Sog‘lik, mehr-oqibat, chaqqonlik va chapdastlik, shijoat va shiddat, ayniqsa, muvaffaqiyatni o‘zida mujassam etgan narsa – bu shubhasiz sport. Qolaversa, dunyoga tanitadigan va tan oldiradigan vosita ham bevosita sport ekanligini barchamiz dildan his qilamiz. Bunday his-hayajonni esa bizga Parij-2024 yozgi olimpiyada o‘yinlari bera oldi. Ushbu musobaqani dunyo ahli katta hayajon va hayrat bilan kuzatgani ham rost. Har bir sportchi, har bir musobaqa diqqat markazidan chetda bo‘lmadi, albatta. Ayniqsa, yurtimiz bayrog‘ini yuksakka ko‘tarish va O‘zbekistondek davlatning yoshlari bugun kundan kunga qudratli va shijoatli, qat’iyatli kuchga aylanayotganini yana bir bor sport arenalarida isbotlab qo‘yishga chog‘langan mamlakatimiz sportchilarimizga butun O‘zbekiston muxlislik qildi, desak mubolag‘a bo‘lmas.
Parij-2024 olimpiyada o‘yinlarida Oʻzbekiston 206 davlat orasida 13-oʻrinni, Markaziy Osiyo, MDH, Islom birdamligi, Iqtisodiy hamkorlik va Turkiy davlatlar tashkilotlari davlatlari orasida birinchi oʻrinni egalladi. Bu yilgi yozgi Olimpiada Oʻzbekiston tarixidagi eng muvaffaqiyatli musobaqa boʻldi. Chunki oʻzbekistonlik atletlar bellashuvlarda 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronzadan iborat 13 ta medalni qoʻlga kiritdi.
O‘z navbatida, olimpiada g‘oliblari hukumatimiz tomonidan munosib kutib olindi va rag‘abtlantirildi. Oltin medal olgan 8 nafar chempionning har biriga Tahoe avtomobili, 200 000 AQSh dollari hamda 2 etajli kotej. Kumush medalni qo‘lga kiritgan sportchilarimiz esa BYD Song Plus EV Champion avtomobili, 100 ming AQSh dollari, kvartira bilan taqdirlangan bo‘lsa, bronza medali sohiblarining har biriga BYD Song Plus EV Champion avtomobili, 50 ming AQSh dollari, kvartira bilan taqdilandi.
Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz, boks bo‘yicha Bahodir Jalolov o‘z vazn toifasida tengsiz ekanligini isbotlab oltin medalni, Muzaffarbek To‘raboyev dzyudo bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu ikki chempionning sport musobaqalarini vohaliklar boshqacha bir hayajon, katta qiziqish bilan ekran orqali muntazam kuzatib bordi. Ayniqsa, final bahslarida g‘oyibona bo‘lsa-da sidqidildan viloyat rahbari boshchiligida sportchilarga muxlislik qilgan vohadoshlarimizning ishonchi va umidi ularga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlagan bo‘lsa, ne ajab.
Bir narsani ta’kidlash joizki, bu yilgi olimpiayda tarixda zarxal harflar bilan yoziladigan, esda qolarli, muvaffaqiyatli onlarga boy bo‘ldi. Erishilgan tarixiy g‘alabadan so‘ng yurtdoshlarimiz vatanga yorug‘ yuz bilan qaytishdi.
Erta tongdan Termiz xalqaro aeroportida Bahodir Jalolov hamda mUzaffarbek To‘raboyevlar tantanali kutib olindi. Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari, Sariosiyo va Boysun tumanlari hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, sportchilarning oila a’zolari hamda vohalik muxlislar ishtirok etishdi.
Marosimdan so‘ng, sportchilarimiz ishtirokida kortej Termiz shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab aylandi. Quvonarlisi, bugun sportchilarimiz o‘z mahoratlari, ko‘rsatgan qahramonliklari, ularning samimiy va uddaburonligi, xalqimiz ko‘nglidan joy oldi. Ularning erishgan muvaffaqiyatlari nafaqat sportchilar va ularning oila a’zolari balki butun O‘zbekiston, qolaversa, Surxondaryo ahli uchun ham o‘zgacha shodiyona, o‘zchaga tantana sifatida qarshi olindi. Bunday tantanovor tarbirda butun surxon ahli jam bo‘ldi. Chempionlarning tug‘ilib o‘sgan zaminiga qaytishini qutlab, muborakbod etish uchun oshiqishdi. Dunyoda tengsiz chepionlarni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda muxlislari Termiz shahrida joylashgan Kurash majmuasida quchoq ochib tantanali kutib olishdi.
