Chilla — iste’dodlar mavsumiga start berildi

Date:

Chilla — yilning eng issiq va eng sovuq qirq kuni hisoblanadi. Yoz chillasi 25-iyundan 5-avgustga qadar davom etishini hisobga oladigan bo‘lsak, bu qirq kunlikda ob-havo isigandan isib, salqin joy, chanqoqbosti ichimliklar istab qolamiz. Bunday paytda ijod qilish, vaqtimizni mazmunli o‘tkazishdan ham ko‘ra salqinlik qidiramiz.
Havo harorati qanday darajani ko‘rsatmasin, mavsumni mazmunli, foydali o‘tkazish maqsadida Termiz tumani markazida joylashgan “Marvarid” dam olish maskanida “Yoshlar birligi va bunyodkorligi uchun” shiori ostida “Chilla — iste’dodlar mavsumi” madaniy tadbiriga start berildi.
Albatta, ushbu madaniy tadbirlar hech bir yoshni e’tiborsiz qoldirmadi, balki bir nuqtaga, “Marvarid”ga jam etdi. Mavsumning rasmiy ochilishi esa katta bayram tadbiriga ulanib ketdi. Tadbirga tashrif buyurgan borki, yoshlar uchun hozirlangan chiqishlar, bellashuv-u ko‘ngilochar tdbirlarning beixtiyor ishtirokchisiga aylandi. Quyoshning qizdirib nur sochayotgani, issiq ob-havo injiqliklari ham yoddan ko‘tarilib, barcha o‘yin-kulguga, bellashuvga kirishib ketdi.


Dam olish maskanida oshpazlar bellashuvi bo‘lib o‘tmoqdaki, mohir oshpazlar milliy taomimiz bo‘lmish palovxonto‘rani obi-tobiga keltirib damlashmoqda. Tayyor taomlarni dasturxonga tortish jarayonini kuzatib amin bo‘lish mumkinki, bu ham bir san’at, kishidan did va nafosat talab etadi.
Taomlar bellashuvidan, ortib, maskanning boshqa burchagiga borsangiz, tamoman o‘zgacha shukuh hukmron, o‘zga olamga tushib qolgandek bo‘lasiz. Iqtidorli yoshlar o‘zlarining tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini namoyish etishmoqda. Ijodiy ishlarning har biri e’tiborga loyiq. Maroq ila tomoshaga berilar ekansiz, yosh iqtidorlarning san’atiga qoil qolasiz. Tasvirlarning jonliligi, ranglarning o‘zaro mutanosibligi hayrat-u havasingizni uyg‘otadi.
Boshqa bir tomonda esa milliy musiqamiz sadolari ostida podiumda o‘zbek qizlarining birma-bir chiqib kelishlari ham qiziqshingizni oshiradi. Zamonaviy va milliy liboslarning dizayni, uslubini ko‘rib, garderobingizni ayni shu liboslar ila boyitishni istab qolasiz.


Sport ixlosmandlari bo‘lgan yoshlar ham e’tibordan chetda qolmagan bu tadbirlarda. Sport turlari bo‘yicha musobaqalar ham tashkil etilganki, yigit-qizlar iqtidori va qiziqishiga qarab o‘zlarining kuchlarini, mahoratlarini sinovdan o‘tkazish bahonasida vaqtlarini chog‘ o‘tkazishmoqda.
Jarayonlarni kuzatgan insonning bahri dili ochiladi, ko‘zi quvnaydi. Yoshlarning ko‘ngil yozib, ayni iste’dodlarini namoyon etishayotgani, do‘stlar orttirib, o‘tayotgan har lahzasini mazmunli o‘tkazayotgani quvonarli hol, albatta. Ayniqsa, turli chiqishlar, galakonsert dasturi namoyishi har bir ko‘ngilda bayramona kayfiyat ulashib, xursandchilik qilishga, o‘yin-kulgu, sho‘x-shodon raqslarga chorlayapti. Yoshlarning quvonch-u hayajoniga Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Ilhom Saparov, Termiz tumani hokimi Shuxrat Nazarov hamda boshqa mutasaddilar sherik bo‘ldilar.
Ha aytgancha, ta’rif-u tashbehlarimizni o‘qiy turib, ayni lahzalardan bexabar qoldim, deya attang qilib turgan yoshlarga aytishimiz mumkinki, vaqtni boy bermang va yo‘lga otlaning, hali vaqt bor, sababi mana shunday qiziqarli madaniy tadbirlar 15 kun davom etadi.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Uloq-ko‘pkarida g‘oliblar aniq

"Navro‘z" umumxalq bayrami munosabati bilan Jarqo‘rg‘on tumani "Qo‘shtepa" mahallasi...

15-martdan 15-aprelgacha…

Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha...

Polvonlar boʻsh kelmadi

"Navro‘z" umumxalq bayrami sayllari doirasida Sherobod tumanidagi "Sport arena"...

Bayramga bayramona tuhfalar

Navroʻz qalblarga ezgulik, quvonch ulashib keladi. Ayni ayyom arafasida...
KunTun
KunTun