SABR VA SHUKRNING FAZILATI

Date:

“Shukr” so‘zi lug‘atda “minnatdorchilik bildirmoq”, “maqtamoq” degan ma’nolarni bildiradi. Qur’oni karimda, hadisi shariflarda, islom allomalarining bebaho asarlarida shukr fazilatiga ko‘plab ta’rif va tavsiflar berilgan. Jumladan, Qur’oni karimning Baqara surasi, 172-oyatida Alloh taolo shunday deb marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga biz rizq qilib bergan pokiza narsalarni yeb, unga shukr qilingiz”.
Ibrohim surasi 7-oyatida esa Alloh taolo: “Qaramki, agar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman”, – deb marhamat qiladi. Ushbu oyati karimadan ham anglash mumkinki, shukronalik fazilati ne’matlarni ziyoda qiluvchi fazilatlardandir. Banda qanchalik shukronalik keltirishda bardavom bo‘lsa, Alloh taolo ham bu ne’matlarni ziyoda qilishda bardavom bo‘ladi. Ali ibn Abu Tolib r.a. aytganlaridek: “Ne’mat shukrga, shukr ziyodalikka bog‘langandir”. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasalllamning bir hadislarida “Banda qanchalik shukr qiluvchi bo‘lsa, bu uning o‘zi uchun yaxshi, banda qanchalik sabr qiluvchi bo‘lsa, bu ham uning o‘zi uchun yaxshi”, – deyilgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmabdi”, – deydilar.
Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asarida shukr fazilati bir rivoyat vositasida go‘zal tarzda ta’riflangan. Bir musofir yo‘lda ketar ekan, oyoq kiyimining nihoyatda eskirib ketganligidan “shunday ham nochor bo‘lamanmi”, – deb nolib ketarkan, shahar darvozasiga yetganda, darvoza oldida nochor ahvoldagi bir tilanchiga ko‘zi tushadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, tilanchining ikkala oyog‘i ham yo‘q edi. Shunda musofir odam sihat-salomatligi uchun, sog‘lom oyoqlar bergani uchun Alloh taologa shukronalik keltiribdi.
Shukronalik fazilati mehr-oqibat, qanoat, sabr-toqat kabi fazilatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu xislatlar bir-birini taqozo etib turadi. Mo‘min banda shukronalik orqali iymonini mustahkamlaydi, dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Shukronalik fazilatining mustahkam bo‘lishida sabrning ham o‘rni beqiyosdir. Alloh taolo Qur’oni karimning Anfol surasi 46-oyatida: “Sabrli bo‘ling, albatta Alloh sabr qilguvchilar bilan birgadir”, – deb marhamat qiladi. Inson hayoti turli-tuman qiyinchiliklar, notekisliklar bilan to‘la bo‘lib, bunday vaziyatlarda Alloh taoloning “Biron musibat kelganda: “Albatta biz Allohnikimiz va albatta unga qaytguvchimiz, deydigan sobirlarga xushxabar bering”, – degan oyati karimasiga rioya qilish haqiqiy sobirlarga xos bo‘lgan xislatdir. Rasululloh aytganlaridek: “Hech kimga sabrdan yaxshiroq va ulkanroq ne’mat berilmagan”.
Alloh taolo yurtimizga o‘zining bebaho ne’matlarini to‘kin-sochin qilib bergan. Ushbu ne’matlar ichida tinchlik, barqarorlik ne’mati eng aziz ne’matlardan ekanligi shubhasiz. Tinchlik orqali ilm-fan, madaniyat, san’at, me’morchilik rivoj topadi, diniy-ma’rifiy soha taraqqiyotga yuz tutadi, diniy bag‘rikenglik g‘oyasi yuksaladi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, barcha ilmiy yuksalishlar, Sharqda va Gʻarbda yuz bergan Uyg‘onish davrlarining asosida tinchlik omili turganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, IX-XII asrlardagi birinchi Sharq Renessansi, Amir Temur va Temuriylar davrida ilm-fan sohasidagi taraqqiyotga mamlakatda o‘rnatilgan osoyishtalik asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu ne’matning qadrlanmasligi, asrab-avaylanmasligi natijasida esa jamiyatlar, qudratli saltanatlar tanazzulga yuz tutgan, ming-minglab insonlarning hayoti barbod bo‘lgan.
Allohning kalomi – Qur’oni karimda tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, unga shukronalik keltirish borasida Yaratuvchi shunday deb marhamat qiladi: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur”(Isro surasi 83-oyat.).
Ushbu oyatlar, hadisi shariflar va buyuk allomalarning hikmatlaridan kelib chiqib aytish mumkinki, Allohning o‘z bandalariga ato etgan tinchlik, barqarorlik va boshqa moddiy-ma’naviy ne’matlariga shukronalik keltirish, musibatli onlarda esa sabrli bo‘lish mo‘min kishining asosiy fazilatlaridandir.

Husniddin Ruziyev,
TerDU o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Ehson

— Alo, Assalomu alaykum, bu ehsonchi akani telefonlarimi?— Vaaleykum...

Giyohvandlikka qarshi kurash masalalari muhokama qilindi

Giyohvandlik, psixotrop moddalarga ruju qo‘yish holatlariga afsuski, duch kelmoqdamiz....

MTTda o‘yin maydonchalari barpo etilmoqda

Bog‘cha bolajonlarning sevimli maskani. Do‘stlari bilan vaqtini mazmunli o‘tkazadigan,...

“Turon yoʻlbarslari” bellashishdi

Surxondaryo viloyatida joylashgan Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab...
KunTun
KunTun