Har bir soha, tizimda o‘zgarishlar, yangilanishlar kuzatilmoqda. O‘z navbatida amaliyotga yuz tutayotgan islohotlar rahbarlar diqqat markazida, e’tiboridan chetda emas. Aks holda sustkashlik, qaysidir sohada orqada qolish kuzatilishi hech gap emas. Inson qadri ulug‘lanayotgan, manfaatlari ustun qo‘yilayotgan jamiyat qurish uchun esa to‘xtab qolish, sustkashlikka yo‘l qo‘yish, mas’uliyatsizlik qilishga hech birimizning haqimiz yo‘q. Prezidentimiz ham yurt tashvishi, aholi manfaatlarini ko‘zlab, boshlayotgan tashabbuslarida ham ayni shunday maqsadlar mujassam. Joriy yil 10 iyun kuni ham Prezidentimiz huzurida energiya resurslaridan samarali foydalanish hamda energetika sohasi obyektlari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qator topshiriqlar, jumladan, qishloq mahallalarida ham boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini tashkil etish vazifasi belgilab berilgan edi.
Ana shunday topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov viloyatimizning har bir hududidan tanlab olingan og‘ir toifadagi mahallalarda bo‘lib, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini tashkil etish, tumanlarda energiya tejamkorligi borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda turar joylar massivlarining qurilishi bilan tanishishni maqsad qildi. Tashrifning ilk manzili Termiz tumani bo‘ldi. Dastlab, tumanda barpo etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida turar joylar, ijtimoiy soha obyektlari qurilishi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘ini bunyod etish borasidagi ishlar ko‘zdan kechirildi.
Aytish kerakki, tumandagi “Yangiobod” mahallasi hududidan 6,74 gektarlik hududda “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish loyihasi amalga oshirish ishlari boshlanib, ayni paytda jarayon davom etayotir. Ushbu loyihaga asosan 18 ta 16 qavatli, jami 1980 xonadonli uy-joy, 1 ta 1320 o‘rinli umumta’lim maktabi, 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, 2 ta 1500 o‘rinli Termiz davlat Pedagogika universiteti o‘quv binosi qurilishi reja qilingan. Hozirda qurilish ishlari yakuniy bosqichda.
Aholiga yashash, o‘qish, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qatorida ularning madaniy xordiq chiqarishlari uchun yetarlicha sharoit yaratish maqsadida massivda umumiy maydoni 11,25 gektar yer maydonida “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etilayotir. Ushbu bog‘da 260 o‘rinli avtoturargoh, Humoqush stellasi, favvora, 3500 o‘rinli amfiteatr binosi va amfiteatr sahnasi, bolalar o‘yingohi, yengil turdagi sport maydonlari hamda 5,43 gektar maydonda yashil hududlar qurilishi esa ushbu bog‘ning ahamiyatini yanada oshirishi shubhasiz. Massivni ko‘zdan kechirish davomida hudud rahbarlari, soha mutasaddilari hamda pudratchilarning olib borilayotgan ishlari hamda oldingi tashriflarda ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan hisoboti tinglandi.
Date: