O‘qituvchi-pedagoglar qadr topib, ular uchun barcha shart-shaoitlar yaratildi. Maqsad bitta — ertangi kun egalarini har tomonlama salohiyatli insonlar etib tarbiyalash, yoshlarni olish ta’limga qamrovini oshirish. O‘z-o‘zidan bu ustozlarga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Qachonlardir o‘qituvchining oylik maoshi o‘ziga ham yetmasligi aytilgan bo‘lsa, bugun qancha maosh olishlarini o‘qituvchining mehnati, harakati belgilab beradi. Kimdir belgilangan soatiga yarasha haq olishga rozi bo‘lsa, shu bilan kifoyalanar. Kifoyalanmagan esa o‘z ustida ishlashi, toifasini oshirishi, til va mutaxassislik sertifikatlarini qo‘lga kiritishi, yuqori natijalarni qayd etishi, o‘quvchini nufuzli tanlov va musobaqalarga, fan olimpiadalariga tayyorlab ham rag‘bat olishi mumkin.
— Kasbim ortidan hurmat qozondim, elda aziz bo‘ldim, — deydi Muzrabot tumanidagi 55-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Muborak Sultonova. — Muallimlik hayotimning bir bo‘lagiga aylangan, 25 yillik faoliyatim davomida, ayniqsa, bugungi kundagidek rag‘batni ko‘rmaganman. Davlatimiz rahbari tomonidan biz, o‘qituvchilarga yaratib berayotgan imkoniyat, shart-sharoitlar, ko‘rsatayotgan alohida e’tibor bois ishimizga bo‘lgan mehrimiz, mas’uliyatimiz yanada ortmoqda. Bu yil o‘quvchilarimizning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichi 80 foizni tashkil etdi. 20 foiz bitiruvchilarimiz o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda. Umuman olganda, bitiruvchilar yuz foiz ta’limga qamrab olindi. Bu o‘z o‘zidan bo‘lmayapti, albatta. Yaratilgan sharoit, o‘qituvchilarning o‘z kasbiga mas’uliyati ortidan erishilyapti. Men bugun respublikamizda 1 ming AQSH dollari miqdorida maosh olayotgan o‘qituvchilardan biri ekanimdan faxrlanaman.
Albatta, bugungi kunda o‘qituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab to‘lanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi. Bu esa o‘qituvchilar uchun 1 ming AQSH dollari miqdorida maosh real hodisaga aylandi. O‘z ustida astoydil ishlagan, xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini olgan o‘qituvchilar hatto undan ham ko‘p maosh olmoqda.
Bunga bir misol, Muzrabot tumanidagi 7-umumta’lim maktabining oliy toifali rus tili o‘qituvchisi Mirsodiq Turopov bugun 2 ming AQSH dollari miqdorida maosh olayotgan mahoratli yosh muallimlardan. U til bilish darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega, vazir jamg‘armasi ustamasi sohibi ham. O‘z kasbidan qadr topgan muallim, o‘quvchilarning sevimli ustozi 13 yillik ish tajribasi davomida jamoasining ham mehrini qozongan.
— O‘qituvchilarga yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘laligicha foydalanishga intildim, — deydi Mirsodiq Turopov. — O‘z ustimda tinimsiz ishladim, izlandim. Bugun maqsadimga erishdim. Ayni paytda 2 ming AQSH dollari miqdorida oylik olyapman. Ishonmaydiganlar ham bo‘lishi mumkin, ana shundaylarga bajonidil plastik kartam tarixini ko‘rsataman. O‘qituvchilarning bunday natijaga erishishi osonlik bilan bo‘lmayapti, albatta. Bu Prezidentimizning odilona siyosati, millatparvarligi, o‘tgan yetti yil mobaynidagi tinimsiz sa’y-harakatining mahsulidir. Davlatimiz rahbarining ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqotida o‘tgan qisqa vaqtda bu borada erishilgan yutuqlar, zabt etilgan marralar yana bir karra aniq dalillar bilan asoslandi. Galdagi tashabbuslar esa, hech shubhasiz, Yangi O‘zbekistonda ta’limga, xususan, o‘qituvchi kasbiga juda katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganning yorqin ifodasi bo‘ldi. Bu esa meni yanada shijoatlantirdi. Maqsadlarimni yanada yiriklashtirdi. Bu bilan to‘xtab qolmayman. Har yili mamlakat bo‘ylab o‘tkazilishi maqsad qilingan «Yil o‘qituvchisi» tanlovida g‘olib chiqib, uch xonali uy sohibi bo‘lishni niyat qildim.
Bugun Surxondaryoda shijoatli, bilim salohiyati yuqori, maqsadlari ulkan pedagoglar talaygina. Ular o‘z mas’uliyatlarini chuqur anglagan holda sharafli kasblaridan mamnun faoliyat yuritmoqda.
Date: