Ba’zan yosh oilalarda bola qandaydir kasallik yoki nuqson bilan tug‘ilib qolganidan keyingina ayb kimda ekanini izlashtirishga tushamiz. Ammo nikohdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tilishi lozimligi, ko‘rikdan o‘tgan yoshlar qanday yo‘llar bilan o‘tganliklari keyinchalik mana shunday tuzatib bo‘lmas xatolarni keltirib chiqaradi. Albatta, oila qurish istagida bo‘lgan yoshlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart.
To‘y tashvishlari sirasiga kirguvchi bunday yumush ortiqcha ishdek bo‘lib tuyulsa-da, bu — oila kelajagi uchun muhimdir. Ho‘sh, tibbiy ko‘rikdan o‘tish hajmi va tartibi haqida bilasizmi? Bilmasangiz, bilib oling
Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – sog‘lom oilani shakllantirish, irtsiyatga bog‘liq va tug‘ma kasalliklarga chalingan bolalar tug‘ilishining oldini olishdir. 50 yoshgacha bo‘lgan barcha nikohlanuvchilar turmush qurishdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Uning xulosasiga qarab, bo‘lajak oila vakillari kelajak uchun qaror qabul qilishadi.
Nikohlanuvchi shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nikohni qayd etish uchun ariza beradilar. Shundan so‘ng, yuborilgan arizani FHDYO organlari ko‘rib chiqib, bo‘lg‘usi juftlikka tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun qog‘oz shaklidagi yo‘llanmani taqdim etadi.
Shundan keyin, yoshlar doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida bepul dispanserizatsiyadan, ya’ni kardiolog, endokrinolog, revmatolog, urolog mutaxassislari jalb qilingan holda nikoh oldi tibbiy ko‘rigidan va qo‘shimcha UTT, EKG, o‘pkaning rentgen yoki flyurografiya tekshiruvidan o‘tadi. Shuningdek, umumiy qon tahlili, qondagi qand miqdori aniqlanadi, RW va OIV/OITSga tekshiruv uchun qon topshiriladi. Tibbiy ko‘rik jarayonida genetik tekshiruvlarga zarurat bo‘lganda, yoshlarning o‘zaro kelishuvi asosida ular pullik asosda amalga oshirilishi mumkin.
Keying bosqichda esa nikohlanuvchilar ruhiy, narkologik, tanosil, sil kasalliklari bo‘yicha tuman dispanserlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tadilar. Ushbu kasalliklar inson va nasl uchun xavfli bo‘lib, tibbiy tekshiruvdan o‘tish orqali kelajak avlodning sog‘lom dunyoga kelishiga zamin yaratiladi.
Ko‘rik natijalari to‘g‘risida tibbiyot muassasasining xulosasi ma’lumotnomada aks ettiriladi. Ma’lumotnoma tibbiyot muassasasining muhri va rahbarining imzosi bilan tasdiqlanib, nikohlanuvchilarga beriladi. Tibbiyot muassasasining mas’ul xodimi ma’lumotnomani taqdim etayotganida nikohlanuvchi shaxsga aniqlangan kasalliklarning nikoh tuzilgandan keyin yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini tushuntiradi.
Unutmang, ushbu ma’lumotnomaning amal qilish muddati — uch oy. Muhimi, tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati nikohlanuvchi shaxslar tibbiyot muassasasiga murojaat qilgan kundan boshlab ikki haftadan oshmasligi kerak.
Nikohlanuvchi shaxslarda tekshirish natijasida darhol davolash kursidan o‘tishni talab etuvchi kasalliklar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda tegishli davolash muassasalariga yo‘naltiriladi. Bo‘lajak oila vakillari nikoh qayd etilgunga qadar ikkinchi tomonni tibbiy tekshirish natijalaridan xabardor qilishi shart.
FHDYO organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rikdan o‘tganligiga hamda ushbu tekshiruvlarning natijalari to‘g‘risida ikki tomonning xabardor ekanligiga ishonch hosil qilgandan so‘nggina nikoh qayd etiladi. Nikohlanuvchi yashash joyidagi davolash-maslahat komissiyasining xulosasiga rozi bo‘lmagan taqdirda takroriy tibbiy ko‘rik viloyat va respublika muassasalarida o‘tkaziladi.
Date: