Uzoq muddatli issiq, jaziramadan so‘ng, nihoyat, oltin kuz fasli keldi. Dehqonlar va bog‘bonlar bu faslga kelib, hosilning cho‘g‘ini sarhisob qila boshlaydi. Kuz. U olamni xazon rangiga bo‘yaydigan fasl. Bu fasl, ayniqsa, ijod ahliga o‘zgacha kayfiyat, ruh bag‘ishlaydi. Xazonrezlik umumiy ta’rif, aslida, tilla rangida tovlanuvchi, tiriklikka so‘nggi rozini aytayotgan yaproqlar tuproqqa qorishib, kelgusi hosil uchun zamin hozirlashadi.
O‘ylab qolasan-da, inson-chi!
Inson keyingi hayoti uchun nimalar hozirlaydi-yu, oxirat safariga nechog‘lik tadorik ko‘radi?! Yashillik – inson hayotining yoshlik davri, tilla rangi esa yetuklik, kamolot cho‘qqisining eng yuksak pog‘onasini yodga soladi.
Tog‘lar poyida, daryolar yonida turganingda uning azimligi, qudrati va shijoatini to‘laqonli his qilolmaysan. Uzoqlashganing sayin go‘yoki zabt etib bo‘lmas, osmono‘par purviqor tog‘lar bor kelbati bilan namoyon bo‘la boshlaydi. Azim daryolarning telbavor shovullashi esa uzoq-uzoqlarga sas-sado berib turadi.
O‘tgan kunlarga nazar tashlay turib, kuni kechagina oramizda bo‘lgan-u bugun esa oxirat diyoriga rihlat qilgan yaqinlar, hamkasblar haqida o‘ylaysan. Ular go‘yoki o‘lmagandek, yoki umuman bu dunyoda yashamagandek turli xil his-tuyg‘ular g‘alayon ko‘taradi. Necha yillar bir idorada birga ishlab, zarur pallalarda ustozlik maqomida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, o‘rni kelsa pand-nasihat qilguvchi hamkasblarni xotirlash ham shirin, ham iztirobli. Ulkan qalb egasi, mohir jurnalist Umonali Normatov ham, shubhasiz, shunday ustozlardan biri edi.
To‘g‘ri, Usmonali aka biroz fe’li og‘ir, cho‘rs, hamma bilan ham teng kirishib keta olmaydigan inson edi. Ammo fe’liga nisbatan ko‘ngli yumshoq, hamkasblarga mehribon, yosh muxbirlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi mohir jurnalistlardan biri edi. Tan olish kerak, Usmonali aka bilan chiqisholmay qolgan kezlarimiz ham bo‘lgan, ammo bu bizning hamkasb sifatidagi hamkorligimizga aslo rahna solmagan. Qishloq xo‘jaligi bo‘limida bir necha yillar yelkama-yelka, birga ishladik. Qishloq xo‘jaligiga oid mavzularni yoritishda Usmonali aka barchamizga ustozlik qilgan. Ko‘pdan-ko‘p nasihatlarini olib, o‘qishli, tanqidiy-tahliliy maqolalar yozganlarimiz esimda.
Usmonali aka jurnalistlar orasidagi sanoqli, haqiqiy professional ijodkorlardan biri edi. G‘iybatni yomon ko‘rardi. Iloji bo‘lsa, o‘zi ham g‘iybat qilmaslikka harakat qilardi. Ammo kasb nuqtayi nazaridan, qiziquvchan, bilmaganini bitta-bittalab, erinmasdan so‘rab olishni kanda qilmasdi. Uning bu odati jurnalistlarga xos sinchilikdan bo‘lsa kerak. O‘zini kamtar, kamsuqum olib yurardi. Katta, shovqinli davralarga qarab chopmasdi. Izdihomlardan qochib yurardi. O‘zini ko‘rsatishga ham harakat qilmasdi. Laganbardorlarni, laganbardorlikni jini suymasdi. To‘g‘riso‘z inson edi. To‘g‘riso‘zligi tufayli ba’zida ayrimlarga yoqmas edi. O‘z kasbining haqiqiy ustasi, kamtar-kamsuqum inson edi.
Bundan bir necha yillar burun markazdagi ayrim yetakchi gazetalarda viloyat muxbiri sifatida ishlaganligidan ham xabarim bor. Bir gal “Haliyam markaziy gazetalarda ishlayapsizmi?” degan savolimga, biroz hafa bo‘lgandek, “Maqola yozishda-ku, muammo yo‘q, ammo, men ularning “qo‘ygan” ayrim “talablari”ni bajara olmayman”, deya yozg‘irdi.
Adashmasam, sentyabr oylari edi. Shahar yo‘nalishidagi avtobusda ko‘rishib qoldik. Ancha gurunglashdik. U ayni paytda bir tashkilotda matbuot kotibi bo‘lib ishlayotganini aytdi. Usmonali aka o‘zi tushadigan bekatga yaqinlashgach, “Yuring uyga, bir kecha mehmonimiz bo‘ling”, deya meni uyiga mehmondorchilikka taklif qildi. Ammo shoshib turganligim sababli bora olmadim. Bundan ikki haftalar burun yana ko‘rishib qoldik. Hol-ahvollashdik, suhbatlashdik. Shundan keyin qaytib ko‘rishmadik.
Usmonali akaning vafot etganligini eshib, xafa bo‘ldik. Bu – biz matbuotchilar uchun ulkan yo‘qotish bo‘ldi. Odamlar matbuot nashrlaridan birmuncha sovigan bugungi kunlarda Usmonali aka singari mutaxassislarga ehtiyoj yuqori edi. Bizlar esa Usmonali aka singari qishloq xo‘jaligi mavzusini ko‘ngildagidek yorita olmayapmiz. Hozir ham u kishidan qolgan bo‘shliq, o‘z o‘rnida, muallaq turibdi.
Usmonali aka dafn etilgach, qabr boshida qur’on tilovatidan so‘ng duolar qilindi. Qaytar chog‘imizda imom domla odamlarga qarata xitob qildi:
–Ey, xaloyiq, Usmonali aka qanday inson edi?!
Odamlar ham bir ovozdan “Yaxshi inson edi” deyishdi…
Xolmuhammad TOG‘AYMUROD,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

