Boysuntog‘dan kelar bir sado…

Date:


Bolalar folklori – xalq qalbining eng beg‘ubor, eng samimiy va eng nurafshon bo‘lagi. Asrlar osha yashab kelayotgan milliy ruh ona allasining allanechuk sehrli kuyida, shodon sanashmachoqda, bolakay tilida yangragan topishmoq va tez aytishlarda o‘z aksini ko‘rsatadi.Bu – xalqimizning bolalarga bergan bebaho merosi, sof mehr-muhabbatning so‘zga ko‘chgan timsolidir.
Xalq og‘zaki ijodida folklor jamoalarining o‘rni beqiyos. Ular zamon bilan hamnafas bo‘lib, san’atning yosh avlod qalbiga singib borishi uchun xizmat qiladi. Mana shunday ma’naviy merosni asrab, uni yosh avlod qalbiga singdirish, iste’dodlarni kashf etib, milliy san’atga yo‘naltirish esa yuksak fidoyilikni talab etadi.
Boysun — qadimiy an’ana va urf-odatlar maskani, xalq og‘zaki ijodining qo‘riqlovchisi sifatida mashhur. Shu zaminda milliy ruhni asrab-avaylab, uni bolalar qalbiga ulashayotgan “Boychechak” folklor-etnografik namunali bolalar ansambli o‘z faoliyati bilan ajralib turadi. U 2018-yil 28-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi milliy madaniyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ni tasdiqlash haqidagi qaror, shuningdek, 2019-yil 12-fevraldagi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 95-sonli buyrug‘iga muvofiq tashkil etilgan. Bu jamoaning vujudga kelishida ko‘pyillik tajribaga ega “Boysun” va “Quralay” ansambllariga badiiy rahbarlik qilgan san’at fidoyisi, YUNESKO granti sohibi, nomoddiy madaniy meros saqlovchisi Abdunabi Qodirovning tashabbusi asosiy omil bo‘ldi.
Fidoyi ijodkor Abdunabi Qodirov xalq og‘zaki ijodini nafaqat targ‘ib etdi, balki uni bolajonlar qalbiga singdirish yo‘lida ter to‘kib kelmoqda. U tuman madaniyat bo‘limi qoshidagi 10-son madaniyat markazida “Bolalar folklori” to‘garagini tashkil etib, yosh iste’dodlarni izlab topadi, ularni xalq qo‘shiqlari, ertaklari, o‘yinlari ruhida tarbiyalaydi. Bu esa bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni milliy qadriyatlarga oshno qilishning eng samarali yo‘lidir.
Darhaqiqat, Abdunabi Qodirov — milliy san’atimizning tirik xazinasi, folklorimizni kelajakka eltuvchi ma’naviy ko‘prik, yosh avlod qalbiga ezgulik va vatanparvarlik urug‘larini sepayotgan ulug‘ ijodkor. Uning san’ati Boysunning, Surxondaryoning, qolaversa, butun yurtimizning ma’naviy faxri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ustoz bolalarga mehr bilan yondashar ekan, o‘z ijodiy faoliyatida ularga atalgan qo‘shiqlar alohida o‘rin tutishini ta’kidlaydi:
— Bola qalbiga, eng avvalo, qo‘shiq orqali kirish mumkin. Chunki qo‘shiq — ularning tiliga eng yaqin, qalbiga eng tez yetib boradigan sehrli kalitdir. Men bolalar uchun yaratgan qo‘shiqlarim orqali ularda
Vatanga mehr, ezgulik, do‘stlik tuyg‘ularini uyg‘otishni niyat qilaman. Har bir qo‘shiq men uchun faqat kuy emas, balki
kichik bir tarbiya darsidir.
“Boychechak” ansamblida sahnaga chiqqan har bir bola — kelajak san’atkori, xalq qo‘shiqlarining davomchisi, milliy qadriyatlarning amaldagi targ‘ibotchisidir. Ularning dildan kuylagan allasi, quvnoq o‘yin qo‘shiqlari, jo‘shqin chiqishlari sahnani bezabgina qolmay, tomoshabin qalbini ham hayajonga soladi. Bu jamoaning ijrosi — xalqimizning asriy an’analari, xalq donishmandligi va qalb qo‘shig‘ining jonli timsolidir.
Abdunabi Qodirovning mashaqqatli mehnati tufayli Boysunning chekka qishloqlaridan topilgan qobiliyatli bolalar bugun milliy sahnada porlamoqda. Ustozning qo‘li ostida ular nafaqat qo‘shiq kuylashni, balki o‘z xalqining qadriyatlarini his qilishni, ularni asrab-avaylab, kelajakka yetkazishni ham o‘rganmoqdalar.
— Men ansamblga kelganimda juda hayajonlangan edim, — deydi ansambl ishtirokchisi. — Avvaliga qo‘shiqlarni to‘g‘ri aytish, raqs harakatlarini bajarish qiyin tuyulardi. Ammo ustoz bizga sabr bilan hamma narsani o‘rgatdilar. Endi men nafaqat kuylayman, balki xalqimizning qadimiy qo‘shiqlarini sevib ijro qilaman. Har safar sahnaga chiqqanimda yuragimda g‘urur uyg‘onadi.
Bu samimiy so‘zlar yoshlar hayotida folklor ansambllarining naqadar katta o‘rin tutishini, ularning ijodkorlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishiga qanchalik ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatadi. O‘tgan yillar davomida ansambl xalq og‘zaki ijodi, milliy qo‘shiqlar va bolalar o‘yinlarini sahna maydoniga olib chiqib, tomoshabinlar qalbini zabt etdi. Uning repertuari nihoyatda boy va rang-barang: qadimiy marosim qo‘shiqlari, bolalarning o‘yin va raqslari, xalqona laparlar va kuylar — barchasi “Boychechak” ansamblining sahna ko‘rinishlarida jonlanadi.
Ushbu mehnatlar bejiz emas: 2022-yil 1-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Hay’ati qaroriga asosan, havaskorlik san’atini rivojlantirish va milliy qadriyatlarni tiklashdagi faol xizmatlari hamda yuksak ijrochilik mahorati uchun “Boychechak” ansambliga faxrli “Bolalar namunali jamoasi” unvoni berildi. Bu yutuq ansambl a’zolari uchun faxr, ustozlari uchun esa mashaqqatli va maroqli mehnatning eng go‘zal mevasi, samarasi bo‘ldi.
“Boychechak” ansambli o‘z ijodiy faoliyati davomida ko‘plab tanlov va festivallarda munosib ishtirok etmoqda. “Yangi O‘zbekiston iste’dodlari” respublika tanlovining viloyat saralash bosqichida ular “Bolalar folklor to‘garagi” yo‘nalishida yuksak ijrochilik mahoratini namoyon etib, I darajali diplom bilan taqdirlandilar hamda respublika bosqichiga yo‘llanma qo‘lga kiritdilar.
Eng yorqin lahzalardan biri — teatrlashtirilgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali bo‘ldi. Bu yirik madaniy tadbirda ansambl “Tomoshalar bor bo‘lsin”, “Yaqqu”, “Um ufo‘-um jaqala”, “Barchinoy yor-yori”, “Kim oladi”, “O‘ynaylik”, “Jahonim” kabi milliy qo‘shiqlarni yuksak mahorat bilan ijro etdi. Ularning jo‘shqin chiqishi tomoshabinlarni zavqlantiribgina qolmay, xalqimizning bebaho merosini jahon sahnasiga olib chiqishda ham katta xizmat qildi.
Darhaqiqat, “Boychechak” ansambli — bu oddiy bolalar jamoasi emas, balki Boysun san’atining yorqin timsoli, milliy merosimizni kelajakka eltuvchi jonli ko‘prikdir. Uning har bir chiqishi, har bir qo‘shig‘i milliy ruhimizni tarannum etadi, yosh avlod qalbiga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Sayyora
ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Oltinsoyni yayov kezganda…

Oltinsoy tumanidagi 1-son texnikumida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish,...

Hashar birlikka chorlar

Termiz shahri bo‘ylab barcha mahallalarda umumxalq xayriya hasharlari uyushqoqlik...

Surxondaryoda sport rivojlantiriladi

Surxondaryo viloyat sport boshqarmasi boshlig’i Ravshanbek Maxmudov Fransiyaning “Group...

Hamkorlik yangi bosqichda

Dushanbe shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Tojikiston oliy ta’lim muassasalari...
KunTun
KunTun