Oila har jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi.Oila mustahkamligi, tinchligi uchun ayniqsa, er va xotinning o‘zaro murosa-madoraga borishi, g‘azabi kelganda uni yengishi va shirin so‘zli bo‘lishi, shu bilan birga, oilaviy sirlarni ko‘chaga olib chiqmasligi singari bir qator omillar juda katta ahamiyat kasb etadi. Albatta, hayot juda murakkab jarayon bo‘lib, unda turli holatlar uchrab turadi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirmoqlik oilaviy munosabatlarga putur yetkazadi. Shuni aytib o‘tish joizki, erkak xotinining bir yomon xulqidan norozi ham bor ekanligini unutmasin. Ayol ham o‘rni kelganda g‘azabini yutishi, garchi yoqmasada, oilaviy hurmat yuzasidan ba’zi narsalarga chidashga odatlanishi lozim. Ma’naviy jihatdan bir-biriga sabr qilish lozim bo‘lganiday, moddiy jihatdan ham qanoatli va sabrli bo‘lish juda muhimdir.
Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishligida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir. Er o‘z o‘rnini yo‘qotgan, xotin esa erning mavqeyiga da’vogarlik qilgan oilalarda nafaqat notinchlik bo‘ladi, balki el-yurt, mahalla-ko‘y orasida ham bunday oilaning hurmati bo‘lmaydi.
Oilaning buzilishiga eng ko‘p sabab bo‘ladigan illatlardan biri – bu bir-biriga xiyonatdir. Aslida nikohlanish va oila qurishdan ko‘zlangan eng katta maqsad ham o‘zaro ishonchga asoslanadi. Bugungi kunda ana shunday illatlar ko‘payishi natijasida qanchadan-qancha oilalar buzilib, bolalar tirik yetimga aylanib qolmoqdalar. Afsuski, xiyonat, o‘zaro ishonchni yo‘qotish, ba’zi bir sabablar bois oila tinchligiga rahna solish hollari uchrab turibdi.Shunday ekan, oilaviy turmushni qadrlashimiz, oilaviy poklikni, o‘zaro ehtirom, axloqiy me’yorlarni saqlashni doimiy burch deb bilmoq lozim. Buning uchun milliy va diniy qadriyatlarimizga rioya qilishimiz ham muhim o‘rin tutadi.
Jamshid Aliyev,
“Yuksalish” harakati Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi