O‘zgarish vaqti keldi

Date:

Faoliyatim davomida yoshlar bilan ishlayman. Ularning qiziqishlari, intilishlari shaxsan men uchun muhim. Yoshlar — katta kuch. Bu kuchdan unumli foydalanmoq kerak. Bu kuch shunchaki ishchi kuchi emas. Undan-da yuksakroq ahamiyatga ega bu so‘z. Faqatgina biz bu kuchni to‘g‘ri yo‘naltira olmog‘imiz darkor. O‘y-xayolimiz, maqsadimiz, amalimiz aynan shunday buyuk ishlarga safarbar bo‘lmog‘i lozim.Qachon yoshlar bilan uchrashsam, suhbatlashib qolsam, eng avvalo, qanday kitob o‘qiyotganiga qiziqaman. Keyin o‘zim o‘qigan asarlarni tavsiya qilaman. O‘g‘il-qizlarimiz bilan kitob, mutolaa haqida gaplashish maroqli. Ularning dunyoqarashi keng, taassurotlari esa osmon. Ba’zan ulardan motivatsiya olaman. Ba’zi asarlarga qiziqib, men ham o‘qishga tutinaman. Albatta, qay yoshda bo‘lmaylik, o‘qishdan chekinmasligimiz kerak. Aks holda rivojlanishdan, o‘sishdan to‘xtaymiz.
Har gal yoshlarimiz taqdir haqida o‘ylaganimda Dostoyevskiyning “Iblislar” asaridagi voqealar xayolimda jonlanadi. Beixtiyor cho‘chib tushaman. Biz o‘sha davrdagi rus jamiyati kabi yo‘l tutishdan qo‘rqishimiz kerak. Bu bizning fojiamiz bo‘ladi, axir. Asar nafaqat o‘z davridagi jamiyatni, balki har bir insonning ichki kurashlarini ham aks ettiradi. Unda yoshlarning orzu-intilishlari, jamiyatni o‘zgartirish ishtiyoqi, adolat izlash yo‘lidagi xatolar va eng muhimi, inson ruhidagi ezgulik va yovuzlik kurashi yorqin tasvirlangan.
Bu roman aynan yoshlar uchun qiziqarli. Chunki unda g‘oya va amaliyot o‘rtasidagi tafovut aniq ko‘rinadi: inson bir fikrga berilib ketganda, u qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rasiz.
Ha, u o‘quvchini tanlov qilish haqida o‘ylashga majbur qiladi: hayotini qaysi yo‘nalishda qurish kerak — ezgulik yo‘lida yoki buzg‘unchilik yo‘lida? Dostoyevskiy qahramonlari orqali yoshlarimiz inson tabiatining turli qirralarini ko‘rishadi va ularni o‘zlari bilan taqqoslaydi.
Agar kimki hayot, adolat, ijtimoiy o‘zgarish va inson qalbi haqida chuqurroq o‘ylashni istasa, “Iblislar” mutolaasi, albatta, manzur kelishi aniq. Bu roman — nafaqat badiiy asar, balki ruhiy sinov va tafakkur maktabidir. Shunday qilib, “Iblislar”ni o‘qish orqali biz nafaqat adabiyot go‘zalligidan zavqlanamiz, balki o‘zimizni yanada yaxshiroq tushunishga yaqinlashamiz.

Xusniddin Mamadiyev,
Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

8 nafar yosh ish bilan band

Angor tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida...

Qumdagi va toshdagi yozuv

Bir kuni ikki do‘st tortishib qolishdi va biri ikkinchisiga...

Taassurot hayratlanarli

Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari tashabbusi bilan talabalar “Qo‘g‘irchoq”...

Bizda bronza medal!

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining III...
KunTun
KunTun