Termiz shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining Saylovoldi dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ommaviy eshituv tashkil etildi. Tadbirda partiya elektorati vakillari, faollar, ekolog olimlar, viloyat va tuman (shahar) partiya tashkilotlari xodimlari, yoshlar va xotin-qizlardan iborat keng jamoatchilik ishtirok etdi. O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari Xayrullo Gapparov so‘zga chiqib, partiya Saylovoldi dasturi loyihasining asosiy yo‘nalishlari, muhim tashabbuslar haqida ma’lumot berib o‘tdi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘zining Saylovoldi dasturi loyihasida mamlakatning barqaror rivojlanishi yo‘lida bugungi va kelajak avlod uchun qulay atrof-muhitni yaratish, xavfsiz va samarali bo‘lgan yashil iqtisodiyotga o‘tish, inson va tabiat uyg‘unligi ustuvor bo‘lgan barqaror jamiyat barpo etish g‘oyasini ilgari suradi. “Tabiat uchun birlashaylik” shiori ostida sog‘lom va barqaror kelajak yaratish uchun bugun ko‘z oldimizda namoyon bo‘lib turgan tizimli ekologik muammolarga qarshi hayotiy yechimlarni taklif etadi.
Xalqning tushmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan yer-suv resurslaridan oqilona foydalanishga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid bir qator hayotiy tashabbuslar surxondaryoliklar tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilindi. Xususan, viloyatda hanuzga qadar toza ichimlik suv tarmoqlari kirib bormagan mahallalar mavjud. Surxondaryo mamlakatimizda markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi bo‘yicha eng past ko‘rsatkichga ega hududlardan hisoblanadi. Masalan, bu ko‘rsatkich Boysun tumanida 37,6 foiz, Angor tumanida 38 foiz, Bandixon tumanida 38,9 foiz, viloyat bo‘yicha 58,3 foizni tashkil etadi. Partiya ilgari surayotgan suv ta’minotida bozor mexanizmlarini joriy etishni takomillashtirish va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar minimal suv iste’molidan kelib chiqib, suv sarfi miqdorini belgilashga oid taklif suvni adolatli va oqilona taqsimlashda juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Surxondaryo mamlakatimizning eng issiq hududlaridan biri bo‘lgani bois yangi suv havzalarini barpo etish va suvni barqaror boshqarish uchun irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish, noqulay iqlim sharoitlariga jumladan, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simlik tur va navlari ekilishi hamda ko‘paytirilishi uchun davlat subsidiyalarini joriy etish bo‘yicha takliflar Saylovoldi dasturi loyihasiga kiritilayotgani faol qo‘llab-quvvatlandi.
Surxon diyorida tez-tez yuz beradigan qum-chang bo‘ronlari viloyat ahlining og‘riqli masalalaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun qum va tuz bo‘ronlari ko‘tarilishi xavfi yuqori bo‘lgan hududlar xaritalarini ishlab chiqish va bunday hududlarda davlat dasturlari asosida ixotazorlar, yashil qoplamalar barpo etilishiga erishish masalasi Saylovoldi dasturi loyihasiga kiritilganini ishtirokchilar alohida qo‘llab-quvvatlashdi.
Ushbu diyorning noyob tabiiy yodgorliklari, betakror tabiatini nafaqat asrab-avaylash, balki ularni boyitish, butun dunyo sayyohlarini maftun etadigan ekoturizm maskanlariga aylantirish ham dolzarb vazifa hisoblanadi. Surxondaryoning tabiiy salohiyatini asrash va boyitish, yashil hududlarni, ko‘p yillik noyob daraxtlar himoyasini kuchaytirish borasida O‘zbekiston Ekologik partiyasining Saylovoldi dasturi loyihasida aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, shaharlarda bino va ko‘p kvartirali uylar qurilishini majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish mexanizmlarini qonunda aniq belgilash, ekologik “Toza shahar” va “Aholi yashash punkti”ni yaratish bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish takliflari ishtirokchilar tomonidan faol qo‘llab-quvvatlandi.
Energetika tizimi mamlakat hayoti uchun naqadar strategik ahamiyat kasb etishi ma’lum. Ayni vaqtda, tabiiy resurslarga kelajak avlodlarning ham biz bilan birdek haqi borligini hisobga olgan holda Ekopartiya tomonidan energetika xavfsizligini ta’minlash va qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish borasida qator takliflar ilgari surilayotgani Surxondaryo aholisi uchun ham alohida ahamiyatga egaligi qayd etildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi kutilayotgan saylovlarda munosib ishtirok etish maqsadida puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, bunda mamlakatdagi har bir hudud, jumladan Surxondaryo zamini va bu yerda yashayotgan ko‘p millatli aholining manfaatlari, ehtiyoj va muammolari inobatga olinib, xalqaro tajribalarga ega bo‘lgan mutaxassislar tomonidan aniq takliflar ishlab chiqilgani e’tirof etildi.
Shuningdek, partiyaning Saylovoldi dasturi loyihasida jamiyatdagi faol xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng yo‘l berish va o‘z imkoniyatlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoitlar yaratish masalasiga urg‘u berilgani haqida ham so‘z yuritildi.
Jamoat eshituvida fuqarolarning muammo va takliflarini o‘rganish maqsadida ularning mulohazalari tinglandi. Yangicha tartibda o‘tkaziladigan saylov bo‘yicha tegishli ma’lumotlar berildi.
T.Aliqulov