limotlarimiz bilan hamohangdir. Marosimlarni ixchamlashtirish, isrofdan tiyilish, oddiylik va me’yorga amal qilish — oila mustahkamligi, jamiyat farovonligi va milliy qadriyatlarimizni asrashga xizmat qiladi. Shuning uchun har bir yurtdoshimizdan belgilangan talablarga mas’uliyat bilan amal qilish, to‘y va ma’rakalarni oddiy, barakali va aql-idrok bilan tashkil etish tavsiya etilmoqda.
— Xalqimizda azal-azaldan “yetti”, “qirq” kabi rasm-rusumlar amalga oshirib kelinadi, aslida, ushbu amallar Islom diniga qanchalik mos?
— Xalqimiz orasida “yetti”, “qirq”, “yillik” kabi marosimlarni belgilangan kunlarda o‘tkazish an’ana sifatida shakllanib kelgan. Biroq ushbu amallarning shariatdagi o‘rni haqida to‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lish juda muhim. Islom manbalarida marhum vafot etganidan keyin yetti kunda, qirq kunda yoki aniq bir muddat o‘tib, maxsus marosim tashkil etish, ziyofat berish yoki taom tarqatish haqida shariat hukmi mavjud emas. Bu kunlarni aynan diniy talab sifatida belgilash dolzarb emas, balki mumkin ham emas. Payg‘ambarimiz alayhissalom ham vafot bilan bog‘liq marosimlarda turli sana va belgilangan kunlarni joriy qilishni ma’qullamaganlar. Bunda asosiy uslub — marhum uchun duo qilish, qarindoshlariga tasalli berishi, olijanoblik va sabrga chorlashdir.
Bugungi kunda “yetti” va “qirq” kabi tadbirlarni o‘tkazish natijasida ba’zi oilalar ortiqcha xarajat, qarz ko‘tarish, isrof va dabdabaga yo‘l qo‘yayotgani kuzatilmoqda. Islom esa isrofni mutlaqo man etadi. Shu bois mazkur an’analarni diniy yoki shariat talabi sifatida qabul qilish mutlaqo mumkin emas. Biroq, odamlar marhum xotirasini yod etib, Qur’on tilovat qilishni xohlashsa, buni har qanday kuni, ortiqcha dabdabasiz, isrofsiz, faqat duo va savob umidi bilan qilish — joiz amal. Muhimi — aniq sana belgilash, uni shart deb bilish, uni bajarmaganni ayblash, taom yoki ziyofatni majburiy an’anaga aylantirish — shariatga zid.
Xulosa qilib aytganda, “yetti”, “qirq” kabi marosimlarni din talabi sifatida baholab, ularni shariatga nisbat berish mumkin emas; ularni o‘tkazish orqali isrof va og‘irlik keltirish esa qat’iyan noo‘rin amallardan biridir.
— Ushbu amallarning nojoizligi haqida imom-xatiblar tomonidan tushuntirish ishlari olib borilyapdimi?
— Ayni kunlarda yurtimizda to‘y-ma’raka va marosimlarni tartibga solish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha qabul qilingan qaror ijrosini ta’minlashda masjid imomlarining ishtiroki ham muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda viloyatimizda imom-xatiblar tomonidan quyidagi amaliy ishlar izchil ravishda olib borilmoqda:
Birinchidan, jome’ masjidlarida har juma va odatiy kunlik ma’ruzalarda to‘y va marosimlarni me’yorida o‘tkazish, isrofdan qaytarish, oddiylik va kamtarlik Islomning asosiy talablaridan ekani keng targ‘ib qilinmoqda.
Ikkinchidan, mahalla oqsoqollari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va jamoatchilik bilan hamkorlikda uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilib, ortiqcha xarajatlarning iqtisodiy va ijtimoiy zararlari haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Uchinchidan, marhumlar bilan bog‘liq an’analarda shariatga zid bo‘lgan ayrim odatlarning oldini olish, jumladan “yetti”, “qirq” kabi rasm-rusumlarni diniy talab sifatida talqin qilish mumkin emasligi haqida xalq orasida ilmiy asoslangan tushunchalar berilyapti.