Chempionlar sharafiga tashkil etilgan marosimda so‘zga chiqqan viloyat rahbari, bugun Prezidentimiz tomonidan sportga qaratilayotgan e’tiborning yorqin samarasini Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz qo‘lgan kiritgan natijalar ham isbotlab turganligini alohida ta’kidladi. Viloyat hokimi “Bugun har bir uyda bo‘lajak chempionlar, sportchilar ulg‘aymoqda, chunki Surxon eli azaldan sportga mehri baland, endigina tug‘ilgan bolasini ham kurash tushishga o‘rgatadi, farzandlarimiz qonida sport mavj urib turibdi, faqatgina biz bolalardagi iqtidor va qiziqishni vaqtida ilg‘ay olsak, ularni qo‘llab-quvvatlasak, minglab Bahodirlar, Muzaffarlar g‘alabasini nishonlashimiz kunday ravshan” deya katta ishonch bilan gapirdi. Sportda katta quvonch ulashayotganligi uchun avvalo, Yurtboshimizga, sportchilar va ularning ota-onalariga minnatdorchilik bildirildi. Dunyoga yana bir bor Surxon sportining kuchini namoyish etgan sportchilarni samimiy qutlab, Bahodir Jalolov hamda Muzaffarbek To‘raboyevlarni ulkan tarixiy g‘alaba bilan tabriklab, ularga zarpof to‘y kiygizildi. Chempionlar sharafiga samimiy tabriklar, kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Shundan so‘ng Bahodir Jalolov hamda Muzaffarbek To‘raboyevlar so‘zga chiqishib, fikr-mulohazalarini bildirishdi. Yoshlarni sportga chaqirib, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishga, qo‘llab-quvvatlab, ustozlik qilishga tayyor ekanligini bildirishdi. Men bir olis qishloqda voyaga yetganman, sportga bolalikdan qiziqib, tinimsiz mashg‘ulotlarda chiniqdim. Oldimga katta maqsad qo‘yib, olg‘a intildim. Ming shukurki, Yaratganning inoyati, onajonimning duolari, Prezidentimizning sportga e’tibori, muxlislarimning doimo qo‘llab-quvvatlashi meni yorqin g‘alabalar sari yetakladi. Sportga kirib kelib va shu yerda yashab, g‘alaba qozonishimda hissa qo‘shganlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Viloyat hokomimiz ta’kidlaganlaridek, vohada sportga qiziqishi yuqori, iqtidori baland yigit-qizlar ko‘plab topiladi. Ana shunday yoshlarga qarata: “hech qachon maqsadingizdan chekinmang, Allohga va o‘zingizga ishoning, tinimsiz sport bilan shug‘ullaning, ana shunda muvaffaqiyat sizga eshik ochadi” deya Bahodir Jalolov yosh sportchilarni yanada ruhlantirdi.
Muzaffarbek To‘raboyev esa “Parij-2024 yozgi olimpiyada o‘yinlaridagi taassurotlari, musobaqalar davomida qo‘llagan taktiklari haqida so‘z ochib, muxlislari va sport ixlosmandlariga qarata: “Biror natijaga erishmoqchi bo‘lsangiz, yanada tez, yanada ildam va yanada qat’iyatli bo‘ling, ana shundagina siz muavaffaqiyatga erishasiz” deya o‘zining samimiy fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Bahodir Jalolov bundan to‘rt yil muqaddam o‘tkazilgan yozgi olimpiyadada ham oltin medalni qo‘lga kiritib, vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tanitib, sport ixlosmandlarini xushnud etgandi. Bu galgi g‘alabasi esa vohalik sportchining havaskor boksdan professional boksga o‘tishi haqidagi qarori hamohang bo‘ldi. Professional boksda ham vohadoshimizdan juda katta natijalarni qo‘lga kiritishiga ishonamiz va unga zafarlar tilaymiz. Sababki, Bahodirda barcha imkoniyat yetarli, tinimsiz mashg‘ulotlar, mamlakatimizda sportga berilgan e’tibor, salobat va kuch. Bularning bari Bahodir Jalolovning jahon arenalarida professional faoliyatida unga qo‘shqanot bo‘lishi turgan gap.
Parij-2024 olimpiyadasida erishilgan natija, ko‘rsatilgan qahramonliklar bugun har bir ota-ona ko‘nglida o‘g‘li yoki qizini sportchi bo‘lishini, el olqishiga sazovor bo‘lib, sportda muvaffaqiyatga erishishishini istashdek yangicha umidni alangalantirgan bo‘lsa ham ajab emas. Ayniqsa, vohalik sportchilarimizning Parij-2024da ko‘rsatgan jasorati, mahorati-yu shijoati kishini yana bir bor to‘lqinlantirib yubordi. Qaysi soha bo‘lishidan qat’iy nazar har bir qiz Diyoradek, har yigit Muzaffar-u Bahodirdek muvaffaqiyatga erishib, jahon maydonida g‘alaba qozonib, bayrog‘imizni baland ko‘tarsa, shu eng katta g‘alaba, eng katta natija.
Zero, Bahodir Jalolov hamda Muzaffarbek To‘raboyevlar millat qahramoniga aylandi, qahramonlar esa har qachon ehtirom va e’zozda bo‘lishsin, har kim niyat qilsa, havaslansa, albatta, har xonadondan mana shunday chempionlar, haqiqiy mard o‘g‘lonlar yetishib chiqaversin.
Adolat MO‘MINOVA,
Tohir ALIQULOV
(surat)