Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning tuman, shahar bo‘lim inspektorlari tomonidan kadastr sohasiga oid qonun, farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash, tizimda olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, yerlarning hisobini yuritish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyatda yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona va samarali foydalanishni targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shunga qaramasdan, viloyatda yerdan noqonuniy foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari aniqlanmoqda. Jumladan, boshqarma hamda tuman va shahar bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida 1150 holatda 275,19 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, ularning ma’lum qismiga noqonuniy qurilmalar qurilgani holati aniqlandi.
Tahlillarga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonining 232,53 gektari qishloq xo‘jaligiga, 16,91 gektari aholi punktlariga, 14,02 gektari suv fondi, 3,91 gektari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa yerlar, 0.22 gektati tarixiy-madaniy ahamiyatga molik obyektlarga hamda o‘rmon fondi yerlari 4,39 gektar qolgan qismi esa boshqa turdagi yerlarga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Qonun buzilish holatlari o‘rganilganda 715 tasi uy-joy qurish, 239 tasi noturar qurilishlar qilish, 3 tasi noqonuniy baliq hovuz qurish, 193 tasi esa boshqa maqsadlarda yerlardan noqonuniy foydalanib kelgan. Yerga oid aniqlangan 1150 qonun buzilish holati bo‘yicha uni sodir etgan shaxslarga qonun buzilish holatini ixtiyoriy bartaraf etish yuzasidan ogohlantirish xatlari, ko‘rsatmalar yuborildi. Ko‘rilgan choralar, tushuntirish ishlari natijasida 639 noqonuniy holat bartaraf etildi.
Olib borilgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari va qonun buzilish holatlarini ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha berilgan muddatlar ichida qonun buzilish holatlarini bartaraf etmaganlar uchun noqonuniy qurib olingan qurilmalarni majburiy tartibda buzdirish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlariga da’vo arizalar kiritildi. Bundan tashqari, yerdan foydalanish bo‘yicha aniqlangan 27 noqonuniy holatda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli belgilangan tartiblar Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga huquqiy baho berish uchun tegishli tartibda hujjatlar taqdim etildi.
Shuningdek, o‘rganishlar davomida misol tariqasida Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi Boysun tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan tumanning “Kofrun” mahallasida yashovchi fuqaro tomonidan “Boysun qo‘ng‘irot chorvasi” MCHJga tegishli bo‘lgan yer maydonidan hech qanday huquqiy hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan 0,09 gektar yer maydonini egallab olib, 140 kv.metrdan iborat uy-joy uchun poydevor (fundament) qurib olganligi holati aniqlandi.
Ushbu holat yuzasidan Boysun tuman bo‘limi inspektorlar tomonidan fuqaroning noqonuniy qurilmasiga nisbatan MJTKodeksning 60-modda, 3-qismi bilan ma’muriy jarima qarori qabul qilinib, bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan. Bundan tashqari, Kadastr agentligi Sho‘rchi tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan tumanning “Baxshtepa” MFY hududida nazorati tadbirlari o‘tkazilganda fuqaro tomonidan ichki ko‘chaning muhofaza hududidan o‘zboshimchalik bilan 0,003 gektar yer maydonini egallab olib, 17.30 kv.metrdan iborat oshxona binosi qurib olganligi aniqlandi. Holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda fuqaroning noqonuniy qurilishlariga nisbatan MJT Kodeksning 60-modda, 3-qismi bilan ma’muriy jarima qarori qabul qilinib, bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatma berilgan. Shundan so‘ng, fuqaro o‘z ixtiyori bilan noqonuniy qurilishmani bartaraf etib, yer maydoni o‘z holatiga qaytarilishi ta’minlandi.
Shu o‘rinda eslatma! Yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish, noqonuniy qurilmalar qurib olish ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi, tuman, shahar bo‘lim inspektorlari tomonidan yerdan foydalanish bo‘yicha o‘rganishlar ishlari davom etmoqda….
Menglimamat Abdiraxmanov,
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i