Ko‘chaga chiqishimiz hamono toza-ozoda, saranjom-sarishta yo‘lkalar, shahar husniga zeb bergan manzara ko‘zimiz qamashtiradi. Qish kunlarida ham bahor nafasin ulashayotgan anvoyi gullar, obod manzillardan bahri dilimiz ochiladi. chehrasi ochiq, istarasi quyoshdek taftli insonlar esa bu munavvar manzillarga yarashadi, ko‘rk beradi. Borar manzilimiz bozor bo‘lsa, arzon va sifatli mahsulotlar bilan to‘lgan bozor rastalari boshida shirinsuhan va tavoze’li sotuvchilar qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, xizmat ko‘rsatadi. Biror tashkilot yoki idora eshigini qoqamizmi, shifo maskaniga boramizmi, inson qadri ulug‘langan bir muhitga tushib qolamiz. Ishlagani kasb-u korimiz, ro‘zg‘orimizni but qiladigan imkoniyatimiz bor. Shunisiga ham shukr. Endi mana shunday imkoniyatlardan bahramand xalqning bir vakili sifatida balandparvoz fikrlar aytmaylikmi, shukrona qilmaylikmi? Holbuki, ko‘zbo‘yamachilikdan, faqat qog‘ozda bitadigan muammolardan yiroqmiz. Ha, biz ana shunday serquyosh o‘lkada yashayapmiz. Viloyatimiz rahbari esa har bir sohadagi o‘zgarish, yangilanishlarga tamal toshi qo‘yib, berilgan topshiriq va vazifalarni, bir so‘z bilan aytganda, islohotlarning ijrosini nazoratga oladi.
Shu sabab, hududlar infratuzilmasi yaxshilanib, atrofimiz obod, yo‘llarimiz ravon, ishsizlikka barham berilib, hayotimiz farovonlik sari yuz tutgan. Ana shunday ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida bu safar ham Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatda zaruriy shart-sharoitlarni yaratish, muammolarni bartaraf etib, aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar, shuningdek, korxonalar faoliyati, qishloq xo‘jaligi maydonlarida amalga oshirilayotgan tadbirlar bilan tanishish maqsadida Termiz shahri hamda Termiz, Jarqo‘rg‘on, Angor va Sherobod tumanlariga tashrif buyurdi.
Birinchi navbatda, Termiz xalqaro aeroportining kutish zalini ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Termiz va Jarqo‘rg‘on tumanlarida barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlari ham yoddan ko‘tarilmadi. Ushbu massivlardagi turar joylar, ijtimoiy va tadbirkorlik obyektlari qurilishi bilan birga Angor tumani “Bahor” mahallasida aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan samarali foydalanish, mahsulotlar yetishtirish va eksportga yo‘naltirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash, yer maydonlarini mavsumga tayyorlash ishlari bilan ham tanishildi. Shuningdek, ushbu mahallada joylashgan “Top Quality Brand” MCHJning terini qayta ishlash korxonasi faoliyati hamda ushbu hududda tashkil etilayotgan “Bahor” charm sanoatiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi loyihasining qurilishi ko‘zdan kechirildi. Loyihani sifatli amalga oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p, rejalar bisyor, vaqt esa chegaralangan. Ayni ro‘kach bilan hududlarga tashrif yakunlanganda ham Termiz shahriga qaytgan viloyat rahbari yaxshi bir ishni boshlab berdi. Shahar markazida qad rostlashi kutilayotgan “Termiz sity mall” loyihasining qurilishiga start berdi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, shahrimizning zamonaviy qiyofasi tubdan o‘zgarishi aniq. Natijada, tadbirkorlik muhiti yaxshilanishi reja qilinayotgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi hisobiga ko‘plab xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalari hamda ko‘ngilochar maskanlar barpo etiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
“Termiz sity mall” — Termiz qiyofasini o‘zgartiradi
Date: