Abdulla Avloniy “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdur” deganida haq edi. Haqiqatab ham ona tilimizning millat, davlat, jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni juda muhim, o‘ta zaruriy va dolzarbdir. Zero, bu tushunchalar o‘zarodialektik bog‘liq va aloqador tushunchalardir. Millat, davlat, jamiyat taraqqiy qilar ekan, uning tili va tilshunosligi taraqqiy qilib boradi. Davlat, jamiyatdagi o‘zgarishlar birinchi navbatda tilda, xususan, uning leksikasida – lug‘at boyligida o‘z aksini topadi. Modomiki, til ijtimoiy xarakterga ega ekan, ijtimoiy hayotdagi taraqqiyot tildagi taraqqiyotni belgilab beradi. Va, o‘z navbatida, til va tilshunoslikning taraqqiyoti jamiyat, davlat taraqqiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Buning isbotini bugungi kundagi dunyo manzarasidan topish mumkin – qaysi mamlakatda – jamiyatda tinchlik, farovonlik hukm surayotgan bo‘lsa, shu yerda til va tilshunoslik taraqqiy qilyapti va buning aksi bo‘lgan mamlakatlarda til va tilshunoslik rivoji haqida fikr yuritish amri mahol.
Qolaversa, til, avvalo, millatni millat qiluvchi vosita, u millatning ko‘zgusidir. Tilimizda bizning qiyofamiz, ma’naviyatimiz aks etadi, til millat vakilining ma’naviyatini namoyon qiladi. Bugungi kunda o‘zbek tili milliy mafkuramizning tarkibiy qismlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Bugungi kunda tillarning yo‘qolishi natijasi o‘laroq, lingvistik xilma-xillik masalasi xavf ostida qolayotganligi, dunyo aholisining 40 foizi o‘zlari uchun tushunarli tilda ta’lim olish imkoniga ega emasligini ko‘rsatadi. Ko‘p tilli va ko‘p madaniyatli jamiyatlar an’anaviy bilim va madaniyatlarni barqaror ravishda yetkazib beradigan va saqlaydigan tillari borligi uchun ham mavjuddir.
Termiz davlat universitetida doimiy tarzda tashkil etib kelinayotgan tadbirlar, uchrashuvlarda tilimiz sofligini saqlashga katta e’tibor qaratiladi. Mana shunday targ‘ibotlarimiz tag zamirida kelgusi avlodlarga ona tilimizni sof, boyigan holda meros bo‘lib qoldirish maqsadi mujassam.
Jamshid NAZAROV