Kim bo‘lishingizni harakatlaringiz, intilishlaringiz belgilab beradi. Rag‘bat esa hammaga yoqadi, ammo unga munosib bo‘lmoq lozim. Muvaffaqiyatsizlikka uchrayotganlar o‘zlariga savol berib, muammolarni bartaraf etish yo‘llarini izlasagina, maqsadlar mohiyatini tushunib yetadi. Muvaffaqiyatning kaliti faqatgina omadga bog‘liq emas, tinimsiz izlanish, mehnat-u harakatdadir. Vohadoshimiz Sanjar Sadiyev ham o‘ziga nisbatan talabchan, o‘quvchilik yillaridanoq tengdoshlari orasida yetakchiligi, atrofdagilarni ergashtira olishi bilan ajralib turardi. Shu sabab doimo birinchi edi, ilg‘or va muvaffaqiyatli deb e’tirof etilardi.Insondagi bunday jihatlar vaqt o‘tishi bilan susaymas ekan, qaytanga yanada rivojlanib, yangi imkonga erishib, o‘z-o‘zini kashf etishga hissa qo‘sharkan. To‘g‘ri-da, yashayapmizmi, vaqtimizni bekorga, bejiz o‘tkazmasligimiz shart. Afsuski, buni anglab yetmaganlar ham ko‘plab topiladi. Ammo Sanjar Sadiyev lug‘atida, ong-u shuurida bunday tushunchalar yo‘q. U mehnat faoliyatini viloyat musiqali drama teatrida davom ettirmoqda. Zinhor aktyor yoki rejissyor emas, umuman san’atga aloqasi yo‘q bo‘limda, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i sifatida. Ammo ko‘ngli san’atdan uzoqda emas. Teatrdagi har bir spektaklni bir necha martalab tomosha qilgan. Hatto ijod ahliga o‘zining fikri, tavsiyalarini ham bergan. Shu bilan birga bu spektakllar uni ilhomlantira olgan. Turli mavzularda maqolalar yozish ishtiyoqini oshirgan.Mavzularni tadqiq etarkan, so‘nggi izlanishida baxshichilikning kelib chiqishini o‘rgandi. Xalq og‘zaki ijodiga murojaat qildi, baxshilar bilan suhbatlashdi. Dostonlarni tinglab, baxshining dardini, tuyg‘ularini anglashga, tushunishga, his etishga tutindi. Bularning bari jamlanib, baxshichilikning paydo bo‘lishi haqidagi maqolasi yozildi. O‘sha kunlarda esa ijtimoiy tarmoqlarda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) miqyosida “Scientific Academy” ilm-ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy ko‘rik-tanlovining 13-turi e’lon qilinganini ko‘rdi-yu, baxshichilik yo‘nalishida yozgan maqolasi bilan ishtirok etmoqchi bo‘ldi. Belgilangan manzilga tanlov shartlari bo‘yicha hujjat va materialni taqdim etdi.Biroz vaqt o‘tar-o‘tmas ilm-ma’rifat markazi nomzodlarni taqdirlash marosimiga Sanjar Sadiyevni ham taklif etdi. Birma-bir g‘oliblar tantanali ravishda taqdirlanayotgan jarayonni kuzatishning o‘ziyoq kishiga g‘oliblikdan kam taassurot bermasdi. Ayni lahzalarda esa katta sahnada Sanjar Sadiyevni ham “Fidoyi xizmatlari uchun” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganini e’lon qilib qolishgani esa mehnat-u harakatlarning, izlanishlarning shirin mevasi edi.— Ushbu esdalik nishoni bilan taqdirlanaman deb o‘ylamagan edim, — deydi S.Sadiyev. — Shukrki, munosib ko‘rishdi. Bu ilmiy yo‘nalishda o‘zimni sinashga ishtiyoqimni oshirdi. Yangi mavzularni o‘ylab qo‘yganman, shu mavzular bo‘yicha izlanishlar olib borib, soha rivoji uchun munosib hissa qo‘shaman.
S.NORMURODOVA