Surxondaryo viloyati hokimi boshchiligidagi voha delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi hududlariga tashrifining birinchi kunini boshlab, tashrif dasturiga muvofiq dastlab, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimovning Shensi provinsiyasi gubernatori Chjao Gan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ikki hudud rahbarlari O‘zbekiston va Xitoy munosabatlari Prezidentlarimizning say-harakatlari bilan har tomonlama rivojlanib, ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yangi bosqichda davom etayotganligini ta’kidlashdi. Xususan, O‘zbekiston-Xitoy tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning o‘zida 5 mlrd dollarga yetib, 287 foizga o‘sganligi qayd etildi.
Uchrashuvda Surxondaryoning savdo-iqtisodiy, investitsion, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, elektr energiyasi ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi salohiyati va mavjud imkoniyatlari haqida axborot berildi. Ushbu yo‘nalishlarda ikki hududning o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.
Viloyatimiz rahbari Shensi provinsiyasi gubernatorini Surxondaryo viloyatiga amaliy tashrif bilan borishga taklif etdi.
Tashrif davomida delegatsiyamiz Sian shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy biznes forumida ishtirok etdi. O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi ko‘magida tashkil etilgan forumda ikki tomon rasmiylari, shuningdek, 120 dan ortiq ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Forumda Surxondaryoning investitsion salohiyati, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdagi imkoniyatlari hamda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda imtiyozlar haqida axborot berildi. Viloyatimiz rahbari xitoylik investorlarni vohamizda yangi loyihalarni amalga oshirishga taklif etdi. Shuningdek, forum doirasida ikki tomon ishbilarmon doira vakillarining “B2B” formatidagi uchrashuvlari o‘tkazildi. Uchrashuvlarda qator loyihalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir qancha kelishuvlarga erishildi.
Forumdan so‘ng, delegatsiyamiz a’zolari Sian shahrida g‘allachilik va moy ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Xi’an Aiju Grain and Oil Industry Group Co., Ltd” hamda ko‘mir va kimyo sanoati yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “Shaanxi Coal and Chemical Industry Group Co., Ltd” kompaniyalari bilan tanishdi.
Delegatsiyamizning Xitoyga tashrifi davom etmoqda.
Surxondaryo delegatsiyasi Xitoyda
Date: