So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosat sohasida faol va muvozanatli harakatlari bilan xalqaro maydonda o‘z o‘rnini tobora mustahkamlamoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yuritilayotgan ochiq, pragmatik va tinchliksevar siyosat mamlakatning nufuzini jahon miqyosida oshib borishiga zamin yaratdi. Bu siyosiy yurishning yorqin namunalaridan biri sifatida 2025-yil 19-22-may kunlari Vengriya va Sloveniyaga amalga oshirilgan rasmiy tashriflarni keltirish mumkin.
Ayniqsa, Vengriya bilan munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi. Tarixiy, madaniy va siyosiy umumiyliklarga asoslangan hamkorlik bugungi kunda strategik darajaga yetib keldi. 2016-yilda Toshkentda Vengriya elchixonasining ochilishi va 2023-yildan boshlab Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasining faoliyat boshlashi munosabatlarni institutsional poydevorga qo‘ydi. 2021-yilda esa ikki mamlakat rahbarlari strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edilar.
Bugungi kunda parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar va hududlar darajasida samarali muloqot va hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston va Vengriya BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda.
Prezident Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi Budapeshtdagi ishbilarmon doiralar bilan uchrashuvdan boshlandi. Bu tashabbus ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi. Ustuvor yo‘nalishlar sifatida:
- Qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish,
- Mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish,
- Transport va logistika tizimlarini integratsiyalash,
- To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni kengaytirish kabi muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, transport va yo‘l infratuzilmasini yangilash, logistika markazlari qurish, qurilish, to‘qimachilik va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Vengriyaning yetakchi “OTP” bankining O‘zbekiston moliya bozoriga kirishi Yevropa biznesi uchun ijobiy signal bo‘lib xizmat qildi. Ushbu bank bilan moliyalashtirish, avtokreditlash va biznesni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlik kengaymoqda.
Tashrif doirasida imzolangan muhim hujjatlar hamkorlikning ko‘p qirrali va tizimli rivojlanayotganidan dalolat beradi. Jumladan: - Ekstraditsiya to‘g‘risida shartnoma,
- Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va tabiiy ofatlar monitoringi bo‘yicha kelishuvlar,
- Ilm-fan, innovatsiyalar, tinch atom sohalarida hamkorlik
bo‘yicha idoralararo hujjatlar almashildi.
Eng muhim voqealardan biri – ikki davlat rahbarlari tomonidan kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanganidir. Bu hujjat ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va manfaatlarga asoslangan hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
Prezident Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi nafaqat ikki tomonlama munosabatlar doirasida, balki xalqaro siyosiy maydonda ham katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar bu tashrifni O‘zbekiston tashqi siyosatining muvaffaqiyatli namunasi sifatida baholamoqda.
E’tiborga molik jihatlardan yana biri — bu galgi tashrif davomida 1,5 milliard yevrolik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish rejasi tayyorlanganidir. Hozirgi vaqtdagi loyihalar portfeli 500 million dollardan oshgani esa bu sohadagi ishlarning samaradorligini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning Vengriya va Sloveniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi dunyoga yana bir bor mamlakatning ochiq, pragmatik va hamkorlikka tayyor tashqi siyosatini namoyon etdi. Bu tashrif, shubhasiz, nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining Yevropa bilan strategik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston bugungi kunda dunyo sahnasida o‘z so‘zi va o‘z yo‘li bor mustaqil davlat sifatida dadil qadamlar tashlamoqda.
Gulbahor Tangirova,
O‘zLiDeP viloyat Kengashi deputati