Mustaqilligimiz-ning 34 yilligi oldida turibmiz. Voha ahli ushbu bayramga munosib hozirlik ko‘rmoqda. Eng avvalo, o‘zlari yashaydigan ko‘cha va ovul, qishloq va shaharlarini obod qilishga, ko‘kalam-zorlashtirishga katta e’tibor qaratgan. Ayni sa’y-harakatlarimiz Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida qabul qilingan qarorlar va berilgan topshiriqlarga hamohang tarzda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, viloyatimizda og‘ir toifadagi mahallalar ro‘yxati shakllantirilib, ularda “Obod xonadon — obod ko‘cha — obod mahalla” mezonlari asosida manzilli ishlar qizg‘in tus olganini e’tirof etib o‘tish lozim.
Xususan, Oltinsoy tumanidagi “Mo‘minqul” mahallasida viloyat rahbarining topshiriqlari bilan ichki yo‘llarning 9,8 kilometr qismi asfaltlandi, 10 kilometr qismi toshlandi. Bu esa yo‘lovchilar, aholi uchun katta qulaylik yaratdi. Shuningdek, 8 kilometr elektr va 3 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i tortilib, 122 ta beton ustun va 2 ta transformator punkti o‘rnatildi.
245 ta xonadon internet tarmog‘iga ulandi, 71 nafar ishsiz fuqaro ishga joylashtirildi. Bu bilan kifoyalanmay, mahalladagi 500 dan ortiq xonadonning ko‘cha devorlari oqlandi, yordamga muhtoj oilalarning tomorqalari haydalib, ekin ekib berildi. Aholi bandligi va daromadini oshirish maqsadida Farovon ko‘chasida 340 metr uzunlikda voish tashkil etildi. Mahalladagi qabriston to‘liq obodonlashtirilib, yordamchi binolar qurildi.
Mana shunday bunyodkorlik ishlari qanday ketayotganiga qiziqqan viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Oltinsoy tumanidagi “Mo‘minqul” mahallasiga tashrif buyurib, nuroniylar va faollar hamrohligida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Nuroniylar qisqa muddatda aholi turmush farovonligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardan mamnun ekanliklarini bildirib, yurt tinchligi va xalqimiz farovon-ligini so‘rab, duoga qo‘l ochdi.
Tashrif davomida Bahodir Toshtemirov nomidagi uy kutubxonasi ham ko‘zdan kechirildi hamda “Qumpaykal” mahallasidagi 2-sonli maktabni ta’mirlash va yangi o‘quv yiliga tayyorlash jarayoni o‘rganildi.
O‘rganish yakunida tuman hokimligi faollar zalida qurilish sohasi mutasaddilari bilan dasturlar va topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi. Mas’ullarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish va ishlarni jadallashtirish bo‘yicha vazifalar topshirildi.
“Surxon tongi”

