Ikki institut asosida yangi universitet tashkil etiladi

Date:

Yurtimiz yoshlari, ayniqsa, abituriyentlar ayni paytda katta hayajon ila talaba bo‘lish istagi-yu ishtiyoqida yonishayotir. Boshlangan imtihonda esa bir necha yillik tayyorgariklari, mehnat-u harakatlariga munosib baho berilishiga, shijoati qat’iy yoshlar niyatiga yetishlariga shubha yo‘q. Shu ma’noda olib qaraganda, bugun yoshlarning oliy ta’lim olishga qiziqishi va talabi yuqori. Bu esa oliy ta’lim tizimida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishni, ilmiy salohiyatni oshirib, har jihatdan ta’limni isloh etish zaruratini o‘rtaga ko‘ndalang qilib qo‘yadi.
Talab va ehtiyojdan kelib chiqib, o‘zgarishlar qilish, sohada yangi qadamlarni tashlash esa davlat rahbari e’tiboridagi vazifaga aylangan. Demak, ayni e’tibordan kelib chiqib, ertangi kunimizdan, yoshlar taqdiridan, salohiyatli kadrlar yetishib chiqishidan qo‘rqmasak, tashvishlanmasak ham bo‘ladi degan taassurot har birimizda uyg‘onishi tabiiy holdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, oliy ta’lim tizimida sifatni oshirish va xalqaro o‘quv dasturlarini tatbiq etishga oid hisobot bilan tanishgani esa fikrimiz dalilidir.


Shu kunlarda oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlari bo‘lib o‘tayotgani va bu yil unda 805 ming nafar abituriyent ishtirok etayotganini hisobga olsak, yoshlarning oliy ta’lim olishga qiziqishi raqamlarda o‘z isbotini topadi. Mutasaddilar 2024/2025-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasi rejasi bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar qo‘yib, joriy o‘quv yilini boshlash harakatida. Ayni mavzudagi axborotda qayd etilganidek, bu yil bakalavriatda ham, magistraturada ham muhandislik, qurilish, tabiiy fanlar, matematika, axborot texnologiyalari yo‘nalishlariga kvotalar soni ham oshirilmoqda. To‘lov-kontrakt asosida qabul davlat va nodavlat muassasalarga bir xil shartlar asosida, oliygohning ilmiy salohiyati va moddiy-texnika bazasiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Bunda oliy ta’lim muassasalariga umumiy davlat buyurtmasini tasdiqlashda mamlakatimiz rivoji va mehnat bozori talablariga e’tibor qaratish talabi o‘rtaga qo‘yiladi. Albatta, yurtimizda muhandis kadrlarga talab yuqori. Shu jihatdan, bu sohadagi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish lozim. Masalan, hozir Surxondaryoda Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti bor. Ularni yiriklashtirish orqali Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish reja qilingan. O‘z navbatida, bunday qaror samarali boshqaruv tizimini joriy etish, takrorlanuvchi fakultet va kafedralarni qisqartirish, ayrim shtat birliklarini maqbullashtirish imkonini beradi.
Yangi universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi ham tashkil etiladi. Unga bilimi yuqori talabalar tanlov asosida olinib, amaliyotga yo‘naltirilgan maxsus ta’lim dasturlari asosida o‘qitiladi. Bu maktabning yo‘nalishlariga mos sanoat hamkorlari belgilanib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi. Ularning takliflari asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Universitetning boshqaruv va o‘qituvchilik lavozimlariga xorijiy tajribaga ega, ilmiy va amaliy malakasi yuqori mutaxassislarni jalb etish, ularning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash vazifalari qo‘yildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tarmoq, korxona va oliy ta’lim muassasasi uzviyligini mustahkamlash, o‘z sohasida ilg‘or, raqobatdosh mutaxassislar tayyorlash zarur.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Talab va ehtiyoj qondiriladi

Dunyoda tabiiy oziq-ovqat mahsulotlariga talab va ehtiyoj ortib borayotganidan...

Endi «Halol» belgisi bilan…

O‘zbekistonda 2025-yilning 1-mayidan Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti...

“Parranda boqish – daromad topish”dir

Yurtimizda “Parranda boqish – daromad topish” loyihasi amalga oshiriladi....

Rasmiy saytlar gov.uz domeniga o‘tkaziladi

2025-yil 1-martdan barcha davlat organlari va tashkilotlari UzINFOCOM bilan...
KunTun
KunTun