Sanoqli kunlardan keyin yangi o‘quv yili boshlanadi. Bu ustoz va murabbiylar, yoshlardan alohida tayyorgarlik, ta’lim-tarbiya jarayoniga jiddiy va mas’uliyat bilan yondashishni talab etadi. Bugun beradigan saboqlarimiz, oladigan bilimlarimiz ertangi kunimizni belgilab beradi. Shu jihatdan, Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida uchinchi “Ustozlar milliy forumi” bo‘lib o‘tganida ham bir hislat bordek.
Erta tongdan boshlangan forum surxon ahli uchun o‘zgacha xursandchilik bilan boshlandi. Forum avvalida vohalik yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildiki, bu tashrif buyurganlarning e’tiborini jalb etmay qolmadi. Qolaversa, tadbirda san’at va sport maktablari o‘quvchilari, kitobxon va rassom, ijodkor va san’atkor yoshlarning ijodiy chiqishlari bilan yanada qizg‘in tus oldi.
Milliy forumda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tadbirda jam bo‘lgan 700 dan ortiq muallim orqali vohamizdagi barcha pedagoglarni mustaqilligimizning o‘ttiz uch yillik bayrami hamda “Bilimlar kuni” bilan tabrikladi. Shuningdek, tizimda so‘nggi yillarda olib borilgan keng ko‘lamli ishlar haqida to‘xtalib, viloyatdagi 961 ta maktabda qariyb 533 ming o‘quvchiga 47 mingdan ortiq o‘qituvchi va murabbiylar ta’lim-tarbiya berib kelayotgani hamda ularning 3 547 nafari oliy toifali o‘qituvchilar ekani, bu ko‘rsatkich so‘nggi yetti yilda qariyb to‘rt barobarga oshganligini ta’kidladi.
Tadbirda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan, ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgan, faol, tashabbuskor va izlanuvchan, munosib natijalarga erishayotgan 15 nafar pedagoglar, muallim va murabbiylarimiz viloyat hokimining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi. Taqdirlash marosimida sohada ko‘p yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan faxriy ustozlar so‘zga chiqib, ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor xususida, pedagog kasbining jamiyat, kelajak avlod oldidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.
Viloyatning taniqli san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.