Yelkadosh

Date:

—Yur, salqinroq joyda o‘tiramiz.
—Temur aka, qornim ochdi.
Yigit bir lahza sukut saqladi, so‘ng ayolining do‘ppayib qolgan qorniga qarab:
—Non yeysanmi? —dedi
—Bir boshgina uzum ham oling, iloji bo‘lsa.
Temur bitta buxanka nonni ko‘tarib kelarkan uzoqdan uni ko‘rib hafsalasi pir bo‘lgan ayolining ko‘ziga qaramaslikka tirishdi.
—Uzum topolmadim.
Eri yolg‘on gapira olmaydi, ammo nima qilsin juvon ham bittagina yopgan non bilan uzum olib kelishiga umid qilgandi-da.
Qishlog‘ida uzumlar g‘arq pishgan hozir. Onasi har sahar tandirda non yopardi… Tamillaning buxanka yegisi kelmadi. Shundoq bo‘lsada eri ushatgan nondan bir bo‘lagini og‘ziga soldi.
—Issiqqina ekan… Birozdan so‘ng esa homiladorligida paydo bo‘lgan kasali-jig‘ildoni qaynay boshladi.
O‘sha kuni yo‘lkiraga puli qolmagan yosh oila uyga piyoda qaytdilar.
—Yurish —sog‘lig‘im uchun foydali, dedi ayol…
Yillar yillarni quvib o‘tdi. Ulg‘aydilar. Poytaxtga moslashib, yashab, singib ketdilar. Bu yillar hayot uchun kurash yillari bo‘ldi. Endi Temurning oshig‘i olchi. O‘zi ham salobatli odamga aylandi. Ayoli ham o‘qidi, izlandi. Hozir xususiy shifoxona egasi.
Temur mashinasiga o‘tirar ekan uzoqdan kelayotgan Suluvni ko‘rib, ko‘rmaslikka oldi. Tezroq jo‘nab qolish payiga tushdi. Bu qizning niyatini bilib yuribdi. O‘ziga befarq emasligini ham sezadi.
O‘tgan kuni farrosh ayol xonaning changlarini artgan bo‘lib gap boshlab qoldi.
—Temurjon, Suluv aytyapdi. Yaxshiroq yigitlar bo‘lsa, ikkinchi xotin bo‘lib ham erga tegardim deb. O‘rtoqlaringiz orasida shunaqalari yo‘qmi?
Yigit doim o‘ziga oro berib, atrofida girdikapalak bo‘lib yuradigan hisobchi ayolni bir lahza o‘ziniki deb tasavvur qilib, yuragi hapqirib ketdi.
—Bilmasam, opa, —dedi farrosh ayolga qaramay. Keyin o‘zini ishga sho‘ng‘igandek qilib ko‘rsatishga tirishdi.
Ertalab ayoli avval uni ishga kuzatadi, so‘ng o‘zi mashinasiga o‘tiradi. Bugun ham ikkisi nonushta qildilar. Ta’til bo‘lgani uchun bolalarni uyg‘otishni istamadilar.
—Uzum yeng, chillaki pishibdi, kecha bozordan olgandim, — dedi ayol non ushatarkan qop-qora uzum solingan likopchani xayol surib o‘tirgan erining oldiga surarkan, erkakning xayollari tumandek tarqab ketdi. Xotiralar olisga yetakladi. “Bir boshgina uzum ola keling…”
Ishxonasiga kelganida farrosh ayol unga yana Suluvni eslatdi.
—Opa, sizni tushundim, men ayolimni yaxshi ko‘raman. Og‘ir kunlarimda yelkadosh bo‘lgan, sadoqatli do‘stimga nisbatan bunday xiyonat qilolmayman. Iltimos, menga boshqa bu mavzuda og‘iz ochmang, — dedi. Farrosh ayol uniing sha’masini oson ilg‘ab, chiroyli rad etgan boshliqdan uyalib ketdi. Suluvga va’da bergandi. “Tuzoqqa tushmaydigan erkak bo‘larkanmi?!” -degandi. Dunyoda hali ham mard erkaklar bor ekan degan xulosaga keldi u.
Temur Suluvning ta’qibidan qutuldi. Erta o‘tib indiniga esa uni bosh buxgalter oldida qilpillayotganini ko‘rib yana ayolini va uning doim takrorlaydigan gaplarini esladi.
— Biz hali hammadan o‘tamiz, Temur aka, o‘ylamang, siqilmang, men yoningizdaman!

F.Salxodjayeva

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun