BITTA ODAM ORTIQCHA (hajviya)

Date:

Ertalab. Bekat. Avtobus tiqilinch. Yo‘lovchilar uning ustiga chiqqudek bo‘lib osilmoqda. Qiy-chuv, shovqin-suron…
— Sal suriling, aka! E, yashang, yana bir santimetr!..
— O‘v, sekinroq! Ko‘z qayoqda, oyoqni ezding-ku, nomard?!
— Qani, qani, yana jindek surilinglarchi, azamatlar! Bitta yaxshi odam qolib ketmasin!
— E, qayoqqa chiqaman? Oyoq qo‘yadigan joy yo‘q-ku, amaki!
— Shu-u… aptobusni rezinkadan ishlab chiqarilsa, bo‘lmasmikan-a! Hammamiz sig‘ib ketardik!..
Bularga qo‘shimcha haydovchining bo‘g‘iq tovushi quloqqa chalinib qolardi:
— Agar eshiklar yopilmasa, hech qayoqqa qimirlamayman!..
Boz ustiga qo‘liga bir dasta pul ushlab olgan baqaloq chiptachi xotin ham hali old, hali orqa eshik oldida chirqillagani-chirqillagan edi:
— Yo‘l haqi to‘lashni unutmanglar! Avtobusga sig‘may qolganlar xafa bo‘lishmasin. Orqadan boshqasi kelyapti… Ho-oy, sizni chiptangiz qani yaxshi, yigit? Qani, qani, tez-tez qimirlay qolinglar! Grafik buzilmasin. Orqa eshik yopilmaguncha avtobus yurmaydi. Chiqinglar, chiqa qolinglar!..
— Qayoqqa chiqamiz, opa? — deyman bo‘g‘ilib. — Tomiga chiqib bo‘lmaydi-ku, axir?
— Bunisi mening ishim emas, — deydi u. — Chiqinglar! Bo‘lmasa, ortiqcha yo‘lovchilar tushib qolishsin!
— To‘g‘ri aytasiz, — hiringlaydi eshikka osilib turgan talaba yigitchalardan biri. — Shu, bitta odam ortiqchalik qilib turibdi-da!
— Kim ortiqcha? — do‘rillab bo‘ynini cho‘zadi uning orqasida osilib turgan barzangi yigit.
— Sizni aytmayapman-ku, aka, — bo‘ynini qisadi talaba yigitcha.
— Qani azamatlar, yana bir urinib ko‘raylik! Qolgan-qoldi, ketgan-ketdi! — xitob qiladi boshqa bir yo‘lovchi.
… Hansirash, chiranish, inqillash, oh-uh boshlandi va nihoyat eshiklar g‘irchillab arang yopildi. Avtobus yo‘lga tushdi. Bir bekat yurdi, ikki bekat. Negadir baqaloq chiptachi xotinning ovozi eshitilmay qoldi.
— To‘g‘ri, bitta odam ortiqcha ekan! — yengil nafas oldi yo‘lovchilar…

Erkin Usmon

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ijtimoiy yordamlar shaffof va manzilli

Vazirlar Mahkamasining 25-fevraldagi 78-son qaroriga muvofiq “Yoshlar daftari” jamg‘armasi...

Ustamasi bor

Prezident farmoni bilan 2026—2028-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va...

YHQ jarimasi ustidan shikoyat

Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar bugun asosan avtomatik...

Tajribasi g‘alabaga eltadi

Sport vaziri Adkham Ikramovning navbatdagi tashrif manzili Termiz shahridagi...
KunTun
KunTun