Surxondaryo viloyati hokimining tashabbusi bilan tabiiy iqlim sharoitlarini asrash, floraning yangi turlarini vohaga moslashtirish hamda zarur infratuzilmalarni yaratish maqsadida Termiz shahrida “Botanika bog‘i”ni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov mazkur loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Unda qurilish ishlarining sust ketayotgani va reja-grafikdan ortda qolayotgani ta’kidlanib, tanqid qilindi. Bog‘ni barpo etish ishlariga alohida mas’ul tayinlanib, ishlarni jadallashtirish va sifatli amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.Shuningdek, mazkur hududda barpo etilayotgan mehmonxona, kottej tipidagi uylar hamda ko‘ngilochar maskanlar qurilishi bo‘yicha o‘tgan haftada berilgan vazifalar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Qurilish ishlarini loyiha talablariga moslashtirish va belgilangan hududdan chekinish holatlarini bartaraf etish yuzasidan mas’ullar hisobot berdi.
Shundan so‘ng, Muzrabot tumani “Do‘stlik” mahallasida amalga oshirilayotgan yana bir yirik loyiha — kollektorning 500 metr qismini zamonaviy tarzda yopish asosida “Yoshlar va turizm” ko‘chasini tashkil etish ishlari ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu ko‘chada savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, shuningdek, turizmga oid infratuzilmalar joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Navbahor” chorva mollari bozorini zamonaviy savdo kompleksiga aylantirish ishlari ham o‘rganildi. Ikkala loyiha bo‘yicha qurilish-ta’mirlash jarayonlarini jadallashtirish, belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish hamda yangidan ish o‘rinlari yaratish vazifalari belgilandi.