MAJLIS HAM ISH…

Date:

Ertalab soat to‘qqizda o‘tkazadigan yig‘ilishiga o‘zi kechikkan boshliq qabulxonada kotibadan boshqa hech kim yo‘qligidan ajablanganini yashirmadi.

– Majlisga aytilganlar qani?

– Sizni rosa bir soat kutishdi, keyin o‘rinbosaringiz hammani turli yig‘ilishlarga jo‘natdi.

– O‘rinbosarning o‘zi qayerda?

– Vazirlikka ketdi, sizning o‘rningizga.

– Bosh muhandis-chi?

– Viloyat kasaba uyushmasi kengashining texnika xavfsizligi bo‘yicha tadbiri bor ekan…

– Kasaba uyushmamiz boshlig‘i-chi?

– Parashyut sporti federatsiyasiga siz boshliqsiz. Shoshilinch majlis o‘tkazilayotgan ekan. O‘rningizga o‘shani yuborishdi.

– Bosh hisobchi shu yerdadir?

– Debitor qarzlar bo‘yicha birlashmada hisobot bor ekan. Sizning shaxsan ishtirok etishingiz tayinlangan. «Rahbarning o‘zi kelmadimi, deya meni urishadi», deb boshbux qo‘rqib-qo‘rqib ketdi.

– Nechta yig‘ilishga aytishgan, o‘zi?

– Yettita, o‘rtoq direktor.

– Hammasi bir vaqtdami?

– Ikkitasi to‘qqizda, beshtasi o‘nda.

– Men xodimlarning ko‘proq o‘z joylarida, o‘z ishlari bilan band bo‘lishlari haqida majlis o‘tkazmoqchi edim, esiz. Binoga kirishda qorovulni ko‘rmadim. Qayerda u?

– Yig‘ilishda.

– Qorovulni so‘ryapman. U qanaqa yig‘ilishda?

– Qorovulimiz o‘z ishidan tashqari bizda bog‘bonlik vazifasini ham bajaradi. Shuni e’tiborga olib, o‘rinbosar uni tuman tabiatni muhofaza qilish bo‘limida o‘tkaziladigan yig‘ilishga yubordi.

– Obbo!.. – Boshini qashlab o‘yladi boshliq: hamma majlisda, ammo majlis ham ish degani aslida, okosi, chunki har qanday yig‘ilishda ish haqida gapiriladi-da!..

U kotibaga yuzlandi:

– Bo‘pti!.. Bugungi yig‘ilishni ertaga soat to‘qqizda o‘tkazamiz. Hammaga tayinlang.

– Xo‘p bo‘ladi, ammo… ertaga soat to‘qqizda sizni uchta yig‘ilishga aytishgan…

X. NURULLAYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Musiqa terapiya assotsiatsiyasi tashkil etiladi

O‘zbekistonda musiqa terapiya sohasini rivojlantirish va uning zamonaviy tibbiyotdagi...

Tarbiyalanuvchilar uchun avtobus ajratildi

Boysun tumanining chekka hududlaridagi bolalar uchun maxsus avtobus ajratildi....

Narxlar barqaror

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik nafaqat issiqlik ta’minoti yoki energiya masalasi,...

Yangi o‘quv markazlari tashkil etiladi

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida rektor Rasul To‘rayev...
KunTun
KunTun