To‘rtinchidan, to‘y-marosimlarning me’yorga solinishi yuzasidan Prezident qarorlarida belgilangan talablarning ahamiyati, ularning maqsad va mohiyati oddiy xalq tilida izohlanmoqda.
Beshinchidan, islomiy tarbiya, odob-ahloq, isrofdan tiyilish, qanoat va me’yorga amal qilish kabi mavzularda maxsus ma’rifiy videoroliklar, qisqa chiqishlar va tavsiyalar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ushbu ishlardan maqsad — xalqimiz orasida to‘y va ma’rakalarni soddalashtirish, ortiqcha dabdababozlikdan voz kechish, shariatga mos va barokatli hayot tarzini shakllantirishdan iborat.
— Ushbu qaror mantiqan to‘g‘ri qabul qilingan, deb o‘ylaysizmi? Ayrim insonlarda “pulni o‘zim ishlab topayotgan bo‘lsam, davlat nega to‘y-marosimlarga aralashishi kerak?” degan fikrlar ham uchramoqda. Bu borada nima deysiz?
— Albatta, qaror mantiqan ham, amaliy jihatdan ham o‘ta to‘g‘ri va o‘z vaqtida qabul qilingan, deb hisoblayman. Chunki so‘nggi yillarda to‘y va ma’rakalarning me’yoridan ortib ketishi, ortiqcha xarajatlar, ba’zan haddan tashqari isrof va dabdaba oddiy oilalarga og‘ir yuk bo‘lib kelayotgani barchamizga ma’lum.
Har bir inson pulni topishi o‘zining mehnati bilan bo‘lishi mumkin, lekin uni sarflashda ham shar’iy me’yorlar, ham ijtimoiy mas’uliyat mavjud. Chunki to‘y va marosimlar faqat bir oilaning shaxsiy ishi emas — bu keng jamoatchilik ishtirok etadigan ijtimoiy jarayon. Shu bois ortiqcha dabdaba boshqalarga ham bosim o‘tkazadi, “bizning to‘y ham shunday bo‘lishi kerak” degan havoyi tushuncha, kayfiyat paydo qiladi. Bu esa ayrim oilalarni qarzdorlikka, nizoga va xonadondagi tinchlikning buzilishiga olib keladi. Davlatning bu borada tartib joriy etishi — fuqarolar hayotiga aralashish emas, balki jamiyat manfaatini himoya qilish, iqtisodiy barqarorlikni saqlash va xalq orasida me’yor madaniyatini mustahkamlashga qaratilgan tadbirdir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ham nikoh va marosimlarni yengil, barakali va xalqqa og‘irlik qilmaydigan tarzda o‘tkazishni tavsiya qilganlar. Demak, bu qaror nafaqat ijtimoiy, balki islomiy ta’limotlar bilan ham to‘liq muvofiqdir.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, ortiqcha xarajatlarni cheklash — inson huquqini qisqartirish emas, balki uni isrofdan, qarzdan va ijtimoiy bosimdan asrashga qaratilgan juda muhim qadamdir.
— Rivojlangan davlatlarda hukumat aralashuvisiz ham odamlar to‘y va tantanalarni ixcham, kamtarona o‘tkazishadi. Bu holat ularning iqtisodiy sharoiti emas, balki ongli ravishda isrofdan qochish ehtiyoji bilan bog‘liq deyishadi. Demak, bizda ham bu jarayon vaqt o‘tishi bilan tabiiy ravishda sodir bo‘lishi kerak emasmi?
— Avvalo, ayrim rivojlangan mamla-katlarda to‘y va tantanalarning ixcham o‘tkazilishi — bu uzoq yillar davomida shakllangan madaniy tajriba, jamoat ongi va iqtisodiy ongning baland ekanining natijasidir. Bu jarayon bir kunda yoki bir-ikki avlod davomida paydo bo‘lgan emas — u uzoq shakllanish jarayonini talab qilgan.
Bizda esa to‘y va ma’rakalar madaniyati asrlar davomida muayyan an’analar bilan boyigan. Biroq ayrim hududlarda bu an’analar me’yordan oshib, ortiqcha xarajat, raqobat, isrof va kimo‘zarga aylanib qolgani hech kimga sir emas. Islom dini esa insonlarning turmush tarzini xuddi shunday onglilikka chaqirib kelgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Iqtisod (me’yor) – boshqa har bir ishda barakat manbayidir,” deb ta’kidlaganlar. Demak, me’yor va kamtarlik — musulmon hayotining asosiy mezonlaridan biri bo‘lishi kerak.
Ammo jamiyatda fikrlash darajasi bir xil emas. Kimdir imkoniga qarab to‘y qiladi, boshqa bir kishi esa o‘ziga yetmaganini ham isrof qilib sarflaydi. Bunday sharoitda “tabiiy ravishda o‘z-o‘zidan ixchamlashadi” degan yondashuv amaliy jihatdan samara bermaydi. Chunki: ayrim odamlar dabdaba qiladi; boshqalar esa ulardan kam ko‘rinmaslik uchun ortiqcha xarajatga tushadi; natijada ijtimoiy bosim paydo bo‘ladi; o‘zaro raqobat va ma’rakabozlik kuchayadi; ko‘plab oilalar qarzdorlikka botadi.
Shu bois, davlat tomonidan belgilangan tartib-tamoyillar — bu majburiy cheklov emas, balki jamiyatni onglilikka yetaklashga xizmat qiladigan o‘tish davri mexanizmidir. Vaqt o‘tishi bilan bu me’yorlar xalq ongida mustahkamlanib, tabiiy tarzda amaliyotga aylanadi.
Xulosa qilib aytsak, tartib va me’yor — jamiyatni madaniyatli yashashga o‘rgatadi. Me’yor madaniyati shakllangandan keyin esa odamlar o‘z-o‘zidan ham isrofdan yiroq, kamtarona va barakatli hayot tarzini tanlay boshlaydilar.
— Yaponlarda “Eng yaxshi investitsiya — ta’limga kiritilgan investitsiyadir”, degan fikr mavjud. Bu borada fikringiz qanday?
— Bu fikrning ma’nosi juda chuqur va hayotiy jihatdan ham to‘g‘ridir. Islom dini ham insoniy hayotda bilim olish va uni rivojlantirishni eng muhim fazilatlardan biri deb bilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Ilm izlash har bir musulmon uchun farzdir”, deb ta’kidlaganlar. Demak, ta’limga sarflangan vaqt va mablag‘ nafaqat shaxs uchun, balki ummat va jamiyat uchun ham baraka va foyda keltiradi.
Ta’limga investitsiya qilish insonni ma’naviy va aqliy jihatdan boyitadi, hayotiy muammolarni hal qilish qobiliyatini oshiradi, ijtimoiy barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyotga xizmat qiladi. Bu qarash yapon madaniyatida ham, Islom ta’limotlarida ham umumiy tamoyil — bilimga sarflangan har bir resurs — eng samarali va uzoq muddatli investitsiyadir. Shuning uchun biz ham farzandlarimizning ta’lim olishlariga e’tiborni kuchaytirishimiz, oilalarda va jamiyatda ilmni qadrlash madaniyatini shakllantirishimiz joiz. Bu — nafaqat moddiy, balki ma’naviy va ruhiy boylikdir.
Qissadan hissa, to‘y va ma’rakalarni qisqartirish evaziga tejaladigan mablag‘ni ertangi kunda yoshlarimizning bilim olishi uchun sarflaydigan bo‘lsak, bu, albatta, o‘z mevasini berishi tayin. Negaki, isrofgarchilik hayotimizdan qut-barakaning ko‘tarilishga sabab bo‘ladi. Agar jamiyatimiz sog‘lom, farzandlarimiz ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lishini istasak, asosiy e’tiborni o‘tkinchi hoy-u havasga emas, ta’lim-tarbiyaga qaratishimiz kerak. Zero, ilm birdan-bir najot yo‘lidir.
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV suhbatlashdi

