Eng to‘g‘ri savol

Date:

Bolakay o‘zining uchoyoqli velosipedida aylanib yurgan edi. O‘rindiqlardan birida o‘ksinib yig‘layotgan yosh ayolga hayron qarab qoldi. Keyin yoniga borib, sekingina so‘radi:
– Xolajon, sizga nima bo‘ldi? Nega yig‘layapsiz?
Ayolning ko‘zlari qizarib ketgan edi. Og‘ir “uh” tortgancha:
– Sen hali bu narsalarni tushunishga kichkinalik qilasan, – dedi va avvalgidan ham battar yig‘lab yubordi. Bolaning hayronligi ortdi, shoshilib savol berdi:
– Biror joyingiz og‘riyaptimi, xolajon? Agar sizga velosipedimni bersam, yig‘lamaysizmi?
Jajji bolakayning mehribonligidan ayol yanayam o‘ksinib ketdi, alam bilan dedi:
– Bolam-a, meni bu dunyoda hech kim yaxshi ko‘rmaydi. Hech kimga kerak emasman, hech kimga!
Bola birdan jiddiy tortdi:
– Sizga buni odamlarning o‘zi aytdimi? Siz xammadan so‘radingizmi?
Bu so‘roqdan ayol bir necha soniyadayoq o‘ziga keldi. Soddalik bilan bergan savolida bolaning o‘zi ham anglamagan haqiqat bor edi. Axir, hayot faqatgina bir kishining sevgisi, munosabatidan iborat emas-ku! Umriga mazmun bag‘ishlagan, farishtadek beg‘ubor farzandlari uni jonu dildan yaxshi ko‘rishlari yolg‘onmi? Juft kabutarday bir-biriga suyanib qolgan ota-onasining sevgisi yana kimda va qayerda bor? Atrofidagi shuncha ne’matni ko‘rmay, bir orsiz uchun qadrini to‘kib, yig‘lab o‘tirganidan uyalib ketdi. Ko‘zyoshlarini artdi, mayin jilmayib bolaning boshini silar ekan:
– To‘g‘ri aytding, o‘g‘lim, – dedi. – Hammadan so‘rashni unutibman, rahmat senga.
Bola “g‘alati xola”ning nima uchun rahmat aytgani, nimaga yig‘lagani-yu nima uchun kulganining ham ma’nosini tushunmadi. Bir muddat o‘ylanib turdi, keyin o‘ynayotgan o‘rtoqlarining yoniga ketdi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kredit to‘lovi yechilgach, kartada 680 ming so‘m qolishi shart

Markaziy bankning Nizomiga kiritilgan yangi talabga ko‘ra, kredit yoki...

Kamchiliklar muhokamada

Sherobod tumani IIBda 2026-yilning 9 oylik faoliyati yakunlari tanqidiy...

«Baxt ostonasi: Mustahkam oilaning oltin qoidalari»

Sho‘rchi tumanida yosh kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilalarda sog‘lom...

Natija quvonarli

Termiz shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida gandbol bo‘yicha...
KunTun
KunTun