Keyingi yillarda yurtimizda ham barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan ulkan chora-tadbirlar amalga oshirildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Xususan, ta’lim sohasi qamrovi kengaydi. Xususiy bog‘cha, maktab va oliy ta’limga katta e’tibor qaratilib, xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari filiallari ochildi. Bu, o‘z navbatida, tizimda raqobat muhitini yaratdi. Raqobat esa sifat sari yo‘l demakdir.
Ta’kidlash joizki, bugungi globallashuv va mafkuraviy kurash sharoitida pedagog xodimlardan ham katta mas’uliyat va bilim talab etiladi. Bu borada Prezidentimiz,“Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar. Buning uchun avvalo o‘qituvchining o‘zi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan 7 yilda ta’lim sohasini rivojlantirishga jami 216 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun byudjetdan 19,5 trillion so‘m sarflandi. 6 mingta davlat maktabi, 3,5 mingta bog‘cha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bog‘chalar 250 tadan 30 mingtaga ko‘paydi. Bundan tashqari, joylarda 1 ming 300 ta tayanch maktab va 200 ta bog‘cha tanlab olinib, yosh pedagoglar uchun “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tashkil etilgan. Buning uchun yetakchi o‘qituvchilarning ish haqiga 20 foiz ustama qo‘shilishi belgilangan.
E’tiborlisi, belgilangan vazifalar orasida ta’lim sifati va zamonoviy texnologiyalarga ham ustuvorlik berilgan. O‘tgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinfxonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlangan. Kelgusi yil yana 2 mingta kompyuter sinflari yangilanishi belgilangan. Shu bilan birga, Singapurlik 16 nafar ekspert matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchilarining kasb mahoratini oshirishi, pedagoglar sun’iy intellektga asoslangan ta’lim platformasida bilimlarini bir yil davomida muntazam sinovdan o‘tkazishi qayd etilgan.
Shuningdek, yil davomida teatr va kino san’atidan foydalanish, yoshlar ijodini qo‘llab-quvvatlash, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, kitobxonlikni yanada kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Yuqorida asosan Maktab va maktabgacha ta’lim sohasiga oid belgilangan vazifalar pedagogik oliy ta’lim tizimiga ham alohida mas’uliyat yuklaydi. Sababi, sohaga oid belgilangan maqsad va vazifalarning qay darajada bajarilishi oliy ta’lim tizimidan chiqayotgan kadrlar salohiyatiga ham bevosita bog‘liq. Shu ma’noda aytish kerakki, bu borada biz faoliyat yuritayotgan Termiz davlat pedagogika instituti ham qator rejalar asosida harakat qilmoqda.
Viloyatimizda ta’lim sifati past bo‘lgan umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish reyting ko‘rsatkichi mezonlarini yuqori pog‘onaga ko‘tarish maqsadida viloyatdagi oliy ta’lim mussasalarining ilmiy darajaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilaridan mobil metodik guruhlar shakllantirilib, bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, viloyatimizda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalari Oltinsoy tumanidagi ta’lim sifati past bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan amaliy hamkorlik o‘rnatgan. Biz faoliyat olib borayotgan Termiz davlat pedagogika instituti ham Oltinsoy tumanidagi 15 ta umumta’lim maktablari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mana shu hamkorlik asosida bugungacha quyidagi amaliy ishlar amalga oshirildi.
Hozirgi kun talablariga javob beradigan va oliy ta’lim dasturlariga moslashtirilgan o‘quv dasturlar ishlab chiqildi hamda amaliyotga joriy qilindi. O‘quvchilarning bilim darajasini rivojlantirish, oliy ta’limga kirish holatini oshirish maqsadida umumta’lim maktabdagi 17 ta fandan har oyda 2 ta oflayn va 2 ta onlayn tarzda institutning malakali professor-o‘qituvchilar tomonidan dars mashg‘ulotlari,o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish maqsadida institutning malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan 4 ta seminar-trening, o‘quvchilarning bilim olish jarayonini samarali tashkil etish maqsadida 128 ta fan to‘garaklari tashkil etildi hamda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kutubxonani zamonaviy o‘quv hamda badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash maqsadida 200 dan ortiq kitoblar taqdim etildi.
Umuman olganda, mamlakatimizdagi ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan islohotlar ertangi kun uchun, yoshlar uchun, ularning kelajagi uchun xizmat qilinmoqda. Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan harakatlari ertaga, albatta, o‘z natijalarini ko‘rsatishiga ishonamiz.
Azizbek XASANOV,
Termiz davlat pedagogika instituti rektori, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati,
Akmal AVLIYOQULOV,
O‘zMTDP viloyat Kengashi raisi o‘rinbosari