Bugungi kunda ta’lim tizimida xalqaro standartlarga moslashish, jahon andozalariga xos tarzda kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilgan. Turgan gapki, amaliy sa’y-harakatlar ham ayni maqsadlarga mushtarak tarzda davom etmoqda. Yoshlar o‘zi qiziqqan soha sirlari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lib, salohiyatli kadr sifatida o‘zini ko‘rsatayotir. Natija esa maqtanarli.
Yurtimizning nafaqat markaziy, balki chekka hududlarida ham zamonaviy usulda jihozlangan yangi oliy ta’lim muassasalari ochilib, turli mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani fikrlarimiz isbotidir. Ilm esa yoshlarni kamolot cho‘qqisi sari ildam yetaklayotir. Dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishni davom ettirish, o‘z sohalarini puxta o‘rganib, amaliyotda sinash imkoniyati yigit-qizlarning ishtiyoqini oshirgan. Ana shunday imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutining 14 nafar bitiruvchisi ham dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qib, ulug‘ ajdodlariga munosib avlod bo‘lishga intilmoqda.
Institut o‘tgan qisqa davrda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun olti mingdan ortiq mutaxassis tayyor-
lab, katta hayotga yo‘llanma berdi.
Bu yil institutni 18 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 1 893 nafar, 8 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 37 nafar yigit-qiz tugatmoqda. Bitiruvchilarning bir nafari Prezident stipendiyasi, o‘n nafari nomdor stipendiyalar sovrindori.
19 nafari rektor stipendiyasiga sazovor bo‘lgan.
— Yara-tilayotgan imtiyoz va imko-niyatlar oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashda ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar namunasidir, — deydi institut rektori Oybek Ro‘ziyev. — Talabalarning o‘qib, izlanishi, yangilik yaratishi uchun barcha sharoit mavjud. Zamonaviy axborot-resurs markazi, o‘quv laboratoriyalari, sport inshootlari talabalarimiz ixtiyorida. Shu yil barcha qulayliklarga ega “Karyera markazi” foydalanishga topshirildi. Bu maskanda talabalarimiz nafaqat qo‘shimcha ilm-fan sirlarini egallashi, balki kasb-hunar o‘rganishi ham mumkin. Sport inshootlarida muntazam shug‘ullanayotgan bitiruvchilarimizning 14 nafari respublika va xalqaro darajadagi sport musobaqalarida g‘olib bo‘ldi. 521 nafari turli darajadagi xorijiy til sertifikatlarini qo‘lga kiritdi. Yangilanayotgan O‘zbekistonga munosib kadrlar bo‘lish orzusi bilan tinmay o‘qib, o‘rganayotgan talabalarimizga ish beruvchilarda ham qiziqish paydo bo‘lmoqda.
Shu yil oliy o‘quv yurtini tamomlayotgan yigit-qizlarning
782 nafari viloyatdagi turli tarmoqlarga ishga qabul qilindi. 900 dan oshiq bitiruvchi ishga joylashish uchun uch tomonlama shartnomaga ega bo‘ldi. Institutda tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markaziga murojaat etgan bitiruvchilardan 43 nafari imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini boshladi. Yana 68 nafariga yaqin kunlarda imtiyozli kredit ajratiladi. Yuzdan ortig‘i magistratura mutaxassisligi bo‘yicha o‘qishini davom ettiradi.
Institutda magistr darajasini olib, ilmiy ish qilishga, ilm-fan olamida yangilik yaratishga ishtiyoqi kuchli talabalarning bir qismi jahondagi eng nufuzli oliy ta’lim muassasalariga intilayotgani e’tiborga sazovor. Masalan, “Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilari — Mastona Aymatova hamda Olimjon Raimov TOP-1000 universitetlar reytingida 574-o‘rinni egallab turgan Janubiy Koreyaning Gachon universitetida grant asosida tahsil olish huquqini qo‘lga kiritdi. Bitiruvchi Jamshid Tilovmurodov Italiya Respublikasining dunyo reytingida nufuzli TOP-mingtalikka kiruvchi Missina universiteti magistratura bosqichida grant asosida o‘qiydigan bo‘ldi. Talaba Jamshid Omonkeldiyev esa Janubiy Koreyaning Sejong universitetiga magistratura mutaxassisligiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi. Filologiya fakulteti “O‘zga tilli guruhlarda rus tili” ta’lim yo‘nalishining o‘n nafar bitiruvchisi Rossiya Federatsiyasining N.A.Dobrolyubov nomidagi Nijegorod davlat lingvistika universiteti magistratura bosqichiga grant asosida o‘qishga qabul qilindi.
— Qadimda Chag‘oniyon nomi bilan mashhur bo‘lgan hozirgi Denov tumani ilm-fan, madaniyat rivojlangan hudud sanalgan, — deydi bitiruvchi Jamshid Tilovmurodov. — Endilikda Denov ana shu shuhratini qayta tiklashi uchun barcha sharoit yaratilib, zamonaviy oliy ta’lim muassasasi ilmga chanqoq yoshlarni o‘z bag‘riga olmoqda. Bu yil shu dargohni tugatyapman. Kelajakda ilm-fan bilan shug‘ullanish orzum bor edi. Buning uchun xorijda ta’lim olishga ahd qildim. Italiyaning Missina universiteti magistratura bosqichiga grant asosida o‘qishga kirdim. Bunda institutda olgan bilimlarim juda qo‘l keldi. Biz yoshlarning o‘qib, izlanishimiz, jahonning eng mashhur oliy ta’lim muassasalarida ta’limni davom ettirishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratgan davlatimizdan behad minnatdormiz.
Institut bitiruvchilarida o‘qishni xorijda davom ettirishga katta qiziqish bildirilayotgani bu dargohda ta’lim sifatini, institut bitiruvchilarining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir.
S.NORMURODOVA