Ta’limga tikilgan sarmoya eng yaxshi sarmoya, degan shiorni farzandining kelajagi uchun qayg‘urgan har bir ota-ona allaqachon o‘ziniki qilib olgan. Bugun mamlakatimizda ta’limga bo‘lgan e’tibor, yoshlarning bilim olib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, xalqaro miqyosidagi raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishi borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar tahsinga loyiq.
Zero, millatning buguni va ertasi, shubhasiz, maktab partalarida o‘tirib, ustozlardan saboq olib, bilim va tajriba to‘plashidan boshlanadi, aslida. Men ham uzoq yillardan beri ta’lim tizimida faoliyat olib boryapman. Umrim ta’limdagi islohotlarni hayotga tatbiq etish, o‘quvchi-yoshlarga saboq berishdek sharafli va qadrli kasbga baxshida ekanligidan faxrlanaman.
Zero, bunday imkoniyat hamma davlatda ham, hamma yoshlarda ham yo‘q. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda 770 milliondan ortiq voyaga yetganlar o‘qish va yozishni bilmaydi. Ularning 60 foizi ayollar hisoblanadi. Bu borada bizning yoshlarimiz har jihatdan omadli va baxtli. Sababi, ta’lim olish, salohiyatli kadr bo‘lib, jamiyatga foydasi tegadigan inson sifatida ulg‘ayishi uchun mamlakatimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Jumladan, Sherobod tumanidagi 77-umumta’lim maktabida ham o‘quvchi-yoshlar maroq bilan tahsil olayotir. Ilgari olis hududga qatnab ta’lim oladigan yoshlar uchun yangi maktab qad rostlagani ham ayni muddao bo‘ldi. 2023-yilda yangidan foydalanishga topshirilgan ushbu ta’lim maskani Sherobod tumanidagi “Taroqli” mahallasida joylashgan bo‘lib, ayni vaqtda 1 smenada 247 nafar o‘quvchi ta’lim olayotir. Darslarni mazmunli va zamonaviy texnologiyalkar asosida o‘zlashtirayotgan bilimga chanqoq yoshlar uchun turli fanlardan 15 ta to‘garak faoliyat ko‘rsatadi. Qolaversa, maktab direktori Bahriddin Xasanov rahbarligida ushbu maskanda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun ham munosib sharoit hozirlangan.
“Besh tashabbus fan olimpiadalari”ga puxta hozirlik ko‘rish uchun o‘quvchilarga ushbu yo‘nalishda ham saboq berish maqsadida to‘garaklar yo‘lga qo‘yilgan. “Jadidlar izidan” haftaligi doirasida o‘quvchilarga “Ma’rifatparvar jadidlar” mavzusida muntazam ravishda tadbirlar o‘rkazilayotir. Shuningdek, ustoz va murabbiylarimiz ham zamonaviy pedagogik texnologiyalarni o‘zlashtirib, o‘z ustida muntazam ishlab, kitob o‘qib, yangilik va voqe’liklardan xabardor holda, yangilanayotgan islohotlardan og‘ishmasdan, bor diqqat-e’tiborlarini yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi uchun sarf etayotgani esa yanada quvonarli.
Maktabda birorta o‘qituvchi yoki o‘quvchining bo‘sh o‘tirganini ko‘rmayman. Kimdir kitob o‘qigan, kimdir, gazeta-jurnaldan faoliyatiga doir yangiliklarni mutolaa qilish bilan band. Ta’lim — bilim berish, malaka va koʻnikmalar hosil qilish jarayoni, kishini hayotga va mehnatga tayyorlashning asosiy vositasidir. Taʼlim jarayonida maʼlumot olinadi va tarbiya amalga oshiriladi. Shunday ekan, ishonib ayta olamanki, bizning maktabimizdan ham olingan bilim, orttirilgan ko‘nikma kelajakda o‘z samarasini berib, o‘quvchi-yoshlarimiz berilgan saboqni, albatta, oqlab, jamiyatga kerakli insonlar bo‘lib ulg‘ayadi.
Nigora OZODOVA,
Sherobod tumanidagi 77-maktabning oliy toifali o‘qituvchisi