MULOQOTDAN MULOQOTNING FARQI BOR…MI?

Date:

Ma’lum bo‘lishicha, hozirgi kunda iste’molda bo‘lgan qo‘l telefonlari soni Yer sayyorasida yashayotgan odamlar sonidan oshib ketganmish. O‘ylanib qoldim, bu yaxshimi yoki yomon?! Bilmadim, balki texnik taraqqiyot tomonidan olib qaraganda, bu yaxshilik alomatidir, mislsiz rivojlanishdan nishonadir. Lekin men butun olamni qurshab olgan uyali aloqa vositalari, xususan, qo‘l telefonlarining beminnat dastyor kabi har soniyada xizmatingizga shay turganligi to‘g‘risida emas, negadir qo‘l telefonlari inson ongiga, xulq-atvoriga, eng muhimi, odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalari mustahkam bo‘lishiga nechog‘lik ta’sir etishi to‘g‘risida mulohaza yurita boshladim. Rost, hozirgi kunda uyali aloqa vositalaridan foydalanish turmush tarzimizning ajralmas qismiga aylanib qoldi. Chunki u nafaqat muloqot vositasi, balki bilim olish, dam olish va ish jarayonida ham insonning istaklarini zumda bajo keltiruvchi “hojatbaror”ga aylanib ulgurdi. Boshqacha aytganda, tayyor ko‘makchiga aylandi. Oila a’zolaringizdan birortasi qayerdaligini bilmoqchimisiz yoki qarindosh-urug‘larning holidan xabar olmoqchimisiz, ro‘zg‘oringiz uchun kerakli buyum xarid qilmoqchimisiz, yo oliy o‘quv yurtida o‘qish uchun hujjat topshirmoqchimisiz, kommunal to‘lovlarni uyda o‘tiriboq amalga oshirmoqchimisiz, marhamat, qo‘l telefoni xizmatingizga tayyor. Ovora-yu sarson bo‘lib yurmasdan, uyda o‘tiriboq bu ishlarni soniyalar ichida bajarsangiz bo‘ladi. Bundan tashqari, qo‘l telefoni orqali bir zumda butun olam yangiliklaridan xabardor bo‘lishingiz, dilga yoqar qo‘shiqlar tinglashingiz yoki kinofilm tomosha qilishingiz mumkin. Smartfonlar esa uzoq muddatdan buyon ko‘risholmay yurgan yaqin kishingizni siz bilan muloqotga kirishgan paytdagi ko‘rinishi va holatini darrov ko‘z o‘ngingizda muhayyo qilib qo‘yadi. Bularning bari yaxshi, albatta. Ammo…
Har bir ish me’yorida bo‘lgani ma’qul. Birgina so‘z yuritayotganimiz, juda keng imkoniyatlarga ega qo‘l telefonlaridan noto‘g‘ri foydalanish kutilmagan salbiy holatlarning yuzaga kelishiga turtki berishi mumkin. Masalan, mutaxassislarning ta’kidlashicha, uyali aloqa vositalaridan uzoq muddat foydalanish ko‘rish qobiliyatining pasayishiga olib keladi. Asabiylik, bosh og‘rig‘i, qo‘l va bo‘g‘imlarda og‘riq paydo bo‘lishi kabi holatlarga duchor qilishi mumkin. Biz hozir tezkor zamonda yashayapmiz. Shunga monand ish jarayonlari, kechiktirmasdan bajarishimiz lozim bo‘lgan kundalik yumushlar hajmi ham ortib bormoqda. Natijada, qarindoshlar yoki ko‘ngilga yaqin do‘stlarimiz bilan yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashish, hol-ahvol so‘rash uchun vaqtimiz chegaralanib qolmoqda. Shu bois, darhol uyali aloqa vositalari xizmatidan foydalanishga kirishamiz. Demak, muloqot, ya’ni so‘zlashuv va “diydorlashuv” onlari faqat ekran orqali amalga oshiriladi. Afsuski, bunday muloqot turi kun sayin urfga aylanib boryapti. Ta’kidlab o‘tish zarurki, bunday aloqa foydadan ko‘ra, ko‘proq organizmimiz uchun zarar keltiradi.
Albatta, uyali aloqa vositalarining foydali yoki zararli ekanligini aniqlab olish va undan me’yorida foydalanish har kimning o‘z ixtiyorida. Lekin men “uyali aloqa vositasi” deya ta’riflanayotgan matohlarning insonlararo doimiy barqaror bo‘lishi shart hisoblanadigan tuyg‘u — mehr-oqibat rishtalariga ta’siri haqida so‘z yurityapman. Boshqacha aytganda, “jonli” va “texnik” muloqot”ning farqi va o‘ziga xos afzalliklari to‘g‘risida so‘z yurityapman.
Yaxshi bilasizki, xalqimizda mehr ko‘zda, degan purma’no gapi bor. Aslida ham ko‘z-ko‘zga tushmay turib, inson qalbida biror kishining qalbida chinakam mehr va muhabbat tuyg‘ularning uyg‘onishi amri mahol. Fikrimning isboti sifatida bir misol keltirib o‘tay. Yaxshi oilada tarbiya ko‘rgan, tengini topib turmush qurgan bir dugonam bor. Shukur, oilasi tinch, bolalari sog‘lom, ro‘zg‘ori to‘kis. Shu dugonamning juda mehribon, rahmdil-u ochiqko‘ngil ammasi bor edi. Aslida, dugonamning turmush qurishida shu ayolning hissasi katta bo‘lgandi. Bir-biri bilan tez-tez uchrashib hol-ahvol so‘rab turadigan qarindoshlar gurungi qizigandan-qizidi. Faqat… amma va jiyanning gurungi unchalik qovushmayotganday. Davradagilar bilan mehrli ohangda “o‘layjon, o‘layjon” qilib so‘zlashayotgan amma jiyaniga navbat yetganda xuddi begona kishiga gapirayotgandek qandaydir bir sovuqroq, rasmiyroq muomala qilib o‘tirardi. Avvaliga jiyani ammasidagi bu o‘zgarishga unchalik e’tibor bermadi. Lekin oradan biror soat o‘tgach, u ammasidagi o‘zgarishni sezib bezovtalanganday bo‘ldi. Ammadan sababini so‘raganday bo‘ldi. “Ko‘rishmaganimizgayam besh yil bo‘ldi”, – dedi amma boshini quyi egib, dasturxon popuklarini o‘ynar ekan. – Agar bugungi tadbiring bo‘lmaganda bilmadim, diydor qiyomatga qolarmidi?! Hay, bu yoqda sog‘inch degan narsalar bor, jiyan”… Davra ahli birdan jimib qoldi. Hammaning nigohi boshlarini quyi egib o‘tirgan amma bilan jiyanga qadaldi. “Ammajon, biz ham sizni ko‘p sog‘inamiz, — dedi jiyani uzr so‘raganday, — lekin, ne qilaylikki, ish, tashvish ko‘p. Lekin telefonda hol-ahvol so‘rab turibmiz-ku?”.
Mahallamizda yaqin orada to‘yi bo‘lgan yosh kelin-kuyovlar turmush qurganiga hali 2 oy bo‘lmasidan urush-janjal qilib, ajrim yoqasiga kelib qolgan. Sababini so‘rasangiz, yangi kelinchak ijtimoiy tarmoqlarda o‘zining har kunlik rasm videolari-yu, er-xotin o‘rtasidagi sevgi-muhabbatlarini boshqalarga ko‘z-ko‘z qilib instagram, telegram sahifalariga joylar emish. Bu rasm-videolarini kuyov jo‘ralaridan biri ko‘rib, “xotining go‘zal ekan, ha-a endi tushundim, nega choyxonaga kelmay qolding desam, xotiningni yonidan jilmay qolipsan-ku, kuyovbola” degan gap-so‘zlarni oshnasidan eshitgandan so‘ng menga bunday behayo xotin kerakmas deya xotinini haydaganmish.
Eshitib dilingiz xira bo‘ladi. Nimasini aytasiz, bunaqa holatni ijtimoiy tarmoqlarda, hayotimizda tez-tez eshitib qolamiz.
Bu ham yetmagandek, qayerga bormaylik, ko‘cha-ko‘ydami, mehmondorchilikkami, yosh bolalarning ota-onasiga xarxasha qilib telefon bering deya hol-u joniga qo‘ymaydi. Hozirgi davr yoshlarining hammasida telefon, go‘yoki telefonsiz hayot yo‘q. 8 yoshli o‘g‘lim ham har kuni telefon so‘rab xarxasha qiladigan bo‘ldi. Rad etishimga qaramay injiqlik qilib olmaguncha qo‘ymasdi. Qulog‘im tinchisin deb telefonimni beradigan bo‘ldim. Bu hol har kuni takrorlanadigan, telefondan boshini ko‘tarmaydigan, arzimas narsalarni deb asabiylashib, jizzakilik qiladigan bo‘ldi. Ovqatlanishni ham unutib, ochlik his qilmay, ko‘zlari qizarib, pirpiratadigan bo‘ldi. Bu meni xavotirga soldi. Darhol ko‘z shifokoriga olib borib, ko‘rish qobiliyati pasayganligini bildim. Shundan so‘ng, qanday qilib uyali aloqadan ajratish haqida bosh qotirdim. Va har kuni ertak o‘qib berdim, keyin o‘zidan qayta hikoya qilib berishini so‘radim. Shu tariqa har kuni ertak aytishimni qiziqib kutadigan bo‘ldi.
Bolaning oldiga kattalar uyali aloqa ishlatmasliklarini iltimos qildim. O‘g‘lim o‘sha savil uyali aloqadan voz kechdi, sog‘ligi ham tiklandi. Uy ishlarimga yordam beradi, kitob o‘qiydi.

Dinara QO‘ZIMUROTOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

8 nafar yosh ish bilan band

Angor tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash maqsadida...

Qumdagi va toshdagi yozuv

Bir kuni ikki do‘st tortishib qolishdi va biri ikkinchisiga...

Taassurot hayratlanarli

Termiz davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari tashabbusi bilan talabalar “Qo‘g‘irchoq”...

Bizda bronza medal!

Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining III...
KunTun
KunTun