Viloyatning imkoniyatlari keng, zotan, chegaradosh hudud markaziy bozor vazifasini o‘tashi mumkin. Vohaning uch tomonini boshqa davlatlar egallab turgach, iqtisodiy jihatdan potensial oshishi tabiiy. Lekin bu jihatga yillar davomida e’tibor berilmadi. Uzoq yillar faqatgina sanoati past, ishlab chiqarish deyarli haminqadar, faqatgina agrar sohasi taraqqiy etayotgan viloyat edi. Bugun kelishuvlar soni oshgan, iqtisodiy barqarorlik kuzatilmoqda. Mamlakatimizning janubdagi darvozasi – Surxondaryo viloyatida Rossiya ishbilarmonlari ishtirokida yuzga yaqin xorijiy va qo‘shma korxona faoliyat yuritayotgani yoki so‘nggi yillarda Rossiya davlati ishbilarmonlari ishtirokida qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
Masalan, Angor tumanida Rossiyaning “Breyn Invest” kompaniyasi “Tanovar Surxon” mas’uliyati cheklangan jamiyati negizida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda saqlash loyihasini amalga oshirib, 5 million dollarga teng investitsiya jalb etildi. Uzun tumanidagi “Kapital Golden” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xususiy korxonada rossiyalik investorlar barpo etgan zamonaviy pishiq g‘isht ishlab chiqarish loyihasiga 2 million AQSH dollari sarmoya kiritilib, o‘n kishining bandligi ta’minlangan edi. Shuningdek, tumanda amalga oshirilayotgan yirik hajmdagi bunyodkorlik inshootlarini sifatli va arzon qurilish materiali bilan ta’minlash samaradorligi oshdi.
Keyingi yillarda yaqin qo‘shni mamlakatlar va jahonning yetakchi davlatlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini istiqbolli yo‘lga qo‘yish yuzasidan olib borilgan muloqotlarning amaldagi ifodasidir.
Rossiya Federatsiyasining qator viloyatlari bilan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgani sabab Novosibirsk, Krasnoyarsk, Irkutsk hududlari yildan yilga viloyat ishbilarmonlarining eng yaqin hamkoriga aylanib borayotir. Bu borada amalga oshirayotgan ishlar viloyatimiz va Rossiyaning bir qator mintaqalari o‘rtasida hududlararo ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, investitsion loyihalarni amalga oshirish, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishilgan loyihalarda ham o‘z aksini topayotir. Ta’kidlash joizki, viloyat korxonalari tomonidan 24 ta davlatga eksport amalga oshirilib, uning 90 foizi 6 ta davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu borada Rossiya Federatsiyasining hissasi 26 foiz. Demakki, asosiy hamkorlarimizdan. Shu bois, Novosibirsk bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, yangi istiqbolli loyihalarga kelishib, investitsiyalarni jalb qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotir. Janubning quyosh nuriga to‘yingan sarxil meva-sabzavotlariga bu hududda talab yuqori. Voha delegtasiyasining har safargi tashrifi yangi loyihalar uchun asos bo‘layotir. Shuningdek, teng sheriklikka asoslangan biznes loyihalarini amalga oshirish, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichda jadal rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar doirasida qator manfaatli savdo va investitsiya kelishuvlariga erishilayotganligi aloqalar mustahkamlanayotganligidan dalolat. Novosibirsk shahri bilan aloqalarimiz nafaqat iqtisodiy sohalarga tayangan, balki ijtimoiy sohalarda ham tajriba almashish borasida kelishuvlarga erishganimizni Novosibirskdagi tibbiyot markazining eng malakali shifokorlari viloyatimizga kelib, mutaxassislarimiz bilan yuzlab bemorda ilk marta yurak qon-tomir stendlash, o‘tkir koronar sindromli bemorlarni stendlash, yurak tug‘ma parogini invaziv usulda jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazganida ham ko‘rish mumkin.
Qisqa muddatlik hamkorlik natijasida ikki tomon vakillarining ham ishonchi oqlandi deyish mumkin. Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo va Novosibirsk o‘rtasida hududlararo hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov bilan videokonfrensaloqa shaklida onlayn muloqot o‘tkazdi. Unda ikki viloyat hududlari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida hududlar ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, yetkazib berish, tog‘-kon, yengil sanoat, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi o‘ndan ortiq yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari mavjudligi ta’kidlandi.
Muloqot yakunida mutasaddi vakillar va malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda qo‘shma dastur va yo‘l xaritalarini ishlab chiqish hamda yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.