Bugun tilimiz sofligini yo‘qotdik. Til biladigan yoshlarimiz tillariga xorij tillarini qorishtirib so‘zlashni “moda” tusiga kiritdilar. Yetmaganiga ko‘radigan filmlarimizda ham erkinlik sifatida istagancha so‘zlarni shevada yoki rus tilidagi muqobiliga almashtirib so‘zlashlarini payqamas darajaga yetganmiz. Adabiy til me’yorlari katta yosh vakillarida yoki kitoblarda qolib ketar ahvolga keldik. Bu holatga jim qarab turaversak, bong urmasak, halokat yaqin ekanini anglatmasak, o‘zimiz-da o‘sha botqoqning ichida qoladigandekmiz.

Adabiy tilga qaytish, milliy tilimizni e’zozlash faqatgina tilimizga davlat tili maqomi berilgan, til bayrami kunlarida emas, har kuni, har daqiqa, har soniya bo‘lmog‘i lozim. Ana shundagina to‘g‘ri yo‘lda bo‘lamiz.
Erta tongdan Termiz shahridagi Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan maydonda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan boshlangan tantanali tadbirda ham ayni mavzuga kuyunchaklik ila to‘xtalib o‘tildi. Bayram tadbiri Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yish bilan boshlandi. Tadbirda davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, tilshunos olimlar, shoir va yozuvchilar, oliy, professional ta’lim va umumta’lim maktablari professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar, shuningdek, harbiylar ishtirok etdi.

Bayram tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqib, o‘zbek tilining dunyodagi eng jozibador, eng boy muloqot vositasi ekanini alohida ta’kidlab, jahondagi ilk leksikologik lug‘at ham aynan o‘zbek tilida yozilganini qayd etdi. Shuningdek, olimlar, tilshunoslar o‘z so‘zlarida mamlakatimizda mustaqillikkacha qabul qilingan “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonunning tilimizni asrab-avaylash va nufuzini oshirishdagi ahamiyati hamda keyingi yillarda qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida so‘z yuritishdi.
So‘zga chiqqanlarning fikrlariga quloq tutgan yoshlar borki, o‘z ona tillaridan faxrlandilar, iftixor sezdilar. Ajab emaski, ular tillariga e’tiborli bo‘lib, so‘zlagan so‘zlarini avval o‘ylab, keyin so‘zlasalar. Bo‘lib o‘tgan tadbir har bir guvohi bo‘lgan yoshni ta’sirlantira olsa, xulosa chiqarishga, atrofdagilarga-da tilimizning nufuzi, qadr-qimmati haqida yetkaza olsa…

Til bayrami tantanalari bu bilan to‘xtamadi, balki shahrimizdagi San’at saroyi majmuasida davom etdi. U yerda bo‘lib o‘tgan tadbirda Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri san’atkorlari ona tilimiz ulug‘langan sahna asarlaridan parchalar namoyish etdilar. Ona tilimizni ulug‘lovchi chiqishlari g‘oyat ta’sirchan tarzda tomoshabinlarga yetkazildi. Qolaversa, vohamizning taniqli san’atkorlari va folklor jamoalarining chiqishlari barchaga yuqori kayfiyat ulashdi.