Ayni vaqtda Surxondaryo viloyatiga amaliy tashrif bilan kelgan Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov boshchiligidagi delegatsiya viloyatimiz rahbari Ulug‘bek Qosimov tomonidan munosib kutib olindi.
Shundan so‘ng, mehmonlar viloyat rahbari hamrohligida “Termiz xalqaro savdo markazi” — “Airitom free zone”ga tashrif buyurdi. Markaziy Osiyodagi birinchi erkin savdo zonasi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida, Termiz tumani hududida joylashgan bo‘lib, qiymati 70 million AQSH dollarni, umumiy maydoni 36 gektarni tashkil etadi. Hududda mehmonxona, tibbiyot klinikasi, biznes maktabi, yirik savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, restoranlar, xostel hamda yiliga 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega logistika markazi hamda ishlab chiqarish korxonalari joylashgan.
Tashrif davomida mehmonlar markazda Biznes maktabi, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika va zargarlik mahsulotlari shourumlari hamda logistika markazi va boshqa bir qator obyektlar, shuningdek, zonada yaratilgan sharoitlari, imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishishdi.
Markaz hududida barcha davlat fuqarolarining 15 kun davomida viza rasmiylashtirmasdan kirish va chiqish hamda multivalyuta bilan savdo qilish yo‘lga qo‘yilganligi kelgusida zonadagi mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda O‘zbekiston va Rossiya, xususan, Surxondaryo va Novosibirsk o‘rtasida tovar ayrboshlash hajmini oshirishga zamin yaratishi qayd etildi.
Novosibirsk gubernatori Andrey Travnikov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Termiz tumanida joylashgan «TERMEZ CARGO CENTRE» transport-logistika markazi faoliyati bilan tanishishdi. Markaz qariyb 50 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, har biri 6 ming kv metr bo‘lgan 4 ta angarga ega umumiy 1,5 ming tonna omborni o‘z ichiga oladi.
Viloyatimiz rahbari Ulug‘bek Qosimov Novosibirsk gubernatoriga hududni tanishtirar ekan, markaz O‘zbekistondan nafaqat qo‘shni mamlakatlarga, balki, dunyoning boshqa mamlakatlariga ham mahsulotlarni xavfsiz va ishonchli yetkazishda muhim logistika obyekti sanalishini ta’kidladi.
Xususan, kelgusida hudud rahbarlari o‘zaro tovarlar eksportida ham mahsulotlarni saralash, saqlash va yetkazib berishda ushbu transport-logistika markazi imkoniyatlaridan keng foydalanish mumkinligini qayd etishdi.
Mahsulotlar xavfsiz va ishonchli yetkaziladi
Date: