Ana shunday oilalarga BHMning ikki baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam berilishi mumkin. “O‘zbekiston fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasida bu haqda batafsil keltirib o‘tilgan.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2024-yil 1-oktyabrdan boshlab, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan boquvchisi xorijga mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam beriladi.
Shuningdek, mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga dori-darmon, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari va ortopedik mahsulotlar xarid qilish uchun BHMning 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam taqdim qilish ko‘zda tutilgan.
Mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga istiqomat qiluvchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma berilishi mumkin. Mahallalardagi yoshlar yetakchilarining yozma tavsiyanomasiga asosan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan hamda mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar berilishi nazarda tutilmoqda.
Loyihada keltirilishicha, jamg‘arma mablag‘i hisobidan mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning oila a’zolariga yordam pullari va yo‘llanmalar berishda yordam pullari va yo‘llanmalar mehnat migratsiyasiga chiqib ketgan fuqarolar “Xorijda ish” dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa beriladi va uni olish uchun talabgorlar ushbu dasturiy majmua orqali elektron tarzda murojaat qilishi kerak.
Boquvchisi chetga ishlashga ketsa…
Date: