Ta’lim tizimi doimo uyg‘oqlikni, faollikni, tashabbuskorlikni va fidoyilikni talab etadi. Aks holda yoshlar taqdirida sustkashlikka yo‘l qo‘yish hech gap emas. Ayni jihatlarni hisobga olgan holda maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 1-yanvardan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy rivojlantirishning yangicha tartibi joriy etiladi.
Ya’ni maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini kasbiy ehtiyojlari va malaka toifasidan kelib chiqib tabaqalashgan ta’lim dasturlari asosida uzluksiz kasbiy rivojlantirishning vertikal tizimi (vazirlik – malaka oshirish muassasasi – ta’lim tashkiloti) yo‘lga qo‘yiladi. Tizim xodimlari uchun 5 yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda o‘tkaziladigan malaka oshirish kurslari joriy qilinadi.
2025-yil 1-yanvardan esa pedagog va mutaxassis kadrlar kasbiy rivojlanishining uzluksizligini ta’minlash maqsadida barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida malaka oshirishning Kasbiy rivojlanish soati, tayanch umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida esa, shuningdek, Kasbiy rivojlanish kuni kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Shuningdek, 2024-yil 1-iyuldan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarining xorijda malaka oshirish kurslarida o‘qigani yoki stajirovkadan o‘tgani haqidagi hujjatlari (diplom, sertifikat, guvohnoma va boshqalar) milliy uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimida malaka oshirganlik to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
Yangi yilda Institut va Hududiy markazlarga kamida bir nafardan nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarini bitirgan chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi.
Ta’limda yangicha tizim
Date: