Insoniyat tarixida ezgulik, adolat va rahm-shafqatni eng mukammal tarzda yoritgan din bu — Islomdir. Bu din faqatgina ibodatga chaqirmaydi, balki har bir odamning qalbiga mehr, muomalasiga odob, hayotiga ma’no olib kiradi. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Ehsonning mukofoti faqat ehson emasmi?” (Ar-Rahmon, 60-oyat).
Bu oyat bizga shuni eslatadiki, yaxshilikning javobi — yana yaxshilikdir. Bu hayotda kimdir sizga kulib qarasa, siz ham unga kuling. Kimdir sizga mehr qilsa, siz undan ortig‘ini qiling. Chunki Islom shunday ruhiy tarbiyani o‘rgatadi.
Ehson — faqat moddiy yordam emas
Ko‘pchilik ehsonni pul berish, ovqat ulashish deb tushunadi. Aslida esa ehson — har bir chiroyli so‘z, xushmuomalalik, kechirimlilik, yaxshi niyat va hatto, yo‘ldan toshni olib tashlash hamdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Yaxshi so‘z — sadaqadir” — deb marhamat qilganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam faqat musulmonlarga emas, musulmon bo‘lmaganlarga ham ehson qilganlar. Makkani fath qilgan kunlari, o‘zlariga yillar davomida dushmanlik qilgan insonlarga ham kechirim, rahmat va mehr ko‘rsatganlar. Abu Sufyon singari musulmon bo‘lmaganlar ham ularning ehsonidan ta’sirlanib, Islomni qabul qilgan.
Sahobalar ibrati
Sahobalar ham u zotning yo‘lidan borib, g‘ayridin qo‘shnilariga, musofirlarga, kambag‘allarga yordam qo‘lini cho‘zgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu davrida musulmon bo‘lmaganlar ham o‘zini ishonchli va hurmatli his qilgan.
Yaxshilik — qalblarni yoritadi
Bugun jamiyatimizda mehr-oqibat, sabr, kechirim, ehson kabi fazilatlarni tiklash har qachongidan ham muhim. Har birimiz oilamizda, ishxonamizda, ko‘chamizda ezgulik tarqatsak, jamiyatimiz nurli, totuv va barakali bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida: Islom — zulmatga qarshi ezgulik mash’alidir. Bu mash’alani ko‘tarib yurgan inson o’zini ham boshqalarni ham zulmatda qoldirmaydi. Har bir yaxshilik Alloh huzurida munosib mukofotlanadi. Keling, ehson qilishni odat qilaylik. Chunki ehsonning mukofoti — ehsondir!
Umarali Uljayev,
Imom termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi