Yaqin-yaqingacha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun rivojlangan shaharlarimizda ham qulayliklar, teng huquqli imkoniyatlar mavjud emas edi. Bugun esa zamon o‘zgardi, inklyuziv qarashlar to‘laqonli shakllandi. Fuqaroning ijtimoiy kelib chiqishi, irqi, dini, hattoki imkoniyati cheklangan-cheklanmaganligi ham ahamiyat kasb etmay qoldi.Xabaringiz bor, mamlakatimiz inklyuziv davlatga aylanib borayotir. Imkoniyati cheklanganlik to‘siq emas, balki yangi imkoniyatlar uchun asos ham bo‘layotganligi shundan.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-martdan 3 yoshdan
18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yila boshlandi. Kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlar qo‘llab-quvvatlanib, xizmatdan foydalanuvchi ota-onalarga soliq imtiyozlari beriladi.
— “Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangani kabi tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich joriy yilning 1-oktyabrigacha respublikaning barcha hududlarida kunduzgi parvarish xizmati joriy etildi, — deydi Termiz tumani, “Qahramon” MFY hududida joylashgan kunduzgi parvarish xizmati markazi rahbari Habibullo Hamidov. — Bunda nogironligi bo‘lgan bolalar kunduzgi parvarish xizmatiga ularning ota-onalari bilan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari o‘rtasida tuzilgan ijtimoiy shartnoma asosida hamda Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan belgilangan xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Ta’kidlash o‘rinliki, kunduzgi parvarish xizmatiga oid faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash tartibi joriy etiladi:
— Kunduzgi parvarish xizmatidan foydalangan bir kun uchun 3–7 yoshdagi har bir bolaga BHMning 25 foizi miqdorida, 7–18 yoshdagi bolaga esa 27 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Viloyatlar markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari uchun subsidiya 1,1 koeffitsiyent asosida hisoblanadi.
— Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning nogironligi bo‘lgan har bir bolasi uchun subsidiya miqdorining 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ to‘lanadi.
— Qarorga ko‘ra, 2027-yil 1-iyulgacha kunduzgi parvarish xizmatini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga Markaziy bank asosiy stavkasida mebel va jihozlar xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi.
— Kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar 2030-yil 1-yanvargacha ijtimoiy soliqdan tashqari barcha soliqlardan ozod etiladi.
Bu kabi yengilliklar nafaqat tadbirkorlarga, balki ota-onalar uchun ham ayni muddao bo‘layotir.
— Nogironligi bo‘lgan farzandlar parvarishi bilan band bo‘lgan yuzlab ota-onalar ish-faoliyatidan voz kechishlariga to‘g‘ri kelar yoki farzandini uydan uzoqdagi markazlarda qolishiga ruxsat berishi kerak edi, — deydi Dildora Sharopova. — Yangi qonun haqida eshitgan kunimdan buyon bizning hududimizda ham shunday markaz ochilishini kutardim. Qolaversa, ota-onalarning xizmat uchun oyiga to‘langan 3 million so‘mgacha to‘lovlari soliqdan ozod qilinishi ham bunda yengillik beradi. Hozirda farzandim parvarishlanayotgan markazda faoliyat yuritishni boshladim. Bu ijtimoiy mamlakatning biz kabi ota-onalarga yaratgan sharoitidir.
2025-yilning o‘tgan davri mobaynida 424 nafar bola kunduzgi parvarish guruhlariga qabul qilingach, uyda farzand parvarishi sabab ishlay olmayotgan Dildora Sharopova kabi ota-onalar qayta mehnat bozoriga kirish imkoniga ega bo‘ldi. Natijada 116 ta oila daromadi oshdi, 69 ta oila kambag‘allikdan chiqishga erishdi. Shuningdek, 206 nafar tadbirkorga 6 milliard so‘m subsidiya ajratildi.
Prezidentimizning 2024-yil 30-sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, maktabgacha ta’lim tizimida sifat va samaradorlikni oshirish, har bir bolaga qulay o‘quv muhitini yaratish borasida yangi bosqich boshlandi.
Termiz shahridagi 9-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham joriy yilning yanvar oyidan boshlab inklyuziv guruhlar tashkil etildiki, bu guruhlarning faoliyat boshlashi evaziga bolalarning jamiyatga moslashuvi, ularning ta’lim-tarbiya olish jarayoni yaxshilandi.
Bugungi kunda bu maskanda 210 nafar tarbiyalanuvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Shulardan
6 nafari alohida ta’lim ehtiyoji bor bolalar bo‘lib, ular tengdoshlar bilan bir qatorda o‘qib, o‘ynab, o‘z salohiyatlarini erkin namoyon etmoqda.
Imom Termiziy kasal ko‘rishning naqadar savobli amal ekani haqida Ali roziyallohu anhudan quyidagi rivoyatni keltiradilar: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon, musulmon birodari kasal bo‘lganida ertalab borib ko‘rsa, hatto kech kirgunga qadar unga yetmish ming farishta salovat aytib turadi. Agar (qaysi bir musulmon) musulmon birodari kasal bo‘lganida kechasi borib ko‘rsa, hatto tong otgunicha unga yetmish ming farishta salovat aytib turadi va u uchun jannatda bir bo‘ston bo‘ladi”, dedilar. Demakki, bugun mamlakat miqyosida qilinayotgan bu ezgulik el uchun baraka, millat uchun ma’naviy yuksalish namunasi bo‘lib xizmat qilajak.
Ta’kidlash o‘rinliki, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Day Care Center”lar sog‘lomlashtirish mashg‘ulotlari, logopediya, psixologik yordam va maxsus ta’lim dasturlarini birlashtiradi. Davlat grantlari va xususiy fondlar orqali moliyalashtirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mamlakatimizdagi kabi sharoitlar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, soliq imtiyozlari hamda oilalarga ham iqtisodiy, ham ma’nan ko‘maklashish tizimini jahon tajribasidan ulgi olgan-u biroq an’analarga tayangan taraqqiyot belgisi deyish mumkin. Bugun psixologik va pedagogik ko‘mak olgan bolaning ertangi kunga ishonchi ortadi, bu imkoniyatlardan mamnun ota-onalar esa vatanparvar farzandlarni voyaga yetkazadilar. Elning ertasi ilg‘or xorijiy tajriba va an’anaviy mehr-muruvvat bilan kamol topadi.
X. ZIYOTOV

