BUYUK MUTAFAKKIRLAR BILAN – BOY ZAMIN

Date:

Har bir mamlakat o‘z tarixi, diniy va milliy qadriyatlari borligi barchamizga ma’lum. Bizning ona yurtimiz – O‘zbekiston zamini ham azaldan o‘zining bebaho qadriyatlari bo‘lgan ma’naviy va moddiy boyliklari bilan dunyo xalqlari turmush tarziga va madaniyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Bu borada dunyo olimlari hamon bizning ajdodlarimizga, boy madaniy merosimizga alohida hurmat va ehtirom bilan qarashadi. Yurtimizning har bir go‘shasida ulug‘ zotlarning qo‘nim topgan maskanlari borligi bizning ulug‘ zotlar avlodi bo‘lganimizdan dalolat beradi.
Samarqandiylardan – Imom Moturidiy Samarqandiy, Abu Lays Faqih Samarqandiy, Hakim Samarqandiy, Ashraf Samarqandiy, Fitrat Samarqandiy, Nizomiy Aruziy Samarqandiy, Davlatshoh Samarqandiy, Bayoziy Samarqandiy, Mutribiy Samarqandiy, Buxoroiylardan – Imom Buxoriy, Abu Hafs Kabir Buxoriy, Abu Hafs Sag‘ir Buxoriy, Ubaydulloh Mas’ud Buxoriy, Imlo Buxoriy, Xayoliy Buxoriy, Shavkat Buxoriy, Sayyid Muhammad Buxoriy, Shoshiylardan (hozirgi Toshkent shahri), Badriddin Shoshiy, Badr Shoshiy, Qaffol Shoshiy, Andijdondan – Burhoniddin Marg‘iloniy, Zahiriddin Muhammad Bobur Andijoniy, Avhaduddin Axsikatiy, Xorazmiylardan – Al-Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy, Najmiddin Kubro Nasafiylardan – Imom Nasafiy, Najmiddin Umar Nasafiy, Qalonsaviy Nasafiy, Ziyouddin Nasafiy, Aziziddin Nasafiy, Sayyido Nasafiy, Keshiylardan – Abd ibn Humayd Keshiy, Abu Shakur as-Solimiy al-Keshiy, Farg‘oniylardan – Ahmad al-Farg‘oniy, Chag‘oniylardan (hozirgi Dehnov, Sariosiyo, Uzun, Sho‘rchi, Oltinsoy hududlari) Tohir Chag‘oniy, Roziyuddin Chag‘oniy, Hasan Chag‘oniy, Xoja Alouddin Attor, Xoja Hasan Attor, Mavlono Ya’qub Charxiy, Muhammad Zohid Vaxshuvoriy, So‘fi Olloyor, Sayqaliy Hisoriy, Mavlaviy Jununiy, Termiziylardan – Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Bakr Varroq Termiziy, Adib Sobir Termiziy, Abu Ja’far Termiziy, Umar Termiziy, Sayyid Burhoniddin Muhaqqiq Termiziy, Xoja Samandar Termiziy, Mirsafo Termiziy, Mushkinqalam Termiziy, Judoiy Termiziy, Sayyid Ali Termiziy (Pirbobo), Fathiy Termiziy, Kashfiy Termiziy, Arshiy Termiziy kabi yurtimizning yuzlab allomalarni nomini tilga olish mumkin.
Tarixda yuqorida sanab o‘tilgan ulug‘ zotlar nomi nafaqat yurtimiz ichida mashhur, balki dunyoning aksar mamlakatlarida bu zotlarning ilmiy-ma’naviy merosi yaqindan tanishdir. Afsuski, biz yoshlar bugungi kunda o‘zimizning ota-bobolarimizning na shaxsiyati va na ilmiy merosidan xabardormiz, bu borada muhtaram Yurtboshimiz ham dunyoning mashhur minbarlaridan turib, yoshlarni ajdodlarimizning merosini o‘rganishga chorlab kelmoqda. Dunyoda avj olayotgan
ommaviy madaniyatlar, nosog‘lom g‘oyalar, turli xil fitnalarni faqatgina ajdodlarimiz ma’naviy merosi bilan muolaja qilishni ko‘p bora ta’kidlagani bejiz emas. Davlatimiz rahbari 2023 yil 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida ulamolar bilan suhbatda bugun dunyoda turli nizo va urushlar bo‘layotgani, begunoh insonlar qoni to‘kilayotgani afsus bilan qayd etildi. Bu yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik qadrini yanada teran anglatib, insonda shukronalik ruhini uyg‘otadi. Bu ne’matlar ahamiyatini, Termiziy kabi bobolarimiz ilm-ma’rifatini yoshlarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar jadallik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Yurtboshimizning sa’y-harakati bilan iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar bilan birga ma’naviy-ma’rifiy sohada ko‘plab ishlar amalga oshirilgani xalqimiz qalbiga ma’naviy malham bo‘ldi. Yurtimizda ajdodlarimiz nomi bilan tashkil etilgan tabarruk ilmiy-tadqiqot markazlarining aynan maqsadi – buyuk islom olimlarining dunyo ilmu fan va madaniyatiga qo‘shgan ulushini baham ko‘rish, dunyoda avj olayotgan turli ixtiloflarga barham berish, yoshlarni ilmu ma’rifatga chorlash, sog‘lom e’tiqodni sof holda saqlash, islom dinining asl g‘oyasi bo‘lgan insonpparvarlik, ma’rifatparvarlik va vatanparvarlikni keng dunyo ommasiga targ‘ib etishdan iborat. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, O‘zbekistondagi islom svilizatsiyasi markazi ulug‘ ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini fundamental` o‘rganishda, vatan tarixini yanada teranroq yoshlarga tushuntirishda, yurt istiqboli uchun muhim istiqbolli kashfiyot va g‘oyalarni xalqimizga taqdim etishda bugungi kunda yetakchilik qilishmoqda.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan ajdodlar merosini o‘rganishda yil sayin keng imkoniyatlar eshigi xalqimiza ochilmoqda. Shu yil Termizda Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi. Shuningdek, 2024 yil 15 avgust kuni “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash” to‘g‘risida O‘zbekiston Republikasi Prezidenti PQ-292-sonli Qarori qabul qilinda. Ushbu Qaror tarixiy xotiramizni tiklash, ajdodlarga bo‘lgan yuksak ehtiromni abadiylashtirish, ma’naviy qadriyatlarimizni sof holda asrab-avaylash muhim tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur Qarorda Muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish muhimligi birinchi planda turganligini aytib o‘tish lozim.
Imom Termiziy qalamiga mansub “Ash-Shamoil al-Muhammadiyya” va “Sunani Termiziy” asarlarini moturidiylik aqidasi va hanafiylik mazhabiga tayangan ko‘p jildlik akademik tarjima va sharhini tayyorlash hamda ularni nashr etish bugungi kun uchun suv va havodek zarur. Islom nomidan noxolislik bilan yondashayotgan tashqi kuchlar Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning hadislarini noto‘g‘ri talqin qilishi oqibatida yuzaga kelmoqda.
Movarounnnahr tarix davomida dunyo uchunbirinchi va ikkinchi Renessansni to‘hfa qilgan bo‘lsa, ayni damda esa Uchinchi Renessans poydevori uchun ildam qadam tashlamoqda. Mana shunday xayrli ishlarda biri sifatida “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash” to‘g‘risidagi Qarorda 2024 yil oktyabr oyida Termiz shahrida “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman hamda “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferentsiyasini yuqori saviyada o‘tkazish rejalashtirilgan. Albatta, ajdodlar merosini dunyo olimlari bilan birgalikda o‘rganish, nafaqat xalqimizga ma’naviy oziqa bo‘ladi, balki shu bilan birgalikda jahon ommasi ham foydalanishga keng imkoniyatlar ochiladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bugun o‘tmishni bilmasdan, yangi tarix, yangi g‘oya, yangi kashfiyot, yangi hayotga qadam qo‘yish amrimahol. O‘tmish tarixi orqali yoshlar o‘z ona vataniga munosabati o‘zgaradi. Yurtning istiqboli, xalqning farovonligi iqtisodiyot va ma’naviyatning yuksaklishidadir. Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiydek ulug‘ allomalar hayoti va merosini o‘rganish orqali sof azaliy ma’naviyatimizni saqlab qolamiz.

Karomiddin Jamahmatov,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xalqaro kuzatuvchilar gazeta tahririyatida

Sanoqli kunlardan so‘ng, yurtimizda muhim siyosiy jarayonlar boshlanadi. Tayyorgarlik,...

Faqat Ko‘hitangda bor…

Ko‘hitang tog‘ tizmasi hududi O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasining...

Sho‘rchida xrizantema yetishtirilmoqda

Bayram yoki tug‘ilgan kunimizda gul sovg‘a qilishsa, bahri dilimiz...

“Qo‘qon–Termiz–Qo‘qon” yo‘nalishi bo‘yicha…

Qaysidir viloyat yoki davlatga borishimizga to‘g‘ri kelsa, manzilga eng...
KunTun
KunTun