Ozod va obod yurtga bayramlar yarashadi, deb bejiz aytishmaydi. Chindan ham farovon va mustaqil yurtimizda so‘nggi yillarda mustaqillik bayrami arafasida turli xil bayramlar, tadbirlar, festivallar o‘tkazish an’ana tusini olgan. Yillar davomida turli xil nomlarda uyushtirilib kelinayotgan bu kabi bayram tadbirlari aholi tasavvurida mustaqillik bayrami oldi tantanalari debochasi sifatida qabul qilinadi. Albatta, bu kabi ko‘ngilochar tadbirlarning aynan mustaqillik bayrami arafasida uyushtirilishida ham chuqur ma’no mujassam. Zero, o‘tgan asrda xalqimiz hayoti va ongida o‘chmas iz qoldirgan mustamlakachilik siyosatining riyokorona qilmishlari natijasida tariximizda yuzaga kelgan bo‘shliqni, kemtiklikni to‘ldirish bugungi avlodlarning muqaddas burchiga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nomlanishi turlicha bo‘lishiga qaramasdan, ushbu tadbirlarning zamirida yagona ezgu maqsad, yagona ezgu g‘oya jam bo‘lgan.
Vatanimiz mustaqiligining 33 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ulkan bunyodkorlik va ijobiy o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini xalq ommasiga yetkazish, viloyatimiz hududida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, chekka tumanlardagi mahalla va qishloqlarda madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘ngilochar kontsert dasturlari hamda milliy fil`mlar namoyishi tashkil etish maqsadida “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Ma’naviyat festivali” va “Ma’rifatli oila” ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish belgilanganligidan xabaringiz bor.
Ushbu targ‘ibot tadbirida jamiyatimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, ma’naviy barkamol va jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalashda oilaning o‘rni muhim ekanligini hisobga olib, oilaga taalluqli boy va sermazmun milliy an’analarimizni asrab-avaylash, ularni umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashtirish, nikohning muqaddasligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘li bilan oilalarning mustahkamligini ta’minlash, huquqiy savodxonligini oshirish masalarida “Ma’rifatli oila” loyihasi ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.
Vohamizga tashrif buyurgan bir guruh taniqli san’atkorlar, teatr aktyorlari, shoir va yozuvchilar guruhlarga bo‘linib, joylarda badiiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etishib, yashash sharoiti og‘ir, nogironligi bo‘lgan oilalarning holidan xabar olishdi. Shunday tadbirlardan biri Boysun tumanida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Respublika ijodiy guruhi a’zolari dastlab “Inson qadri” loyihasi doirasida “Darband” mahallasida istiqomat qiluvchi, ijtimoiy himoyaga olingan Mehrangiz Murtazoqulovaning xonadonida bo‘lishdi. Taniqli san’atkorlar, teatr aktyorlaridan tashkil topgan guruh a’zolari xonadon sohiblariga esdalik sovg‘alari ulashib, shirin suhbar qurishdi. Shundan so‘ng, ijodiy guruh a’zolari Boysun tumani “Temir darvoza” mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi 103 yoshli Shohimardon Hamroev holidan xabar olishdi. Shuningdek, ijodiy guruh a’zolari ishtirokida Boysun tumanidagi “Xo‘jamayxona” dam olish maskanida “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” loyihasi doirasida madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Denov tumanida ham “Ma’naviyat festivali” doirasida “Uch avlod uchrashuvi”, “Ma’rifat soati” tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Denov tumani hokimi Ilhom Abrorov, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Asadillo Nabiev, O‘zbek milliy maqom markazi xonandasi Nafisa Farmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Toshpo‘lat Matkarimov, xonanda Mashhurbek Raimjonovlar ishtirokida nuroniylar va yoshlar suhbati tashkil qilindi. Qizg‘in kechgan tadbirlarda kuy-qo‘shiqlar yangradi.
— Bizning bu ma’naviyat karvonimiz Qoraqalpog‘iston, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lib o‘tib, bugun mana, Surxondaryoda xalqimiz bilan yuz ko‘rishib turibmiz. Zalda o‘tirgan otaxon va onaxonlar, barkamol yoshlarning ko‘tarinki kayfiyatini ko‘rib, rosti, biz ham xursand bo‘ldik. Biz ham shu xalqni juda sog‘inganmiz. El bilan bo‘ladigan bu singari ijodiy uchrashuvlar bizga katta kuch, ilhom beradi. Biz xalqimiz vakillari bilan yuzma-yuz uchrashib, o‘z dasturlarimiz bilan ularning vaqtini xush o‘tkazgan bo‘lsak, o‘zimizni behad baxtiyor hisoblaymiz. O‘ylaymizki, bu vohada yashab, istiqomat qilayotgan har bir vatandoshimizning yurt ravnaqida o‘z hissasi bor, –deydi taniqli shoir Bobur Bobomurod.
Tadbir ishtirokchilari “Inson qadri” loyihasi doirasida Denov tumanidagi “Ostona” mahallasida yashovchi Halima Qoraboevaning xonadonida bo‘lib, oila a’zolarining holidan xabar oldilar. Nogironligi bo‘lishiga qaramay, Halima opa tikuvchilik bilan shug‘ullanib, hozirgi kunda 20 dan ortiq yoshga tikuvchilik mahoratlarini o‘rgatib, shukronalik ruhida yashab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, festival 22-iyuldan 27-iyulga qadar davom etadi. Tadbir doirasida “Mutolaa marafoni”, “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Psixologik suhbatlar”, “Ma’rifat ulashib”, “Milliy qadriyatlar” va boshqa nomdagi haftaliklar bo‘lib o‘tmoqda.
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV