O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishchi guruhi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini o‘rganish, mavjud holatni atroflicha tahlil qilish hamda samaradorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilashdan iborat.
Shu munosabat bilan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ishchi guruh rahbari o‘rganish jarayonida alohida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalarni ta’kidladi. Xususan, ta’lim sifatini va pedagoglarning malakasini oshirish, tarbiyaviy hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini kuchaytirish, shuningdek, bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi.
Uchrashuv davomida hududiy tashkilotlar faoliyatini tizimli ravishda o‘rganish va aniqlangan masalalar yuzasidan amaliy choralarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.