Buzilgan huquqi tiklandi

Date:

Ma’lumki, iqtisodiy sud ishlarini yuritishdan ko‘zlangan asosiy maqsad iqtisodiyot sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonuniy manfaatlarini himoya qilish, iqtisodiyot sohasida qonuniylikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga ko‘maklashishdan iborat.
Iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblangan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, ular uchun qulay tadbirkorlik muhitini yaratish va ular ishtirokidagi nizolarni qonun hujjatlariga asosan sinchkovlik bilan adolatli ko‘rib chiqish muhim ahamiyatga ega. Bu borada iqtisodiy sudlar tomonidan ham bevosita nizolarni ko‘rib chiqishda tadbirkorlik subyektlari o‘zlarining buzilgan huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali to‘liq himoya qilishlarini ta’minlash maqsadida da’vo arizalaridagi har bir holat sinchkovlik bilan o‘rganilib, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari tiklanmoqda.
Fikrimizga amaliy misol keltiradigan bo‘lsak, da’vogar viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining viloyat bo‘yicha hududiy sho‘basi bilan kelishilgan holda “Tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyruqqa asosan javobgar Termiz shahridagi “A.S.B” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Termiz shahri, “Bog‘ishamol” MFY, I.Karimov ko‘chasi yoqasida qurilish ishlari olib borilayotgan ko‘p qavatli turar-joy binosining qurilishida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy-qurilish Reglamenti” talablariga rioya etilishi yuzasidan tekshirish o‘tkazilgan.
Tekshirish natijasida javobgar tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda qurilishi tugallanmagan obyektda qurish uchun loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmasdan, ekspertizadan o‘tkazilmasdan hamda belgilangan tartibda “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali” orqali elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tmasdan qurilish-montaj ishlari amalga oshirilayotganligi aniqlangan va bu haqida dalolatnoma tuzilgan.
Javobgar “A.S.B” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qurilish-meyoriy hujjatlarni qonun hujjatlari talablariga muvofiqlashtirish haqida yuborilgan 2024-yil 19-noyabrdagi hamda 2024-yil 11-dekabrdagi yozma ko‘rsatmalar talablari bajarilmaganligi munosabati bilan viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, “A.S.B” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan olib borilayotgan ko‘p qavatli turarjoy binosini qurilish-montaj ishlarini to‘xtatish va qurgan shaxs tomonidan demontaj ishlarini amalga oshirish majburiyatini yuklashni so‘ragan.
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 27-fevraldagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirilib, sud xarajatlari javobgar zimmasiga yuklatilgan.
Ishni viloyat sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasida qayta ko‘rish jarayonida birinchi instansiya sudi tomonidan da’vo arizasini qanoatlantirish to‘g‘risida barvaqt xulosaga kelinganligi aniqlanib, sudning hal qiluv qarori bekor qilinib, da’vo arizasining qanoatlantirilishini rad etish to‘g‘risida yangi qaror qabul qilindi hamda tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi.
Xususan, viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan javobgar “A.S.B” mas’uliyati cheklangan jamiyati ushbu obyektda pudrat shartnomasi asosida faoliyat olib borayotganligi, aslida obyekt boshqa bir yuridik shaxs “T.M.R” mas’uliyati cheklangan jamiyati nomiga “Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish” aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil 7-avgustdagi elektron onlayn-auksion natijalari bo‘yicha ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi yuzasidan YU 145-963219-sonli bayonnoma rasmiylashtirilganligi hamda Arxitektura va shaharsozlik kengashining 2023-yil 13-dekabrdagi xulosasi mavjudligi holatlari to‘liq va atroflicha o‘rganilmasdan, sudga da’vo arizasi taqdim qilingan. Birinchi instansiya sudi tomonidan esa ushbu holatlarga huquqiy baho berilmasdan, da’vo arizasini qanoatlantirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, iqtisodiy sudlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ko‘rilayotgan har bir da’vo arizasi qonun hujjatlari asosida sinchkovlik bilan ko‘rib chiqilishi, ishni ko‘rish jarayonida tadbirkorlik subyektlarining faoliyati qo‘llab-quvvatlanishi hamda ularning iqtisodiy nochor ahvolga tushib qolishining oldini olish uchun qonun doirasida barcha zaruriy choralar ko‘rilishi bilan birga, ularda amaldagi qonunlarga nisbatan hurmatda bo‘lish hamda shartnoma intizomiga rioya qilish munosabatini shakllantirish lozim bo‘ladi.

Asqar Mamaraimov,
viloyat sudi sudyasi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...

Bilim va zukkolik bellashuvi

Termiz davlat universitetida talabalar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini boshlandi....

“Yangi hayot”da yangi maskan

Qiziriq tumanida yosh avlod tarbiyasi va ta’limi yo‘lida navbatdagi...
KunTun
KunTun