Jurnalist davlat va jamiyat o‘rtasida ko‘prikdir. Ayni soha xodimlarining mehnat-u harakatlari bilan barcha sohaga e’tibor qaratiladi, keng ommaga ma’lum qilinadi. Og‘riqlar, muammolar ochiqlanadi. Yutuqlar, muvaffaqiyatlar alqanadi. O‘zlari ko‘rinmas, ammo qalamlari kuchi ila kimligini, nimalarga qodir ko‘rsatib qo‘yadigan jurnalistlar aslida katta kuch. So‘z san’atkorlari so‘z gavharidan ajib marjon terishadiki, har bir gazetxon bu marjondan ma’nolari xazinasini uqadi.

Respublikamizda 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” sifatida keng nishonlanadi. Surxondaryo viloyatida ham sana munosabati bilan soha xodimlari, xususan, televideniye, radio, gazeta va bosma nashrlar jurnalistlari, blogerlar va axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida katta bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Termiz shahridagi muhtasham “Grand almaz” tantanalar saroyida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, soha xodimlarini bayram bilan tabrikladi. Sohada o‘zining fidoyiligi va faolligi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan jurnalist, bloger va axborot xizmati xodimlari viloyat hokimining faxriy yorliq va sovg‘alari bilan taqdirlandi. Quvonarlisi, ana shunday taqdirlanganlar orasida “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalarining jonkuyar xodimlari ham bor.
Viloyat hokimligi nashri bo‘lgan ushbu gazetalarni o‘zining tanqidiy-tahliliy ruhdagi materiallari bilan mazmunan boylitib kelayotgan qalami o‘tkir jurnalist Xolmuhammad Tog‘aymurodovning e’tirof etilgani biz jamoadoshlarini ham birday quvontirdi.

Tan olish kerak, gazetachilik mashaqqatli va zahmatli ish. Bu ishda dizaynerning xizmati katta. Har bir materialni joylashtirish, munosib surat tanlash, sarlavha, matn mushtarakligini ta’minlash dizaynerdan yuksak did, saviya va mehnat talab etadi. O‘zining ana shunday qobiliyatlarini ishga solib, “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalarini sifatli tarzda sahifalab, gazetxonlar qo‘liga yetkazishda dizayner Dildora Vohidovaning sa’y-harakatlarini tilga olmaslikning, e’tirof etmaslikning iloji yo‘q. Mehnati ila yuzi yorug‘ dizayner Dildora Vohidovaning mehnati munosib rag‘batlantirilib, viloyat hokimining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.

— Kasb bayramimiz men uchun unutilmas bo‘ldi, — deydi “Surxon tongi” va “Заря Сурхана” gazetalari sahifalovchi-dizayneri Dildora Vohidova. — Sababi, viloyat hokimining shaxsan qo‘llaridan faxriy olish baxtiga muyassar bo‘ldim. Shu lahzalarda angladimki, sidqidildan qilgan mehnatingiz yerda qolmas ekan, sizga bir olam quvonch, faxr va iftixor berib, o‘zingizga ishonchingizni oshirib, kelgusida yanada shijoat va kuch bilan ishlashingizga motivatsiya berar ekan.

Soha xodimlari tantanali taqdirlangandan so‘ng, bayram tadbiri to‘kin dasturxon atrofida, san’atkorlarning bayramona ruhdagi kuy-qo‘shiqlari bilan davom etdi.
S.Allayeva,
T.Aliqulov
(surat)