Bugun viloyatimizning qaysi hududida bo‘lmang, yo‘lingiz ravon, ko‘chalar, chor atrof toza-ozoda, anvoyi gullar, mevali va manzarali daraxtlar bahri dilingizni ochadi. Ana shunday kayfiyat ila manzilingizga zumda yetib olasiz. Albatta, bunday obodlik ishlari, yaratilgan shart-sharoitlarga qarov bo‘lmasa, tinimsiz mashinalar, og‘ir yuk mashinalari ortidan yo‘llarda o‘ydim-chuqurliklar hosil qilishi, dov-daraxtlar va gullar qarov talab qilishi bor gap. Hamma gap, tozalik, obodonchilik va yo‘lsozlik ishlarining o‘z vaqtida amalga oshirilishidadir.
Amalga oshirilayotgan ishlarning doimiy nazorat ostida bo‘lishi esa mas’ullarning mas’uliyatini oshiradi, o‘z ishiga vijdonan yondashib, sifat va samaradorlikka erishishga xizmat qiladi. Shu sabab, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hafta davomida belgilangan ish rejasiga muvofiq viloyatimiz bo‘ylab kezib, qurilish, ta’mirlash, yo‘lsozlik ishlari bilan tanishadi. Joriy hafta ham ana shunday boshlandi.
Viloyat rahbari sektor rahbarlari, qurilish sohasi mutasaddilari hamda yo‘lsozlar bilan Termiz, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Bandixon tumanlaridan o‘tuvchi 4R-100 “Manguzar q.-Jarqo‘rg‘on sh.-Bandixon q.-Oltinsoy q.-Denov sh.” avtomobil yo‘lining 11-126 kilometr qismini joriy ta’mirlash ishlarining borishi bilan tanishdi. Yo‘nalish bo‘ylab yo‘llarning holati ko‘zdan kechirildi. Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yaxshilash, yo‘lbo‘yi hududlarda obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, mahalla va qishloqlarni obod manzillarga aylantirish vazifalari topshirildi.
Nafaqat yo‘llarimiz, balki mahallamiz, biz yashaydigan guzarlar ham bugun fayzli va go‘zal ko‘rinish kasb etgan. Soha mehnatkashlarining tinimsiz mehnati, sa’y-harakatlari bilan osmono‘par binolar qad rostlab, bolalar maydonchalari qurilayotgani ana shunday turar joylarga egalik qilishimizga sabab bo‘layotgani ham bor gap. Termiz shahridagi “Tuproqqo‘rg‘on” va “Saxovat “mahallalarida ham ko‘p qavatli turar joylar qurilib, zarur shart-sharoitlar yaratilayotir. Viloyat hokimi ushbu turar joylardagi qizg‘in ish jarayoni bilan tanishdi.
Shu joyning o‘zida qurilish sohasi mutasaddilari, shahar va tumanlar hokimlarining mas’ul o‘rinbosarlari hamda ko‘p qavatli uy-joylar quruvchilari bilan loyihalarning borishi muhokama qilindi. Obyektlar qurilishini jadallashtirish, sifatli olib borish hamda belgilangan muddatda yakuniga yetkazish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.
Tashrif davomida Bandixon tumanidagi “Obikor” mahallasida joylashgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli “Yong‘in qutqaruv” binosi bilan tanishildi hamda obyektni ishga tushirish uchun tashkiliy masalalarni hal qilish topshirig‘i berildi.
Qadamlarga mos yo‘llar…
Date: